"Kundalik" haqida tez-tez soʻraladigan savollar
@edurtm_uzYangi oʻquv yilidan boshlab Oʻzbekistondagi 1200 maktab qogʻozli jurnal va kundaliklarsiz ishlay boshlaydi. Demakki, ota-onalarning ijtimoiy tarmoqlarda oʻrtoqlashadigan koʻplab savollari bor. Ushbu maqola eng koʻp berilayotgan savollarning javoblarini oʻz ichiga oladi.
Nima uchun elektron kundalik pullik boʻldi?
Foydalanuvchilar uchun yillik obuna narxi Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan loyihani qoʻllab-quvvatlash va uni rivojlantirish asosida belgilandi, chunki "Kundalik" tizimi davlat tomonidan moliyalashtirilmaydi.
"Kundalik"ka obuna bo`lish narxi qancha?
Elektron kundalikka obuna boʻlish yiliga 10 ming soʻm. Bu pulga oʻquvchi, ota-onalar va bolaning maktab hayotini kuzatishni istagan boshqa qarindoshlar Kundalik ka kirish huquqiga ega boʻlishadi.
Elektron jurnal uchun oʻqituvchilar ham pul toʻlashi kerakmi?
Oʻqituvchilar uchun elektron jurnal bepul taqdim etiladi.
Bitta qogʻozli kundalik koʻpincha oʻquvchilar uchun bir yil davomida yetarli boʻlmaydi, elektron kundalik bu muammoni hal qiladi. Qogʻoz kundalik narxiga teng miqdorda pul toʻlab, oʻquvchi va oila aʼzolari unga kirish huquqiga ega boʻlishadi. Endi bolalar baholarini yashira olishmaydi, oʻchirib tashlab, tuzata olishmaydi. Kundalik qoʻshimcha foydali funksiyalarni, jumladan agar kerak boʻlsa masofadan turib foydali onlayn materiallarga kirish va oʻrganish imkoniyatini taqdim etadi.
Tadqiqot natijalariga koʻra, bolalar elektron jurnal yordamida hatto karantin paytida ham muvaffaqiyatli oʻqishdi, uy vazifalari va sinf ishlarini bajarishda koʻproq motivatsiya va mustaqillikni koʻrsatdilar. Kundalik oʻquvchilarning faolligi va davomat darajasining oshishiga hissa qoʻshadi, bolalar oʻquv jarayonida faolroq qatnashadilar.
Mamlakatimizda taʼlim bepul. Agar biz soliqlarni toʻlayotgan boʻlsak, nima uchun elektron kundalik uchun pul toʻlashimiz kerak?
“Taʼlim toʻgʻrisida” gi qonunga binoan, har bir kishiga Oʻzbekiston Respublikasi hududida bepul oʻrta va maxsus taʼlim olish huquqlari teng kafolatlanadi. Qonunda voyaga yetmagan bolalarning ota-onalari yoki vasiylari bolaning qonuniy huquqlari va manfaatlarini himoya qilishga majburligi, ularning tarbiyasi, maktab, umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi olishlari uchun javobgarligi koʻrsatilgan. Bu shuni anglatadiki, bolalarni oʻrganishi uchun zarur boʻlgan barcha narsalar bilan taʼminlash ota-onalarga bogʻliq. Kundalik va boshqa oʻquv qurollari maktab tomonidan bepul berilmaydi; ota-onalar har doim oʻz farzandlari uchun zarur boʻlgan barcha narsalarni oʻzlari sotib olishgan.
Farzandlari maktabda oʻqiydigan oʻqituvchilar ham elektron kundalik sotib olishlari kerakmi?
Har qanday oʻquvchi maktabga ota-onasi maktab xodimi boʻlishidan qatʼi nazar, kundaligi bilan keladi. Shuning uchun, agar tizimdagi xodim ham oʻqituvchi, ham ota-ona rolini bajaradigan boʻlsa, u holda oʻqituvchining funksionalligi oʻqituvchining roli doirasida unga bepul taqdim etiladi. Ota-ona akkaunti funksiyalari elektron kundalikni sotib olgandan soʻng taqdim etiladi.
Elektron kundalikka kirish uchun qanday toʻlov qilish kerak?
1-sentyabrdan boshlab tizim oʻquvchilarning ota-onalarini 30 kunlik sinov muddatini faollashtirishga undaydi. Ushbu muddat tugagandan soʻng Click yoki Uzcard toʻlov kartasi yordamida foydalanuvchining shaxsiy kabinetiga obuna boʻlish mumkin boʻladi.
Ushbu tizim Oʻzbekistonda nima uchun kerak?
Elektron kundalik yordamida ota-onalar uydan chiqmasdan va ishdan chalgʻimasdan onlayn ravishda bolalarning darslari, uy vazifalari va darslarga borishini nazorat qilishlari mumkin. Ushbu raqamli vosita maktabdagi barcha muhim yangiliklar, masalan, jadvaldagi oʻzgarishlar yoki biron tadbirga qanday kiyinish kerakligi toʻgʻrisida bilib olishga imkon beradi. Agar siz oʻqituvchi yoki boshqa ota-onalar bilan muammoni muhokama qilishingiz kerak boʻlsa, bu tizim ichida ham tez va oson bajarilishi mumkin.
Elektron kundalik sababli bolalar darsda faol boʻlishi, oʻz isteʼdodi va imkoniyatlarini namoyish etishi, orqa partada jim oʻtirmaslik uchun koʻproq motivatsiyaga ega. Shu bilan birga, oʻqituvchi toʻgʻridan-toʻgʻri dars davomida ota-onasiga izoh yozishi, maqtashi yoki aksincha, nooʻrin xatti-harakatlariga eʼtibor qaratishi mumkin. Shuningdek, platforma oʻqituvchilarga keraksiz qogʻoz hujjatlarni toʻldirishda vaqtni sarflamaslikka va oʻquv jarayoniga koʻproq vaqt ajratishga, dars berishda ijodiy munosabatda boʻlishga yordam beradi.
Platforma bilan ishlash uchun siz Internetga ulangan kompyuter, noutbuk, planshet, mobil telefon kabi har qanday qurilmadan foydalanishingiz mumkin: kundalik.com veb-sayti TAS-IX zonasida joylashgan boʻlib, Internet-trafik, shu jumladan uyali aloqa operatorlari orqali platforma bilan ishlashda sarflanmaydi.