Korrupsiyaga qarshi yuksak maʼnaviyat orqali kurashamiz! 

Korrupsiyaga qarshi yuksak maʼnaviyat orqali kurashamiz! 


Bugun Kadastr agentligi va Davlat kadastrlari palatasining Namangan shahri hamda ularning tarkibiga kiruvchi Davlatobod va Yangi Namangan tumanlari bo‘lim va filiallari xodimlari bilan sohada korrupsiyani oldini olish va unga qarshi kurashishga yo‘naltirilgan maʼnaviy-maʼrifiy tadbiri o‘tkazildi. Unda Kadastr agentligi va Davlat kadastrlari palatasi viloyat boshqarmalarining korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha bosh mutaxassislari M.Nurmatov va A.Obidovlar, shuningdek bo‘limlar va filial rahbarlari, kadastr muhandislari, topograflar, inspektorlar ishtirok etdilar.

Yig‘ilishga raislik qiluvchi M.Nurmatov o‘z so‘zida bo‘limlar va filiallarda xodimlar o‘rtasida korrupsiya illatiga yo‘l qo‘ymaslik, xodimlarning odob-axloq qoidalari hamda xizmat madaniyati va ijro intizomiga qatʼiy rioya qilishlari, shu kunlarda huquqni muhofaza qilish idoralari tomonidan korxona va tashkilotlarda "Sirli mijoz" tadbirlari o‘tkazilayotganligi sababli barcha xodimlar hushyor bo‘lishlari, ichki muhitni sog‘lomlashtirish kabi masalalarga ahamiyatni kuchaytirish lozimligi haqida gapirdi.

Bugungi yig‘ilishdan ko‘zlangan asosiy maqsad, soha xodimlarining siyosiy va huquqiy ongini oshirish, turli xil destruktiv oqimlar taʼsiriga tushib qolmaslik, korrupsiyaning har qanday ko‘rinishiga murosasiz bo‘lishga, bunday jirkanch illatga yo‘l qo‘ymaslikka chaqirishdan iborat ekanligi alohida urg‘ulandi. Shuningdek, bu yilgi qishki mavsumni talofatsiz o‘tkazishga, xususan nobop isitish vositalaridan foydalanmaslik, yong‘in xavfsizligi qoidalariga amal qilish, korxona mol mulkini ko‘z qorachig‘idek asrash masalalariga to‘xtalib o‘tdi.

Maʼruza yakunida yangi qabul qilingan "O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi O‘RQ-878-son qonun mazmun mohiyati bilan xodimlarni tanishtirdi. 

Tadbirda so‘zga chiqqan A.Obidov, qayerda ijro va mehnat intizomi qatʼiy yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsa, o‘sha yerda baraka va unum bo‘lishi, mehnat jamoasi o‘rtasida o‘zaro ishonch va hurmat bo‘lishi muqarrarligini taʼkidlab o‘tdi. Ishtirokchilarning diqqat eʼtiborni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hozirda qonuniy kuchga kirgan bir qator qarorlarini o‘rganishga jiddiy eʼtibor qaratilishi lozimligini uqtirdi.

Profilaktik tadbir samimiy, ishchanlik va o‘zaro hurmat ruhida o‘tdi.   Maqsadimiz esa, kadastr idoralarini korrupsiyadan xoli tizimga aylantirish va xalqimizni kadastr xizmatidan rozi qilishdir.


Matbuot xizmati

Report Page