Kun.uz sayti orqali e’lon qilingan o‘qituvchilarni majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish masalasi bo‘yicha Moliya vazirligining munosabati

Kun.uz sayti orqali e’lon qilingan o‘qituvchilarni majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish masalasi bo‘yicha Moliya vazirligining munosabati

MoliyaPress

O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 214-moddasida:

mehnat sharoiti noqulay ishlar va bajarilayotganida dastlabki tarzda va vaqti-vaqti bilan tibbiy ko‘rikdan o‘tilishi lozim bo‘lgan boshqa ishlarning ro‘yxati va ularni o‘tkazish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanishi;

tibbiy ko‘riklardan o‘tilishi munosabati bilan xodimlar chiqimdor bo‘lmasligi aytib o‘tilgan.

O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonunining 46-moddasida majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘z vaqtida o‘tish - pedagog xodimlarning majburiyatlaridan biri etib belgilangan bo‘lib, ushbu Qonunning 45-moddasiga asosan pedagog xodimlarga davlat sog‘liqni saqlash muassasalarida bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tish (davlat ta’lim muassasalari va tashkilotlari uchun) huquqi berilgan.

O‘z navbatida, Adliya vazirligidan 2012-yil 29-avgustda 2387-son bilan ro‘yxatga olingan “Xodimlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomda umumta’lim maktablarining pedagog xodimlari majburiy tibbiy ko‘rikdan bir yilda bir marta o‘tkazilishi belgilangan bo‘lib, bunda tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish pullik asosda amalga oshirilishi nazarda tutilmagan.

Shuni alohida ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1998-yil 10-noyabrdagi PF-2107-sonli “O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilish davlat dasturi to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq, ambulator poliklinika muassasalari (shu jumladan qishloq vrachlik punktlari) faoliyati to‘liq ravishda budjetdan moliyalashtirilishi va o‘ziga biriktirilgan hududda yashovchi aholiga bepul tibbiy xizmat ko‘rsatishi belgilangan.

Shuningdek, tibbiy ko‘rikni amalga oshiruvchi birlamchi tibbiy sanitariya davlat tibbiyot muassasalarining ta’minoti budjet mablag‘lari hisobidan amalga oshirilishini hamda ushbu muassasalardagi tibbiyot xodimlari tomonidan tibbiy ko‘rikni asosiy ish vaqti davomida o‘tkazilishini inobatga olib, davlat ta’lim muassasalarida ishlovchi pedagoglardan tibbiy ko‘rik uchun pul talab qilishi maqsadga muvofiq emasligini bildiramiz.

Huddi shu asnoda Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 13-maydagi 391-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Umumiy tipdagi davlat va nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari to‘g‘risida”gi nizomga asosan majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tishi lozim bo‘lgan maktabgacha ta’lim muassasalari xodimlari davlat tibbiyot muassasalarida bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tib kelmoqdalar.

Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining

2021-yil 25-maydagi “Sog‘liqni saqlash sohasini kompleks rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan birlamchi tibbiy-sanitariya muassasalarini dori va tibbiy buyumlar bilan ta’minlashni yanada yaxshilash uchun 2021-yil yakuniga qadar Davlat budjetidan qo‘shimcha 165 milliard so‘m mablag‘lar ajratilishi belgilangan bo‘lib, birlamchi tibbiy sanitariya muassasalari tibbiy ko‘riklar o‘tkazish uchun zarur bo‘ladigan reagent va tibbiy buyumlarni harid qilishda mazkur mablag‘lardan ham foydalanishlari mumkin.

Report Page