Kompyuterni ma’lum vaqtdan keyin qayta yuklash yoki o‘chirish
@itspecuz
Kundalik hayotda ba’zan shunaqa holatlar bo‘ladiki kompyuterda bajarilayotgan ishlar sizga emas, balki boshqa faktorlarga bog‘liq bo‘lib qoladi. Misol uchun, 10 daqiqadan keyin zarur ish bilan ketishingiz kerak, lekin siz 3 soat oldin internetdan yuklashga qo‘ygan faylni to‘liq ko‘chirish uchun yuklovchi dastur yana o‘rtacha 40 daqiqa vaqt qolganini ko‘rsatmoqda. Kompyuterni yoqilgan holatda qoldira olmaysiz, aytaylik, sabab sizning ko‘chadagi ishingiz taxminan 7-8 soatlardan keyin tugaydi.
Bunday holatlarda bizga kompyuterni ma’lum vaqtdan keyin avtomatik ravishda o‘chirish eng samarali usul sanaladi. Xo‘sh, ushbu ishni qanday amalga oshiramiz. Buning uchun dastlab klaviaturadagi Win+R klavishalar birikmasini bosamiz:

Hosil bo‘lgan Выполнить (Run) oynasining matn kiritish satriga: cmd buyrug‘ini kiritamiz va Enter klavishasini bosamiz. Natijada bizda quyidagi qora rangdagi buyruqlar satri dasturi ochiladi:

Endi ishga kirishamiz. Yuqoridagi misolda aytib o‘tilganidek, fayl 40 daqiqada to‘liq ko‘chiriladi. Biz kompyuterga taxminan 50 daqiqadan keyin o‘zini o‘chirishni talab qilamiz. Buning uchun buyruqlar satriga quyidagi kodni yozamiz va Enter klavishasini bosamiz: shutdown -s -t 3000
Izoh: -s: kompyuterni o‘chirish, -t 3000: 3000 sekund, ya’ni 50 daqiqadan keyin, ushbu parametr har doim sekundda beriladi.
Natijada monitorning pastki o‘ng burchagida kompyuter 50 daqiqadan keyin o‘chirilishi haqida ogohlantiruvchi e’lon chiqadi:

Agarda siz ushbu amalni bekor qilmoqchi bo‘lsangiz, u holda quyidagi kodni tering: shutdown -a
Izoh: Bu yerda -a (inglizcha abort so‘zidan olingan) parametri berilgan vazifani bekor qiladi.
Ekranda berilgan vazifa bekor qilinganligi haqidagi ma’lumot chiqadi:

Shuningdek, kompyuterni nafaqat o‘chirish balki, ma’lum vaqtdan keyin qayta yuklash zarur bo‘lishi mumkin, bunaqa holatda quyidagi kodni yozishimiz zarur: shutdown -r -t 300 -f
Izoh: 5 daqiqadan (-t 300) keyin kompyuterni majburan (-f) qayta yuklash (-r).
E’tiboringiz uchun rahmat!
Biz bilan birga bo‘ling: @itspecuz