Kontr schyotlar bo'yicha qo'shimcha o'tkazmalar berish tartibi

Kontr schyotlar bo'yicha qo'shimcha o'tkazmalar berish tartibi

uzasboyangiliklari

O'zbekiston Respublikasi byudjet hisobining standarti (2-sonli BHS) "Yagona schyotlar rejasi" (ro'yxat raqami 3078, 2018-yil 20-oktyabr)dagi asosiy o'zgarishlardan biri debitorlik va kreditorlikni hisobga oluvchi schyotlarining aktiv va passiv uchun alohida qilinganidir. Byudjet tashkilotlarida buxgalteriya hisobi to'g'risidagi yo'riqnoma (ro'yxat raqami 2169, 2010-yil 22-dekabr)da esa bu subchyotlar aktiv tomonda ham, passiv tomonda ham turaverardi. Bularga quyidagilar kiradi:

Aktiv - Passiv - Eski schyot-Subchyot nomi

133100-323100-Davlat maqsadli va boshqa budjetdan tashqari jamg‘armalarning respublika mablag‘laridan o‘zaro hisob-kitoblar bo‘yicha debitor (kreditor) qarzlar

133200-323200-Davlat maqsadli va boshqa budjetdan tashqari jamg‘armalarning Qoraqalpog‘iston Respublikasining respublika darajasidagi, viloyatlarning viloyat darajasidagi va Toshkent shahrining shahar darajasidagi mablag‘laridan o‘zaro hisob-kitoblar bo‘yicha debitor (kreditor) qarzlar

151100-341100-150-Budjet tashkilotlarining mahsulot yetkazib beruvchilar va pudratchilar bilan hisob-kitoblar bo‘yicha debitor (kreditor) qarzlari

151200-341200-152-Budjet tashkilotlarining xaridor va buyurtmachilar bilan hisob-kitoblar bo‘yicha debitor (kreditor) qarzlari

151300-341300-154-Budjet tashkilotlarining sug‘urta bo‘yicha to‘lovlaridan debitor (kreditor) qarzlari

151400-341400-156-Budjet tashkilotlarining to‘lovlarning maxsus turlariga doir hisob-kitoblardan debitor (kreditor) qarzlari

151900-341900-159-Budjet tashkilotlarining boshqa turdagi hisob-kitoblardan debitor (kreditor) qarzlari

152100-342100-160-Budjet tashkilotlarining budjetga to‘lovlar bo‘yicha budjet bilan debitor (kreditor) qarzlari

152200-342200-161-Budjet tashkilotlarining ijtimoiy soliq bo‘yicha debitor (kreditor) qarzlari

152300-342300-162-Budjet tashkilotlarining shaxsiy jamg‘arib boriladigan Pensiya hisobvarag‘i badallari bo‘yicha debitor (kreditor) qarzlari

152400-342400-163-Budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi bilan debitor (kreditor) qarzlari

153100-343100-170-Budjet tashkilotlarining kamomadlarga doir debitor (kreditor) qarzlari

153200-343200-171-Budjet tashkilotlarining xodimlar bilan ijtimoiy nafaqalar bo‘yicha debitor (kreditor) qarzlari

153300-343300-172-Budjet tashkilotlarining hisobdor shaxslar bilan debitor (kreditor) qarzlari

153400-343400-173-Budjet tashkilotlarining xodimlar bilan mehnatga haq to‘lash bo‘yicha debitor (kreditor) qarzlari

153500-343500-174-Budjet tashkilotlarining stipendiya oluvchilar bilan debitor (kreditor) qarzlari

153600-343600-175-Budjet tashkilotlarining talabalar bilan boshqa debitor (kreditor) qarzlari

154000-344000-159-Budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan debitor (kreditor) qarzlari

Dasturdagi schyotlar rejasi va ularning kontr schyotlari bo'yicha Global ma'lumotnoma-Schyotlar rejasi qismiga kirib ham ma'lumot olish mumkin.

Dasturda tartib bilan ishlanganda kontr schyotlarga o'tkazmalar avtomatik tarzda berilib, debitorlik va kreditorlik qarzlar ham avtomatik to'g'ri shakllanib ketaveradi. Lekin tashkilotlarda har doim ham bunga amal qilinmaydi. Misol uchun, birinchi to'lov hujjatlarini chiqarib, keyin avans hisoboti kiritiladi. Yoki birinchi bolalar tabeli kiritilib, keyin pul mablag'lari tushumi qilinadi va h. Natijada, hozirda bo'lgani kabi deyarli barcha tashkilotlarda aylanma qaydnoma, debitorlik va kreditorlik bo'yicha hisobotlarda aktiv schyotlar kreditga yoki passiv schyotlar debetga o'tib qolgani uchun minus summalar chiqqan (yuqorida keltirilgan subchyotlardan boshqalarida bunaqa holat kuzatilsa, tegishli buxgalteriya o'tkazmalari xato berilgan bo'ladi, bunga 343700(176)-Budjet tashkilotlarining xodimlarning ish haqidan ushlab qolinadigan majburiy ushlanmalar bo‘yicha kreditor qarzlari, 343900 (179)-Budjet tashkilotlarining xodimlarning ish haqidan ushlab qolinadigan ixtiyoriy ushlanmalar bo‘yicha kreditor qarzlari kabilarni misol qilish mumkin).

Shuningdek, kontr schyotlarga berilgan qo'shimcha o'tkazmalar natijasida aylanma qaydnoma, debitorlik va kreditorlik bo'yicha hisobotlarda ortiqcha summalar ko'zga tashlanadi. Buni quyidagi misolda tushuntirib o'tamiz.

Byudjetdan yetkazib beruvchisiga shartnomaga asosan 30% oldindan to'lov o'tkazildi:
151900-503000
Yetkazib beruvchi tomonidan hisobvaraq-faktura taqdim etildi:
710000-341900
Mana shu jarayonda o'tkazilgan avans summasi hisobga olinishi kerak va unga qo'shimcha o'tkazma berilishi kerak, buni tizim o'zi mustaqil amalga oshiradi. Shunigdek, Hisobotlar-Hisobotlar-Subchyot kartasi va O'tkazmalar kitobi qismida berilgan qo'shimcha o'tkazmaga alohida izoh yozilgan bo'ladi, misol uchun 23-APR-2024 09:03 Kontr o'tkazma shaklida. Bunda ko'rsatilgan sana tegishli hujjat tasdiqlangan vaqtni ko'rsatadi:
341900-151900
Yetkazib beruvchiga hisobvaraq-fakturaga asosan 70% to'lov o'tkazildi:
341900-503000

Mazkur holatda Hisobotlar-Debitor va kreditorlar bilan hisob-kitob-Debitorlik kreditorlik ma'lumoti (shartnomalar kesimida) qismida shu tashkilot bilan debet aylanma 30% oldindan to'lov summasiga ko'p chiqadi va bu xato hisoblanmaydi. Bu yerda eski subchyotlar bilan bo'lgan holatga nisbatan taqqoslash va undan debetda har doim to'lov, kreditda esa hisobvaraq-faktura summasi bo'ladi degan qoidaga asosan qarab tushunmovchilik yuzaga kelyapti xolos. Bu holat bolalar, talabalar, xodimlar bilan bo'ladigan hisob-kitoblar qismida ham kuzatiladi.

Tartib bilan ishlanmagan holatlar uchun esa kontr schyotlarga berilgan qo'shimcha o'tkazmalarni qayta hisoblaydigan alohida hujjat yaratildi. Buning uchun Hujjatlar-Debitorlik va kreditorlik qarzlarni qayta hisoblash hujjatiga kiriladi va tegishli davr bo'yicha barcha hujjatlar kiritib chiqilgandan so'ng o'sha oy uchun mazkur hujjat yaratib tasdiqlanadi. Bu hujjat 2024-yil yanvar oyidan boshlab har bir oy uchun alohida yaratiladi. Misol uchun mart oyiga hujjatni tasdiqlashda fevral oyiga hujjat kiritilmagan bo'lsa, "2024-yil Fevral oyi uchun Hujjatlar-Debitorlik va kreditorlik qarzlarni qayta hisoblash hujjati mavjud yemas. Avval oldingi oy uchun hujjat yaratishingiz talab qilinadi.", deb xatolik chiqadi.

Mazkur hujjat tasdiqlangandan so'ng shu hujjat sanasidan avvalgi davrdagi hujjatlarni bekor qilish va tasdiqlash imkoniyati bo'lmaydi. Bunda "31.01.2024 sanasida Hujjatlar-Debitorlik va kreditorlik qarzlarni qayta hisoblash hujjati mavjud. Bu sanadan oldingi hujjatlarni bekor qilish yoki tasdiqlash mumkinmas.", deb xatolik chiqadi. Agar ma'lum bir hujjatlarga o'zgartirish kiritish kerak bo'lsa, avval mazkur yerga kirish va tegishli hujjatni bekor qilib turish kerak bo'ladi.

Mazkur hujjat orqali berilgan qo'shimcha o'tkazmalarga ham Hisobotlar-Hisobotlar-Subchyot kartasi va O'tkazmalar kitobi qismida alohida izoh yozilgan bo'ladi, misol uchun 23-APR-2024 20:00 Qayta hisob-kitob shaklida. Bunda ko'rsatilgan sana tegishli hujjat tasdiqlangan vaqtni ko'rsatadi.

Tez-tez uchraydigan savollar:

Savol: To'lov hujjatlari tuzishda ham 151900 (153400), ham 341900 (343400) subchyot ko'rinyapti. Qaysi birini tanlash kerak?

Javob: Avans to'lovlari uchun debitor qarzdorlik subchyotlari, hisobvaraq-fakturaga asosan yoki ish haqining ikkinchi yarmi uchun to'lovda esa, kreditorlik qarzlar subchyotlari tanlanishi kerak. Lekin hujjatda qanday subchyot tanlanishidan qat'iy nazar tizim uni kontr schyotga o'tkazma berish orqali to'g'rilab yuboradi. Misol uchun, shartnoma bo'yicha avans to'lovini amalga oshirishda 341900 subchyoti tanlansa, tizim avtomatik tarzda o'sha summaga qo'shimcha 151900-341900 o'tkazma beradi va debitor qarz qilib qo'yadi.

Savol: Eski dasturda bir yetkazib beruvchi bilan bir nechta shartnoma bo'lsa, qarzdorlikda shartnomalarni hisobga olmasdan, yetkazib beruvchi bo'yicha umumiy ko'rsatardi. Yangi dasturda bu qanday bo'ladi?

Javob: UzASBO-2'da qarzdorlik shartnomalar kesimida bo'ladi, mos ravishda kontr schyotlarga o'tkazma berishda shartnoma ham ahamiyatga ega. Shu sababli ham Hisobotlar-Debitor va kreditorlar bilan hisob-kitob-Debitorlik kreditorlik maʼlumoti (Shartnomalar kesimida) qismigina mavjud, kontragentlar bo'yicha alohida hisobot ham qo'shilmagan. Agar bir tashkilotdan bir shartnoma bo'yicha debitor, boshqa shartnoma bo'yicha kreditor bo'lsa, ular alohida-alohida ko'rinadi, avvalgidek, o'zaro yeyishib ketmaydi.

Savol: Hisobotlar-Debitor va kreditorlar bilan hisob-kitob-Bolalar hisobi qismida debet aylanmada bolaga ortiqcha summalar hisoblanyapti. Tabelda boshqa summa turibdi, yana bolalar ikkitadan qatorda turibdi.

Javob: Yuqorida aytilganidek, debet aylanmani, avvalgidek, bolaga hisoblangan summa va kredit aylanmani to'langan summa deb hisoblash xato. Bu yerda shu bola bo'yicha berilgan bercha o'tkazmalar ko'rinadi va ularning ichida kontr schyotga berilgan o'tkazmalar ham turibdi. Eski dasturda ham agar tegishli bola debetda tanlanib, to'lov hujjatlari tuzilsa, bu summa ham aylanmada ko'rinardi. Shuningdek, endi debitor qarzdorlik 151400 va kreditor qarzdorlik 341400 subchyotda ko'rinadi. Shu orqali bolaning qarzdor yoki oldindan to'lovi borligi xulosa qilinadi.

Report Page