Konstitutsiya - baxtimiz qomusi

Konstitutsiya - baxtimiz qomusi


Shu kunlarda barchamiz tinch va farovon hayotimizning muhim kafolati hamda mustahkam huquqiy poydevori bo‘lgan Bosh qomusimiz – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 31 yilligini ko‘tarinki kayfiyat bilan nishonlamoqdamiz.

Konstitutsiya (lotincha “Constitution” – tuzilish, tuzuk) – davlatning Asosiy qonuni. U davlat tuzilishini, hokimiyat va boshqaruv organlari tizimini, ularning vakolati hamda shakllantirilish tartibi, saylov tizimi, fuqarolarning huquq va erkinliklari, jamiyat va shaxsning o‘zaro munosabatlari, shuningdek, sud tizimini hamda davlat va jamiyatning o‘zaro munosabatlarini belgilab beradi.

“Konstitutsiya” atamasi Qadimgi Rimdayoq maʼlum bo‘lgan (imperator Konstitutsiyasi deb atalgan qonun). Amir Temur “Tuzuklar”i Sharq va Osiyo mamlakatlari sivilizatsiyasiga xos alohida shakldagi konstitutsiyaviy hujjat xususiyatiga ega bo‘lgan. U shariat qonunlari bilan bir qatorda Markaziy Osiyo mintaqasi xalqlari taqdiriga kuchli taʼsir o‘tkazgan.

O‘zbekiston konstitutsiyasini ishlab chiqilishida uch ming yillik milliy davlatchilik tajribasiga tayanilgan. Bugungi O‘zbekiston qadimgi Xorazm va So‘g‘diyona, Qoraxoniylar, Xorazmshohlar, Amir Temur va Temuriylar, o‘zbek xonliklari, maʼrifatparvar ajdodlarimiz, xalqimizning tarixiy anʼanalari va uning mustaqil davlat haqidagi ko‘p asrli orzusini mujassam etgan.

Qolaversa, manfaatlarimiz va intilishlarimizdan kelib chiqqan holda, Asosiy Qonunimiz Sharq va G‘arb, Janub va Shimolning 97 ta mamlakati to‘plagan ilg‘or konstitutsiyaviy tajribani hisobga olib yaratilgan.

1992-yil 8-dekabr kuni Bosh Qomusimiz qabul qilindi. Shu kundan eʼtiboran, 8-dekabr – umumxalq bayrami deb eʼlon qilindi.

O‘tgan davr mobaynida mamlakatimiz parlamenti Konstitutsiya normalariga muvofiq 8 ta konstitutsiyaviy qonun, 15 ta kodeks, 600 dan ziyod qonunni qabul qildi, 200 dan ortiq ko‘p tomonlama xalqaro shartnomani ratifikatsiya qilindi. 1992-yildan buyon konstitutsiyaga jami 15 marta o‘zgartish kiritilgan edi. Bu safar esa o‘zgarishlar ko‘lami kattaligi sabab hujjatning yangi tahriri qabul qilindi.

Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 2023-yil 30-aprel kuni o‘tkazilgan O‘zbekiston Respublikasi referendumida umumxalq ovoz berish orqali qabul qilingan va bosh qomusdagi moddalar soni 128 tadan 155 taga, undagi normalar esa 275 tadan 434 taga oshdi. Umuman, konstitutsiya 65 foizga yangilangan.

Joriy yilning 7-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 31 yilligi munosabati bilan Kadastr agentligi va Davlat kadastrlari palatasining Namangan viloyati boshqarmalari va uning tizimidagi bo‘lim va filiallarida bayramga bag‘ishlab o‘tkazilgan tadbirda aynan yuqoridagi fikrlar taʼkidlab o‘tildi.

Anjumanda so‘zga chiqqan M.Nurmatov va A.Obidovlar tomonidan taʼkidlanganidek, tub mohiyatiga ko‘ra o‘zida ilg‘or milliy va umuminsoniy g‘oyalarni mujassam etgan, butun xalq va barcha qatlamlarning manfaatlarini ifodalovchi mustaqil Yangi O‘zbekiston Konstitutsiyasi Vatanimiz taraqqiyotida yangi davrni boshlab berdi.

O‘tgan davr mobaynida xalqimiz siyosiy-huquqiy tafakkuri, aql-zakovatining ko‘zgusi bo‘lmish Konstitutsiyamizning hayotiy negizi naqadar mustahkam ekanligiga, u xalqaro talablarga har tomonlama mos kelishiga ishonch hosil qildik.

Xususan, Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbuslari bilan yurtimizda o‘tkazilgan bir necha Xalqaro tadbirlar fikrimizning yorqin dalilidir.

Bugun O‘zbekistonimiz bosib o‘tgan mustaqil taraqqiyot yo‘lini xolisona baholar ekanmiz, o‘tgan davr mobaynida biz erishgan, dunyo jamoatchiligi tan olgan olamshumul yutuq va marralar, avvalambor, izchil rivojlanayotgan iqtisodiyotimiz va uning barqaror o‘sish surʼatlari, aholi farovonligining yildan - yilga oshib, jahon hamjamiyatida mamlakatimiz obro‘ - eʼtiborining tobora yuksalib borayotgani bularning barchasi Konstitutsiyamizning asosiga qo‘yilgan, chuqur va puxta o‘ylangan maqsad, tamoyil va normalarning hayotbaxsh samarasi desak, hech qanday mubolag‘a bo‘lmaydi.

Yangi O‘zbekistonning Yangi bosh Qomusida aholini ijtimoiy himoya qilish, sog‘lig‘ini saqlash masalalariga alohida eʼtibor qaratilgan. Unga ko‘ra har kim erkin kasb tanlash, adolatli mehnat sharoitlarida ishlash, ishsizlikdan himoyalanish huquqiga ega.

Bularning barchasi, respublikamiz fuqarolari singari, kadastr tizimi xodimlarining ham kelgusidagi hayot tarzini yanada yaxshilash, ularning huquqiy va ijtimoiy himoyasini taʼminlash kabi ezgu maqsadlarni ro‘yobga chiqarishga xizmat qiladi.

Shu bois, Konstitutsiyamizni doimiy va chuqur o‘rganish, uni hayotimizning dasturulamaliga aylantirish va shu asosda huquq va erkinliklarimizni ro‘yobga chiqarish hamda boshqa kishilarning huquq va erkinliklari, shaʼni va qadr-qimmatini hurmat qilish barchamizning burchimizdir.

Muxtasar qilib aytadigan bo‘lsak, mamlakatimizda hukm surayotgan tinchlik-osoyishtalik, aholining turmush darajasi hamda ongu-tafakkuridagi o‘sish surʼatlari-Konstitutsiyamizda belgilangan qoida va tamoyillar sharofatidandir.

 

Matbuot xizmati

Report Page