Komputerning eng yaxshi dasturlardan biri – AutoHotkey haqida

Komputerning eng yaxshi dasturlardan biri – AutoHotkey haqida

Kamol To'xtayev

Bu dastur haqida eshitganmisiz? Hajmi 1 mb ham kam bo'lgan bu dastur komputerda bajaradigan ishlarimni bir necha yuz barobar tezlashtirib bergan desam, ishonasizmi? Qanday qilib deysizmi? Unda marhamat, dasturchi.uz sayti sizga bu dastur haqida ma'lumot berishga tayyor. 

Bitta tugmachani bosish bilan AutoHotkey yordamida nimalar qilish mumkin?! 

– kerakli dasturni ochish, nusxa ko'chirish, joyini o'zgartirish, yo'qotish, belgilangan joyga saqlash va hokazo. Masalan, F2 tugmachasini bosish orqali yangi Bloknot faylini ochib (yoki ko'rsatilgan faylni), uning oxiriga (yoki boshqa istalgan joyiga) "Bu AutoHotkey dasturi orqali bajarildi" degan gapni yozib beradi va fayli aytilgan joyga (C:\Users\Falonchi\Documents) saqlaydi. 

– belgilangan tugmachalarni bosish (so'zlarni, gaplarni, formulalarni yozish). Masalan, AA tugmachalarini bossangiz, uning o'rniga Assalomu alaykum, degan so'z chiqadi (yoki, VA – va alaykum assalom). 

Dasturchilar uchun eng kerakli tomoni aynan shu bo'lsa kerak. 

– istalgan hajmdagi matnda berilgan so'zlar sonini aniqlash, qidirish, o'zgartirish, nusxa olib, aytilgan faylni ochib, uning ichiga qo'yish va hokazo. Masalan, berilgan matnda "dastur" so'zi necha marta ishlatilganini bilmoqchisiz, bunda sizga AutoHotkey yordam beradi. 

– berilgan internet saytga kirish, foydalanuvchining nomi va kalit so'zlarini kiritish. Masalan, windows va x (win+x) tugmachalarini bosib, dasturchi.uz saytiga kirishingiz, yoki siz istagan saytga (sayt.uz) berilgan foydalanuvchi nomi va kalit so'zlarini (login:falonchi, kalit so'zi:sir) kiritishi mumkin. 

– belgilangan vaqtda ma'lum amallarni bajarash. Masalan, 2 may, 2014 yil, soat 17:35 da Falonchiga (falonchi@mail.uz) elektron xabar ("Dasturchi.uz ga kirib ko'rgin, yaxshi maqolalar qo'yilibdi") yuborish kerak. Yoki, 1 may kuni soat 14:00 da facebook.com ga kirib, "Men o'zim bo'lmasam ham post qila olaman", degan gapni sahifangizga yozsangiz bo'ladi. 

– nuxsa ko'chiruvchilarga, xususan talabalarga, elektron kitoblar, internet va boshqa manbalar asosida maqola yozmoqchi bo'lsangiz, ishingiz ancha yengillashibdi, AutoHotkey sizga albatta yordam beradi. 

Matnning kerakli joylarini yoki rasmlarni belgilab, ularning ko'rsatilgan faylga navbatma-navbat qo'yib borish uchun endi: nusxani olib (ctrl+c), matn dasturiga o'tib (alt+tab), ko'chirilgan matnni unga joylashtirib (ctrl+v), yana avvalgi dasturga qaytishning (alt+tab) sira ham keragi yo'q. Bularning hammasini endi bir yoki ikki tugmacha orqali bajarishingiz mumkin (alt+1, yoki sichqonchaning yon tugmasi). Endi alt, ctrl, c, v, tab tugmachalaridagi yozuvlari o'chib ketmasdan, anchaga yetadi ;). 

– kerakli tugmachangiz ishlamay qolsa, yoki sinsa, yangi klaviatura sotib olguningizcha AutoHotkeydan foydalanib turing. Misol uchun ctrl o'rniga endi shift yoki sichqonchadagi yon tugmachalarni ishlatishingiz mumkin. Yoki, sizda Power, Sleep tugmachalari bo'lmasa, ularninig o'rniga o'zingiz istagan boshqa variantlarni ishlatishingiz mumkin. 

– monitorning belgilangan joyida ma'lum klaviatura yoki sichqoncha tugmachalari bosilishini xohlasangiz, buni ham shu dastur orqali bajarishingiz mumkin. Yoki, har 30 soniyada ma'lum tugmacha bosilib turadi (vaqt, bosilish soni kabi cheklovlar qo'yish sizning ixtiyoringizda). 

– ijtimoiy tarmoqlardan o'zingizni tiya olmayapsizmi? Endi buning oson yo'li bor: facebook, fb, odnoklassniki so'zlarini yozsangiz, ekraningizga shu so'zlar chiqadi. "YANA SHU SAYTGA KIRMOQCHIMISAN? UNDAN KO'RA FOYDALIROQ ISHLARNI QILSANG BO'LMAYDIMI?" yoki fb.com saytiga kirmoqchi bo'lsangiz sizni avtomatik tarzda boshqa, masalan, dasturchi.uz saytiga yo'llab qo'yadi. 

– katta hajmli matnlar, fayllarni tartibga keltirmoqchi bo'lsangiz, nomlarini biror algoritmga asosan o'zgartirmoqchi bo'lsangiz, bunda ham AutoHotkey sziga yordamga shay. 

Hozir siz bu dasturning ko'p funksiyalaridan ozginasi bilangina tanishdingiz. Qolganini dasturdan foydalanish davomidan o'rganib olishinigiz mumkin. O'ylaymizki, AutoHotkey sizning ishingizni ham yengillashirib, tezlashtirib beradi. 

Dastur sayti: http://ahkscript.org 

Bekzod Ahmadali 

Manba: Texnoman.uz

Report Page