Kuchli taʼsir qiluvchi hamda qalbaki dori vositalarining muomalaga kiritilishining oldi olindi
UzpharmcontrolBosh prokuratura huzuridagi Departamentning Toyloq tuman bo‘limi tomonidan DXX xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda “G.F.” MCHJ dorixonasi mudiri J.Q. fuqaro Z.T.ga 120 dona “Zardeks” nomli kuchli taʼsir qiluvchi dori vositasini sotgan vaqtida ushlanib, ushbu dorixonadan 9 xil turdagi 671 dona kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari ashyoviy dalil sifatida olingan.
Shu kabi, Departamentning Jizzax shahar bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda “V.-F.” MCHJ dorixonasi rahbari B.R. va sotuvchisi S.G‘. fuqaro M.X.ga tegishli hujjatlari bo‘lmagan 10 dona “Immunoglobulin cheloveka antistafilokokkoviy” nomli qalbaki dori vositasini sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Xuddi shunday, Departamentning Yangihayot tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda “V.-f.” MCHJ dorixonasi rahbari S.A. va sotuvchisi J.I. tegishli hujjatlari bo‘lmagan 10 dona “Immunoglobulin cheloveka antistafilokokkoviy” nomli qalbaki dori vositasini O.A.ga sotgan vaqtlarida ushlanib, ushbu dorixonadan jami 28 dona qalbaki dori vositalari ashyoviy dalil sifatida olingan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 251-1-moddasi (kuchli taʼsir qiluvchi yoki zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish) va 186-3-moddasi (sifatsiz yoki qalbakilashtirilgan dori vositalarini yoxud tibbiy buyumlarni o‘tkazish maqsadida ishlab chiqarish, tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki o‘tkazish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi matbuot xizmati
Telegram | Facebook | Instagram | Youtube