Kutubxonada kitobxon onalar kuni
2022-yil 17-dekabr kuni O‘zbekiston Milliy kutubxonasida O'zbekiston Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi, xususan Bosh vazir o'rinbosari Zulayho Mahkamovaning har oyning 17-sanasida kutubxonada “Kitobxon onalar kuni”ni o‘tkazish tashabbusiga binoan ma'rifiy tadbir o'tkazildi. Tadbirda uy bekalari, mahallarning faol xotin-qizlari, buvijonlar, maktab o‘quvchilari ishtirok etdilar.
Tadbirdan ko'zlangan maqsad xotin-qizlar, ayniqsa uy bekalari orasida kitobxonlikni targ'ib qilish, kitobxon onalar sonini ko'paytirish orqali farzandlar tarbiyasini, maʻnaviyatini, madaniyatini oshirish hamda yoshlar o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini shakllantirishga xizmat qilishdir.
Ma'rifiy tadbir Toshkent shahri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, barcha viloyat va tuman AKMlarida ZOOM platformasi orqali tashkil etildi.
Tadbirni O'zbekiston Milliy kutubxonasi direktori Umida Teshabayeva va Oila va xotin-qizlar davlat qo'mitasi raisining o'rinbosari Raʻno Turdiboyevalar ochib berishdi.
Tadbir davomida Respublika bo'yicha 180 dan ortiq mutolaa qilingan kitoblar haqidagi ma'lumotlar taqdimoti o'tkazildi. O‘z qiziqishlaridan kelib chiqib mutolaa qilgan asarini chiroyli tarzda taqdimotini o‘tkazgan har bir ishtirokchi Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi hamda O‘zbekiston Milliy kutubxonasi rahbariyati tomonidan tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.









