Koʻp miqdorda sintetik giyohvandlik vositasini Oʻzbekistonda tarqalishining oldi olindi
IIBB Axborot xizmati“Qora dori 2024” tezkor profilaktik oyligi doirasida Toshkent viloyati IIBB va Boʻstonliq tumani IIB tezkor xodimlari tomonidan hamkorlikdagi organlar bilan birgalikda oʻtkazilgan tadbirida koʻp miqdordagi sintetik giyohvandlik vositalarini tarqatish maqsadida olib ketayotgan shaxs ushlandi.
Nazorat tadbiri davomida 33 yoshli fuqaro M.I. Toshkent viloyatining Boʻstonliq tumani hududida gumonlanib tekshirilgan.
Uning yonida boʻlgan avtomobil ehtiyot qismi (reduktor) tekshirilganda, ehtiyot qism ichiga joylashtirilgan 12 ta oʻramdagi, (qora bozordagi taxminiy narxi 4 mlrd 800 million soʻmga teng) boʻlgan, 6 kg sintetik giyohvandlik vositasi (ekspertiza xulosasi) borligi aniqlandi va daliliy ashyo sifatida olindi.
Ushlangan shaxsning yashash xonadoni tekshirilganida, sintetik vositalarni kichik miqdorga ajratib, qadoqlash va tarqatish uchun kerakli vositalar borligi maʼlum boʻlgan.
Holat yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi 273 moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.
Dastlabki surishtiruvga koʻra, unga ushbu sintetik giyohvandlik vositalari tegishli telegram boti orqali Qirgʻiziston Respublikasidan vodiy viloyatlari orqali yetkazib berilganligi aniqlangan.
Hozirda ushbu sintetik giyohvandlik vositalarining manbasini aniqlash boʻyicha tezkor qidiruv tadbirlari davom ettirilmoqda.
IIBB Axborot xizmati