"Kitob va kitobxonlik inson ma’naviyatini ko‘zgusi" mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.

"Kitob va kitobxonlik inson ma’naviyatini ko‘zgusi" mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.


Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy hazratlari yozganidek, “Kitob – beminnat ustoz, bilim va ma’naviy yuksalishga erishishning eng asosiy manbai”. Xalqimiz tilida kitob o‘qib bilim va munosib tarbiya olish, kasb-hunar o‘rganishning ahamiyatiga doir maqollar juda ko‘p. Jumladan, “Kitobsiz aql – qanotsiz qush”, “Bilim – aql chirog‘i”, “Go‘zallik – ilmu ma’rifatda”. Bunday hikmatli naqllarni yana uzoq davom ettirish mumkin. Necha ming yillardan buyon insonlarga to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatib kelayotgan, ularning bilimli, tarbiyali, kasb-hunarli va albatta baxtli bo‘lishining muhim omili – bu kitobga do‘st bo‘lish, va kitob o‘qishni kanda qilmaslikdir. Ayniqsa, yoshlarning hayotida kitobning alohida o‘rni bor. Chunki yaxshi kitob insonda Vatanga muhabbat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat tuyg‘ularini yuksaltirib, yaxshilik hamda ezgulikka undaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 13 sentyabr kuni qabul qilingan PQ-3271 sonli “Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutoaalasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ib qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi to‘g‘risida”gi qarori ijrosi yuzasidan joylarda kitobxonlik, mutolaa madaniyatini targ‘ib qilishga qaratilgan tadbirlar davom etmoqda. Ana shunday tadbirlardan biri joriy yilning 7-iyun kuni Buxoro shahar 32-sonli umumta’lim maktabida tashkil etilgan "Kamalak" sog‘lomlashtirish maydonchasida dam olayotgan o'quvchilar hamda 32-sonli umumta’lim maktabining  9-sinf o‘quvchisi, 2023-yil Yosh Kitobxon ko'rik tanlovining Respublika bosqichi faxrli II-o'rin sohibasi Malika Tohirova bilan "Kitob va kitobxonlik inson ma’naviyatini ko‘zgusi" mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.

Tadbirda Buxoro shahar hokimligi yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar kotibiyati yetakchi mutaxassisi Dilshoda Sayfidinova, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Buxoro viloyat Buxoro shahar bo‘linmasi yetakchi mutaxassisi Gulbahor Xodiyeva, O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi Buxoro viloyat bo‘limi bosh mutaxassisi Suxrob Hamroyev ishtirok etishdi.

Hozirgi globallashuv davrida, inson ongi va qalbi uchun kurash kuchayayotgan davrda turli g‘oyaviy tahdid va xurujlar jamiyatimizning manaviy hayotiga ta’sir ko‘rsatishga urinishlari soni ortib bormoqda. Bunday murakkab vaziyatda turli ma’naviy buzg‘unchiliklar, vayronkorlik harakatlarini oldini olish, aholi, ayniqsa, yoshlarimizda ularga nisbatan immunitetni shakllantirish, ezgu g‘oyalarni targ‘ib qilishga alohida e’tibor qaratish zarur bo‘ladi.

Kitobga oshno kishidan hech vaqt yomonlik chiqmaydi. Farzandlarimizga kitob o‘qishni targ‘ib etishimiz emas, balki ularga o‘rnak bo‘lishimiz lozim.

Tadbir yakunida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Buxoro viloyat Buxoro shahar bo‘linmasi tomonidan badiiy kitoblar sovg'a qilindi. Tadbir davomida "Kamalak" sog‘lomlashtirish oromgohida bolalar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishib chiqish jarayonida bolalarning bu manzaradan rohatlanishini, bu yerdagi sharoitlarni ko‘rib yana beg‘ubor bolalikka qaytishni orzu qiladi kishi. Bu muassasalar dam olish maskani vazifasini o‘tasada, u yerda o‘tkaziladigan tadbirlar, ta’lim-tarbiya jarayonlari yosh avlodning dunyoqarashini boyitishga, ijodiy qobiliyatlarini shakllantirishga, ularni har tomonlama kamol topishiga ko‘maklashuvchi tarbiya manbai bo‘lib xizmat qiladi.

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi
Buxoro viloyat Buxoro shahar bo‘linmasi

Report Page