Korporativ munosabatlarga kirishishda ortiqcha to‘siqlarni yaratuvchi qoida va majburiy talablar bekor qilinishi kutilmoqda: Prezident qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi

Korporativ munosabatlarga kirishishda ortiqcha to‘siqlarni yaratuvchi qoida va majburiy talablar bekor qilinishi kutilmoqda: Prezident qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi

@adliyangiliklari

Tadbirkorlar, xo‘jalik jamiyatlarining muassislari (aksiyadorlari) va boshqaruv xodimlari uchun muhim yangilik.

Adliya vazirligi tomonidan korporativ munosabatlarni yanada takomillashtirishga qaratilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasi ishlab chiqilib, jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi (https://regulation.gov.uz/oz/d/53324).

Loyiha bilan yuridik shaxslarni qayta tashkil etishda yuzaga keladigan muammolarni bartaraf etish, xo‘jalik jamiyatlari ishtirokchilari va ijro organi mas'uliyatini oshirish, ularning huquqlarini yanada kengaytirishga qaratilgan islohotlar nazarda tutilmoqda.

Xususan, loyiha bilan xo‘jalik jamiyatlarini ommaviy va ommaviy bo‘lmagan jamiyatlarga tasniflash taklif etilmoqda.

Bunda xo‘jalik jamiyatlari o‘z ustavlariga ommaviy jamiyat hisoblanishi to‘g‘risida o‘zgartirish kiritish orqali qayta ro‘yxatdan o‘tkazishda davlat boji to‘lashdan ozod etilishi taklif etilgan.

Shuningdek, korporativ munosabatlarga kirishishda ortiqcha to‘siqlarni yaratuvchi qoida va majburiy talablarni bekor qilinishi mumkin.

Bundan buyon:

• xo‘jalik jamiyatlarining ta'sis shartnomasi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmaydi;

• xo‘jalik jamiyatlarida taftish komissiyasi (taftishchi) majburiy bo‘lmaydi;

• aktivlarining balans qiymati 1 mlrd so‘mdan ko‘p bo‘lgan korxonalarda, shuningdek, aktivlarining balans qiymati bazaviy hisoblash miqdorining 100 ming karrasidan ko‘p bo‘lgan aksiyadorlik jamiyatlarida ichki audit xizmatlarini tashkil etish majburiy bo‘lmaydi;

• MChJ ijroiya organi vakolatlarini yuridik shaxsga (ishonchli boshqaruvchiga) berish bo‘yicha taqiq bekor bo‘ladi;

• yuridik shaxs hisoblangan xo‘jalik jamiyati ishtirokchilari

o‘z vakillari orqali umumiy yig‘ilishda ishtirok etish uchun ishonchnomani notarial tartibda tasdiqlashi shart bo‘lmaydi.

Korporativ munosabatlarni soddalashtirish, muassislar (aksiyadorlar) huquqlarini kafolatlash va yuridik shaxslarning faoliyatini tartibga solishga oid qonunchilik takomillashtiriladi.

Ya'ni:

• yuridik shaxslar qayta tashkil etilganda, ularning huquq va majburiyatlari, topshirish hujjatida bor-yo‘qligidan qat'i nazar, qayta tashkil qilingan yuridik shaxsga o‘tgan hisoblanadi;

• yuridik shaxsni qayta tashkil etish sud qarori bilan amalga oshmagan deb topilganda, yangidan vujudga kelgan yuridik shaxs bilan tuzilgan bitimlar haqiqiy, yuridik shaxs esa faoliyat yuritgan deb hisoblanadi;

• xo‘jalik jamiyatlari o‘zlarida saqlayotgan hujjatlar va (yoki) ularning nusxalarini ishtirokchilarning (aksiyadorlarning) so‘roviga muvofiq taqdim qilishlari shart bo‘ladi;

• ishtirokchilar (aksiyadorlar) umumiy yig‘ilishiga bitimni yirik bitim deb topish bo‘yicha qo‘shimcha mezonlarni belgilash huquqi beriladi;

• ishtirokchilar (aksiyadorlar) boshqa ishtirokchilar (aksiyadorlar) bilan o‘z huquqlarini muayyan tarzda amalga oshirish yoki ulardan voz kechish va boshqa harakatlarni kelishib amalga oshirish to‘g‘risida korporativ shartnoma tuzishga haqli bo‘ladi;

• davlat unitar korxonalarini va mulkchilik shakllaridan qat'iy nazar barcha xo‘jalik yurituvchi sub'ektlar tomonidan unitar korxonalarni tashkil etishni taqiqlanadi.

Yuridik shaxslarga respublikada konsorsium shartnomasiga muvofiq vaqtinchalik birlashmalar tuzish huquqi berilmoqda. Xususan:

• konsorsium shartnomasi faqat tijoratchi tashkilot bo‘lgan yuridik shaxslar o‘rtasida aniq bir xo‘jalik vazifalarini bajarish va ishtirokchilar faoliyatini muvofiqlashtirish uchun tuziladi;

• konsorsium shartnomasi tuzish va konsorsiumga yangi ishtirokchini qabul qilish faqat Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi hududiy bo‘linmalarining raqobat to‘g‘risidagi qonunchik talablariga rioya etilishi yuzasidan xulosasi olinganidan keyin amalga oshiriladi;

• konsorsium ishtirokchilari uning faoliyati bilan bog‘liq majburiyatlar bo‘yicha solidar javobgar bo‘lishi belgilanmoqda.


Report Page