“Kino — kelajakning nurli yoʻli”: Yangi Oʻzbekiston kinozahmatkashlarining soʻngi faoliyatiga berilgan eng oliy baho

“Kino — kelajakning nurli yoʻli”: Yangi Oʻzbekiston kinozahmatkashlarining soʻngi faoliyatiga berilgan eng oliy baho

May 24, 2024

Oʻzbekiston Milliy kino sanʼati saroyida oʻzbek kinoijodkorlarining “Kino — kelajakning nurli yoʻli” ijodiy forumi boʻlib oʻtdi. Unda 400dan ortiq kino sanʼati vakillari ishtirok etdi. Jumladan, Oʻzbekiston xalq artistlari Rajab Adashev, Yodgor Sadiyev, Gavhar Zokirova, Tesha Moʻminov kabi sanʼat dargʻalari, shu bilan birga Qamara Kamalova, Elyor Ishmuhammedov, Ali Hamroyev, Hamidulla Hasanov, Zulfiqor Musoqov, Dilmurod Masaidov, Muzaffarxon Erkinov kabi rejissyorlar, dublyaj aktrisasi Mukambar Rahimova, taniqli kino aktyor va aktrisalar, mutaxassislar qatnashdi.

Ijodiy forum avvalida Kinematografiya agentligi rahbari Firdavs Abduxoliqov, Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari Otabek Hasanov, Agentlik direktor oʻrinbosari Shuhrat Rizayev, Kinoarboblar ijodiy uyushmasi raisi Matyoqub Matchonov va boshqalar tomonidan 16-may kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Kinochilar uyiga tashriflari hamda kinoijodkorlar bilan uchrashuvlari xususan, Davlat rahbari tomonidan berilgan toppshiriqlar haqida hisobot berildi. 

Forum ishtirokchilari yaratilayotgan sharoitlar, imkoniyatlar haqida gapirar ekan, milliy kinematografiyaga qaratilayotgan eʼtibordan mamnun ekanliklarini bildirib, Davlat rahbariga minnatdorchilik bildirishdi. 

Forumning asosiy qismida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tashrif chogʻida taqdimoti bilan tanishgan “Tirik tarix” dasturi haqida soʻz bordi. 

Taqdimotdan soʻng ilk marotaba kinoijodkorlarga bunday katta loyiha ishonib topshirilgani, uning ahamiyati haqida gapirildi. Shu bilan birga dublyaj maktabi boʻyicha ishlarni jadallashtirish, “Oʻzbekfilm” kinokonsernida maxsus kostyumlar tikish sexining faoliyatini yoʻlga qoʻyish, ijodkorlarning gonararlarini raqobatbardosh qilish, tarixiy badiiy-publitsistik filmlarni koʻpaytirish, film ijodiy jamoasini tanlash tizimini yaratish kabi takliflar berildi va muhokama qilindi.  

Ishtirokchilar mazkur tarixiy loyiha qadim oʻtimishimizni anglash, shu orqali yoshlarimizni vatanparvarlik ruhida tarbiyalab, Davlat rahbari taʼkidlaganlaridek Uchinchi Renessansni barpo etishga turtki boʻlishini aytishdi.

Tadbir yakunida kinoijodkorlarning Davlat rahbariga yoʻllagan minnatdorchilik murojaatnomasi bir ovozdan qabul qilindi.




Report Page