Koreya kompaniyalari bilan issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirish sohasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi

Koreya kompaniyalari bilan issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirish sohasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi


Joriy yilning 10-mayida Iqtisodiyot va moliya vazirligida Koreya kompaniyalari bilan issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirish sohasidagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qilish yuzasidan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston tomonidan vazirlikning “Yashil” iqtisodiyotga o‘tish va rivojlantirishni muvofiqlashtirish boshqarmasi vakillari, Koreya iqlim oʻzgarishi institutidan bosh direktor Shin Yon Von va tadqiqotchi Li Geun Yon ishtirok etdi. “Korea Investment&Securities” kompaniyasidan boʻlim boshligʻi Xong Seung Hyon, loyiha menejeri Chang Xvan Yun, “Korea Western Power” vakillaridan jamoa rahbari Jung Tae Sun qatnashdi.

Uchrashuv boshida Koreya kompaniyalari vakillari O‘zbekistonda issiqxona gazlari emissiyasini qisqartirishga doir amalga oshirilayotgan va rejalashtirilgan loyihalar yuzasidan ma’lumot berib o‘tdi. Xususan, Qoraqalpog‘istonda qizilmiya chiqindilaridan kuniga 50 tonna biopellet ishlab chiqarish orqali energiya hosil qilish loyihasi amalga oshirilmoqda. Shuningdek, ushbu tajribani Samarqand va Farg‘ona viloyatlarida ham yo‘lga qo‘yish bo‘yicha izlanishlar olib borilayotgani ta’kidlandi.

Ma’lumot uchun: Qoraqalpog‘istonda, mamlakatning shimoli-g‘arbiy qismida joylashgan “Farmergy” zavodi kuniga 50 tonna biopellet ishlab chiqaradi. Kelajakda granulalarni ishlab chiqarish uchun qizilmiya ildizidan tashqari boshqa manbalardan ham foydalanish mumkin, masalan, kungaboqar.

Uchrashuv davomida tomonlar zamonaviy issiqlik nasoslarini ijtimoiy obyektlarda, xususan, kasalxonalar, issiqxonalar, ko‘p qavatli turar va noturar joylar binolarida o‘rnatish bo‘yicha yangi ishlab chiqilayotgan loyihani muhokama qildi. Ushbu loyiha O‘zbekistonda birinchi marta joriy etilishi rejalashtirilgan bo‘lib, dastlab Xorazm viloyati Urganch shahrida pilot loyihani amalga oshirish imkoniyatlari ko‘rib chiqilmoqda.

Bundan tashqari, O‘zbekistonda Koreyaning yashil texnologiyalarini ishlab chiqarilishini mahalliylashtirish imkoniyatlari o‘rganib chiqilishiga kelishib olindi. Koreya tomoni bu borada o‘zining ilg‘or texnologiyalari va tajribasini taqdim etishga tayyorligini bildirdi.

Uchrashuv yakunida, tomonlar o‘zaro manfaatli va istiqbolli hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha muzokaralarni davom ettirishga kelishib oldilar.


Iqtisodiyot va moliya vazirligi

Axborot xizmati


Report Page