“Kitobxon yoshlar” onlayn respublika tanlovini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi NIZOM
1.1. Mazkur Nizom talaba-yoshlarning qishki ta’tildagi bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil qilish, yoshlar orasida kitob mutolaasini keng targ‘ib qilish hamda ularning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish madaniyatini yuksaltirish maqsadida oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida o‘tkaziladigan “Kitobxon yoshlar” onlayn respublika tanlovini (keyingi o‘rinlarda Tanlov deb yuritiladi) tashkil etish va o‘tkazish tartibini belgilaydi.
1.2. Tanlov O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish va ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish bo‘yicha 5 muhim tashabbusining to‘rtinchi “Yoshlar ma’naviyati yuksaltirish, ular o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish bo‘yicha tizimli ishlarni tashkil etish” tashabbusi hamda 2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Taraqqiyot strategiyasi V bob 72-maqsadi: “Aholiga axborot-kutubxona xizmatini ko‘rsatishni yanada rivojlantirish, kitobxonlikni keng ommalashtirish hamda “Kitobsevar millat” umummilliy g‘oyasini ro‘yobga chiqarish” vazifalari ijrosini ta’minlash hamda talaba-yoshlarning qishki ta’tildagi bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish maqsadida tashkil etiladi.
2.1. Tanlovni o‘tkazishdan maqsad talabalar orasida kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish va kitob mutolaasini keng targ‘ib qilishdan iborat.
2.2. Tanlovning asosiy vazifasi talaba-yoshlarning kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishlarini yanada oshirish, aholi hamda yoshlarning dunyoqarashi, so‘z boyligini kengaytirish, ijtimoiy faolligi va millat taqdiriga daxldorligini oshirish, kitobxonlik madaniyati, savodxonligini rivojlantirish, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash hamda o‘z ona tilimizda imlo qoidalariga amal qilgan holda to‘g‘ri yozish ko‘nikmalarini shakllantirishdan iborat.
3.1. Tanlovda davlat oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan talaba-yoshlar jumladan, bakalavr va magistrlar ishtirok etishlari mumkin.
3.2. Mazkur tanlov yakka tartibdagi musobaqa bo‘lib, unda qatnashish uchun ishtirokchilar Telegramdagi maxsus @kitobtanlovbot orqali belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtishlari va bot taqdim qiladigan maxsus referalni ulashish orqali orqali tanlov targ‘ibotida qatnashib, kamida +5 referal ball yig‘ishlari kerak bo‘ladi.
3.3. Tanlovda ishtirokchilarga oldindan 2 ta kitob o‘qish uchun vazifa qilib beriladi. Kitoblarni o‘qish uchun tanlov e’lon qilingan kundan boshlab 10 kun (19-yanvar kuniga qadar) vaqt beriladi. Belgilangan vaqt yakunlangach, 5 kun davomida har kuni 30 tadan (jami 150 ta) vazifa qilib berilgan kitoblar asosida tuzilgan test savollari @kitobtanlovbot manzilida berib boriladi. Har bir test savolini ishlash uchun 1 daqiqa vaqt beriladi va yakundan eng ko‘p ball to‘plagan ishtirokchilar tanlov g‘olibi deb topiladi.
3.4. Yakuniy natijalarga ko‘ra yuqori o‘rinlarni egallagan ishtirokchilarning ballari teng bo‘lib qolgan taqdirda, o‘sha ishtirokchilar o‘rtasida qo‘shimcha bellashuv tashkil etiladi va ushbu bellashuvda g‘olib bo‘lgan ishtirokchi yuqoriroq o‘rinda deb hisoblanadi.
3.5. Vazifa sifatida beriladigan kitoblar roʻyxati:
1) Fyodor Dostoyevskiyning “Jinoyat va jazo” asari;
2) Pirimqul Qodirovning “Yulduzli tunlar” asari.
3.6. Bundan tashqari tanlov e’lon qilingan kundan tanlov yakuniga qadar bo‘lgan muddatda tanlov targ‘ibotida faol ishtirok etib, eng yuqori referal ball to‘plagan 10 nafar ishtirokchilar “Eng faol targ‘ibotchi” nominatsiyasi g‘olibi deb topiladi.
4.1. Tanlov g‘oliblari va sovrindorlari bo‘lgan ishtirokchilarni rag‘batlantirish Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining Oliy ta’lim muassasalarini rivojlantirish jamg‘armasi hisobidan moliyalashtiriladi.
4.2. G‘oliblarni taqdirlash marosimiga kelib-ketish xarajatlari ishtirokchi tahsil oladigan ta’lim muassasasi tomonidan moliyalashtiriladi.
4.3. Tanlov g‘olibi va sovrindorlari quyidagi tartibda pul mablag‘lari, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining diplom va sertifikatlari bilan rag‘batlantiriladi:
1-o‘rin 1 nafar – 5 000 000 va I darajali diplom;
2-o‘rin 2 nafar – 4 000 000 so‘mdan va II darajali diplom;
3-o‘rin 3 nafar – 3 000 000 so‘mdan va III darajali diplom;
4-o‘rin 4 nafar – 2 000 000 so‘mdan va sertifikat;
5-o‘rin 10 nafar – 1 000 000 so‘mdan va sertifikat.
“Eng faol targ‘ibotchi” nominatsiyasi g‘oliblari 10 nafar – 1 000 000 so‘mdan va sertifikat.
5.1. Tanlov davomida (taqdirlash marosimida) tashkilotchilar ishtirokchining shaxsini tasdiqlovchi hujjatini koʻrsatishini (onlayn yuborishini) talab qilish vakolatiga ega boʻladilar.
5.2. Tanlov davomida ikki yoki undan koʻp profillar orqali ishtirok etish yoki nizomni buzish holatlari aniqlansa, oʻsha ishtirokchining natijasi bekor qilinadi va oʻzi tanlovdan chetlashtiriladi.
5.3. Tanlov ishtirokchilari (boshqa shaxslar) tomonidan tanlovni tashkil etish va o‘tkazish, shuningdek, uning natijasi bilan bog‘liq murojaat (e’tiroz)lar qabul qilinmaydi.