Kulrang oʻqituvchilar
Format
Maktabga yangi kelgan pedagog bir necha oyni, nari borsa butun oʻquv yilini energiyaga toʻlib oʻtkazadi. Boshqa oʻqituvchilarda yoʻq metodlardan foydalanadi, oʻquvchilarni ilhomlantiradi va ularning sevimli ustoziga aylanadi. Lekin bir muddatdan soʻng xabar olsangiz, u ham “kulrang oʻqituvchilar” safida boʻladi.
Kulrang oʻqituvchilar kimlar?
Ular odatda oʻqitishga ishtiyoqi soʻngan, ishga majbur keladigan va oʻrgangan bilimlari ancha oldin eskirgan oʻqituvchilardir. (Tan oling sizning maktabingizda ham bunaqasi topiladi.)
Allaqachon tushunganingizdek hozir bunday ustozlarni yaxshi tarafga oʻzgartirish uchun tavsiyalar bermoqchimiz.
Quruq motivatsiya bilan ish bitmaydi, intizomni imtihon qilish kerak.
Ustozlar yoki umuman har qanday inson oʻz ustida ishlashda davom etishi uchun ularni nimadir shunga undashi kerak. Shuning uchun ishni oʻqituvchiga yuklatilishi lozim boʻlgan mas’uliyatdan boshlasak. Bu shunday masʼuliyat boʻlishi kerakki, oʻqituvchi ishga joylashgandan soʻng ham yana ilm olishda va fandagi yangi topilmalarni oʻrganishda davom etsin.
Aksariyat maktablar ustozlarni koʻproq mehnat qilishga undash uchun ularning statusini oshirishadi, bonus haq toʻlashadi yoki shunchaki soʻz bilan ilhomlantirishadi. Lekin buni sizga tavsiya qilmaymiz. Chunki bu yoʻlning umri qisqa, ta’sir doirasi tor boʻlishi mumkin. Bunday holatda ustozlar ularga koʻrsatilgan hurmat-eʼtiborni oqlash yoki yanada koʻprogʻiga intilish uchun oʻz ustlarida ishlashadi. Lekin motivatsiya tez tugaydi va buyogʻiga intizom rol oʻynaydi. Shunday ekan pedagoglarni ichki sinovdan oʻtkazish kerak, albatta ortiqcha qiyinchilik yuklamasdan.

Bu kabi ichki sinovlar ma’lum muddat orasida oʻqituvchilarning fanga doir bilimlarini sinash uchun oʻtkazib turilishi lozim. Shunda ular emotsional qiyinchiliklar, ishtiyoq susayishini unutib, karyeralariga real qarab, muntazam oʻrganib boradilar. Masalan, oʻquvchilarning quloqsizligi yoki uzoq mehnat yuklamasidan zerikkan xodimlar fanga, undagi yangiliklarga layoqatsizlik koʻrsatishlari va bilimlari eskirishi mumkin. Biroq oldinda kutib turgan test ularni hushyorlik va oʻz ustida ishlashga chaqiradi. Ular oʻz fanlariga oid yangi maqolalarni oʻqishlari va ilmiy konferensiyalarda qatnashishlari mumkin.
Undan tashqari, bunday testlar oʻqituvchilar orasida raqobat shakllantiradi. Bu borada e’tibor qilinishi kerak boʻlgan muhim jihat bu — yuqorida aytganimizdek me’yorni saqlash. Imtihon muddatlari pedagoglar dars soatlari va shaxsiy rivojlanish uchun ajrata oladigan vaqtga qarab belgilanishi lozim. Aks holda, bu teskarisiga ishlashi mumkin.
— Oʻqituvchilarning dars beradigan faniga oid bilimiga gap boʻlishi mumkin emas. Lekin shunday kuchli ustozlar dars bera olmaydi, bolalarni qiziqtira olmaydi. Bunisiga nima deysiz?
Ustoz boʻlish uchun bilimli boʻlishning oʻzi yetarli emas!
Demak, texnik bilimlarning yangilanishidan asosiy pedagogikaga koʻchamiz.
Shunchaki bilimli insonning ustozdan farqi – ustoz qiziqtira oladi. Bugungi kun bolalarini nimagadir qiziqtirish esa mashaqqat talab qiladi. Shuning uchun oʻqituvchilardagi kreativlikni oshirish lozim.
— Xoʻsh, qanday qilib?

Kreativlikni boʻgʻilgan atmosferada oshirish qiyin. Yangi gʻoyalar shakllantirilishi uchun yangi tajriba va emotsional disbalans lozim.
Tajriba orttirish uchun oʻqituvchilarni yaxshi natija koʻrsatayotgan boshqa maktablarga ish oʻrganish maqsadida yuborish mumkin. Ustozlar turli maktablardagi turli hamkasblarining darslarda qoʻllaydigan uslublarini koʻrishadi. Malaka oshirish uchun xorijiy taʼlim muassasalariga borish bundan-da samaraliroqdir. Aksariyat hollarda boshqa mintaqa dars oʻtish metodlari tubdan farq qiladi va oʻz navbatida bu bizning ustozlar metodikasida yangi yoʻllarni ochadi.
Emotsianal disbalansga keladigan boʻlsak, bu ijobiy maʼnoda hissiy tarqoqlikni hosil qilish. Yaʼni doimiy bir xil jarayonni boshidan oʻtkazadigan ustozlar qobiq bilan oʻralib qoladi. Bu qobiqdan chiqish uchun jamoaviy sayohatlar uyushtirish, sanʼat haftaliklarini oʻtkazish yoki yangi mashgʻulotlarni sinab koʻrish mumkin. Masalan, oʻqituvchilarni birgalikda marafonda qatnashishga ilhomlantiring. Bu ulardan kuch va sabr talab qiladi. Jarayonda qaysidir tolib qolgan hamkasblarini ruhlantirishga toʻgʻri keladi, jismonan yugurishga tayyor emas ustozlar jamoadoshlari uchun marafon yoʻli davomida suv ulashishlari yoki bannerlar bilan qoʻllab-quvvatlashlari mumkin. Musobaqa soʻngida magʻlubiyat va muvaffaqiyatga erishishning ahamiyati yoʻq. Biroq bu kabi xilma-xil taassurotlarga ega oʻqituvchilarning ongida sezilarli oʻzgarish boʻladi va fikrlash doirasi kengayadi. Keng fikrli ustozlarning darslari ham qiziqarli oʻta boshlaydi.
Kreativlikdan tashqari maqsadga toʻgʻridan-toʻgʻri eltuvchi yoʻllar ham mavjud. Buning uchun maktab xodimlariga tajriba almashinish maydoni hozirlang.

Boshqa maktablar oʻqituvchilari yoki soha ekspertlari bilan vorkshoplar* tashkil qilinishi tajriba almashinishini osonlashtiradi. Turli pedagoglar koʻplab tajribalar orqali muvaffaqiyatli deb hisoblaydigan uslublarni boʻlishishadi. Kimlardir vizual, yana kimlardir interaktiv metodlarning eng samarali koʻrinishlarini ochiqlab beradi. Bunda barcha oʻqituvchilar manfaat topib, xatolarini toʻgʻrilashlari va oʻz metodlarini optimallashtirishlari mumkin. Qoʻshimchasiga, hamkasblar zamonaviy bolalar bilim olishidagi negativ tendensiyalarni birga muhokama qilib, yechim topa oladilar.
*Vorkshop — qatnashchilarning maʼlum mavzu yoki loyiha doirasida suhbatlashishi, bahslashishi va fikr almashinishi uchun tashkil qilinadigan uchrashuv.
— Boʻldimi, maktab yuqoridagilarning hammasini yaratib bersa, shu “kulrang oʻqituvchilar”da oʻzgarish koʻramizmi?
Maktab ishchisi yoki USTOZ?
Deyarli ha! Lekin bir muhim jihat bor. Oʻqituvchilarni shunchaki maktabning ishchilari emas, uning aksionerlari sifatida koʻra boshlash lozim. Bunday dunyoqarash ustozlarni direktor uchun ishlash oʻrniga oʻquvchilar zehnini oshirish uchun ishlashiga sababchi boʻladi.
Oʻqituvchilar mustaqil qaror qabul qila oluvchi professionallar boʻlishi lozim. Ular buyruq asosida emas, kasbiy burch asosida faoliyat yuritishlari kerak.

Demak, ustozlar — maktabning teng huquqli aʼzosi. Oʻquvchilarning natijalari pedagoglar erkinligiga bogʻliq. Taʼlim sifati oshishi uchun ustozlarga kengroq maydon hozirlash lozim. Qarabsizki, “kulrang oʻqituvchilar”ning oq-qora darslarida rang paydo boʻladi va kasbiga muhabbat uygʻonadi.
Agar postda xato topsangiz @Format_Admin Telegram akkauntiga yozing.
Telegram kanalimizga qoʻshiling > bosing