Kim uchun, Nima uchun va Qanday yashayapsiz?

Kim uchun, Nima uchun va Qanday yashayapsiz?

Kamol To'xtayev

Ingichka, qimmat telefon XARID qilamiz. Ustiga qalin g‘ilof kiydirib ishlatamiz. Endi ko‘ngil to‘q, chunki g‘ilofning ichidagi matoh yangi holatida turadi... 


Oynasiga HIMOYA qoplamasi yopishtiramiz, qirilmasini deb, yoqimsiz bo‘lsa ham qirilib ketgan qoplamasi bilan ishlatib yuramiz, ammo ko‘ngil to‘q, chunki qoplama orqasidagi oyna qirilmagan... 


Qimmat chiroyli TЕLЕVIZOR olamiz, zavodda yopishtirilgan salafanlarini yillar o‘tsa ham yulib tashlamaymiz, chunki yaxshi saqlanadi, yorliqlar ortida xuddi yangidek turgan bo‘ladi... 


Noqulay bo‘lsa ham pulti paket ichida, raqamlar ko‘rinmaydi, ammo ko‘ngil to‘q, paket ichida yaxshi holatda turadi... 


Chiroyli, qimmat yumshoqqina mebellar olamiz, tezda ustiga «KIYIM» tikib kiydirib qo‘yamiz, ko‘rinishi o‘zgarmasligi uchun. Ko‘rimsiz latta ostida yaxshi mebel turganini faqat biz bilamiz (xarid payti ko‘rganmiz), ammo ko‘ngil to‘q, qimmat narsa go‘zalligiga putur yetmagan... 


Mashina sotib olinayotganda ustaga ko‘rsatiladi, u sinchiklab ko‘rib bamperi almashganini aniqlaydi, mashinaning narxi tushadi, chunki mashina usta “ko‘rgan” , bir qismi almashgan, o‘zinikini emas. Mashinaning yurishi ham, turishi ham o‘sha, lekin uni sotib olmaymiz, chunki faqat mohir ustagina biladigan kamchiligi bor, boshqasini qimmatroqqa olamiz, endi ko‘ngil to‘q, chunki mashina «toza», usta «ko‘rmagan»... 


Kiyimlar kiyamiz, noqulay, lekin chidaymiz, chunki ko‘ngil to‘q, MODA bilan hamnafasmiz... 


Uylar quramiz, bezaymiz, foydasi yo‘q bejamalarni qilmasak bo‘lmaydi, keraksiz joyga parda osamiz, gilam yozamiz, bo‘yaymiz, «servant» o‘rnatamiz, chunki hamma shunday qiladi, ammo ko‘ngil to‘q, odamlar gap qilmaydi... 


Qimmat pol yotqizamiz, qirilmasin deb ustidan sholcha tashlaymiz, endi ko‘ngil to‘q, chunki uning tagida dog‘ tegmagan qimmat chet el tarketi bor... 


Hashamatli TO‘YLAR qilamiz, to‘ydan keyin cho‘ntakda pul yo‘q, lekin ko‘ngil to‘q, el qatori to‘y qildik... 


Noz-ne’mat, oziq-ovqatga to‘la dasturxon bilan mehmon kutamiz, mehmon taomning yarmini ham yemaydi, ovqatning bir qismi axlatga ketadi, TO‘Y QILGAN ertasiga qotgan non yeydi, lekin ko‘ngil to‘q, mehmonlarga besh xil taom tortildi... 


Umrimiz oxirlab qolganida o‘ylab qolamiz: 


- DUNYO YIG‘DIM, lekin undan foydalanmadim, unda kim uchun, nima uchun, qanday yashadim..?


Report Page