Kitob maslahatchi, sadoqatli hamroh, eng yaqin doʻst va bebaho boylik
Yoshlarning kitob o'qishiga bo'lgan qiziqishini oshirishga, ularni kitob bilan do'st bo'lishga, aholining kitobxonlik saviyasini yanada oshirishga alohida e'tibor qaratish lozim.
Sh.Mirziyoyev
Kitob – insonning eng yaqin do‘sti va maslahatchisi, aql qayrog‘i va bilim manbaidir. Kitob fikrlash quroli, xazinalar kaliti, tafakkur manbai bo‘lgani uchun ham xalqimiz uni nonday aziz, mo‘tabar va muqaddas deb hisoblaydi. Shu bois kitobga bo‘lgan muhabbat, uni qadrlash, o‘qishga ishtiyoq xalqimizning qon-qoniga singib ketgan. Axborot-kutubxona markazlari esa kitobxonlarni o‘z bag‘riga chorlovchi ma’naviyat maskanlaridir.
Ana shu maqsadda, Shofirkon tumanidagi ta’lim muassasalarida ma’naviy-ma’rifiy va tarbiyaviy ishlar samaradorligini oshirish, kitobxonlikni rivojlantirish hamda ma’naviy tahdidlarni oldini olish bo‘yicha turli tadbirlar tashkil etib kelinmoqda.
Jumladan, joriy yilning 17-may kuni tumandagi Axborot-kutubxona markazida Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi Shofirkon tuman bo'linmasi, "Oqila ayollar harakati" a'zolari, psixolog-mutaxasis hamda Ixtisoslashtirilgan maktabning o'quvchi yoshlari ishtirokida "Kitob ma'naviyatga eltuvchi yo'l" mavzusida ma'naviy-ma'rifiy tadbir o'tkazildi.
Tadbirda so'z olganlar, "Bizni yerdan ko’kka ko’taradigan, barkamollik sari yetaklaydigan, insonlar qalbiga yorug’lik va iliqlik kiritadigan, oq bilan qora, yaxshilik bilan yomonlik, vayronkorlik bilan bunyodkorlikning farqini ongli ravishda anglatishga yordam beradigan, insoniyat tomonidan yaratilgan eng noyob kashfiyot ham bu-kitobdir. Kitob insonni ulug’laydi, Vatanni sevish, insonparvarlik, o’zi yashab turgan hayotga shukronalik hissi bilan qarash, boshqalarga mehr-muruvvatli va xushmuomala bo’lish, atrofdagi insonlarga yaxshilik ulashish kabi insoniy fazilatlarni tarbiyalaydi", -deb fikr bildirib o'tdi.
Shuningdek, Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi Shofirkon tuman bo'linmasi rahbari D.G'afforova tomonidan Halima Xudoyberdiyeva tavalludi munosabati bilan uning "Taralangan asarlar" kitobi hamda hayot yo'li, ijodi, shoira “El-yurt hurmati” ordeni, vafotidan soʻng, “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlanganligi to'g'risida ma'lumotlar berib o'tdi.
Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi Shofirkon tuman bo'linmasi