Komorebi - soya va nur o'yini
Doston Kasimoff MD
Prolog
Yaponlarda bir qarash mavjud. Oshxonangni qay darajada toza tutsang, xojatxonangni ham undanda toza saqlashing kerak. Lekin bizga bu qarash biroz begona. Bizda xojatxona tabu mavzulardan biri. U haqida yozish yoki gapirishga ko'pchilik hazar qiladi. Bir tarafdan bu tabiiy hol. Chunki, xojatxona biz uchun anti sanitar hamda noxush joy bilan assotsiatsiyalanadi. Aslida xojatxona Yaponlarniki singari "oshxonadanda tozaroq" joy bo'lishi mumkin. Tokyoda jamoat xojatxonalarining har biri individual dizaynga ega. Albatta, shoshilinch ish bilan kirganingda bunga e'tibor bermaydi kishi. Lekin yengillaganingdan so'ng san'at asariga bir muddat termulib qolishing tabiiy.

Benuqson kunlar
Yaqinda Vim Vendersning "Benuqson kunlar" filmini ko'rdim. Film qahramoni Hiroyama kech o'rta yoshli, Tokio Xojatxona Xizmatida ishlovchi, o'z ishini puxta va yurakdan bajaruvchi kishi. Har kuni ishdan so'ng jamoat hammomiga boradi. Keyin esa sevimli joyida ovqatlanib, uyga qaytadi. Uxlashdan avval, albatta kitob o'qiydi. Uning kitob javonida 200 dan ortiq kitob mavjud. Ertalablari ishga ketishida esa avtomatdan sevimli yahna qahvasini olib, yo'l-yo'lakay simirib ketadi. Eski audio kassetalaridagi sevimli musiqalarini eshitadi. Hiroyama ko'p pul topmaydi. Lekin u ishlab topgan pul har kuni qahva olishiga, sevimli tamaddixonasida ovqatlanishiga, kitob sotib olishiga yetadi. U o'z kunini benuqson ravishda o'tkazadi. Kichik narsalardan rohatlanadi. U "shu yer va hozir" bilan yashaydi... Filmni ko'rmoqchi bo'lganlarni e'tiborga olgan holda Hiroyama hikoyasini shu yerda to'xtata qolaman. Bu esa bizni keyingi mavzu Komorebiga yo'naltiradi.
Komorebi - soya va nur raqsi
Daraxt barglarining shamolda shivirlab, ularning soyasi seni xonang devoriga tushayotganini tasavvur qil. Bu hodisa hozir va shu yerda sodir bo'lyapti. Sen undan iloji boricha ko'proq bahramand bo'lishga ulgurib qolishing kerak. Buyuk kelajak haqidagi orzular yoki ayanchli o'tmish haqidagi xotiralar seni baxtli qilmaydi. Seni hozir va shu yerdagi ishlaring baxtli qiladi. Ularning ko'lamidan qat'i nazar.
Miyangni ahlatdan tozalash uchun birinchi qadam
Buyuk kelajak, muvaffaqiyatli kelajak hozir qilayotgan kichik-kichik ishlaringning nojo'ya ta'siri sifatida namoyon bo'lsin. Ishing Tokio Xojatxonasini tozalash bo'lsa ham, kuningni kichik lekin yoqimli ishlar bilan boyit. Kichik daftarchanga qilgan yaxshi ishlaringni yoz. Navbatda shoshib turgan insonga o'z navbatingni berib ko'r. Avtobusda telefonga tikilmasdan odamlarni kuzat. Senga o'xshab telefonga emas atrofga nazar tashlab ketayotganlarga salom tariqasida boshingni egib qo'y. Oyoq kiyimingni yaxshilab tozala. Sevimli musiqangni eshitib, narsalaringni tartibga keltir. Changlarni artib chiq. Choy damla. Oynadan tashqariga qarab choyingdan ho'pla. Chumolilarni kuzat. Ertalab tong otishini kuzatishga harakat qil. Yomg'ir yog'sa, shitirlashini eshit. Baxtli bo'lish uchun kimgadir tobe bo'lishdan qoch. Erkin bo'l. Miyangni ahlatdan tozala...
Epilog
Mukkammalikka intilma. Hammasi o'tkinchi... Bu ham o'tadi!