Kim o`zi u ILON MASK?

Kim o`zi u ILON MASK?



Ho`sh, to`gridan-tog`ri sarlavhadagi savolga javob beradigan bo`lsak ham, javob qisqa bo`lmasligi aniq. Chunki, Ilon Mask bu bir vaqtning o`zida ham daho, ham milliarder, filantrop, tadbirkor va muhandis. Xullas, qisaqaroq qilib aytganda, haqiqiy hayotdagi Toni Stark (superqahramon Temir odam)!

Temir odam 2 filmidan lavha. Ilon Mask kameosi. Film rejissori so`zlariga ko`ra Toni Stark obrazini yaratish jarayonida u Ilon Maskdan ilhom olgan


Ilon Riv Mask (ing. Elon Reeve Musk) 1971-yilda Janubiy Afrika Respublikasida tug`ilgan. Ammo, ko`pchilik o`ylaganidek u yaxshi rivojlanmagan Afrika davlatida tug`ilib, xarobadan chiqgan milliarderga aylanmagan. Uning otasi yaxshi muhandis, onasi esa model va dietolog bo`lgan. Oila esa obro`li va o`ziga to`q bo`lgan. Ilon oiladagi to`ng`ich farzand bo`lib, uning Kimbal ismli ukasi va Toska ismli singlisi bor. Ilon yoshligidan boshqacharoq bola edi. U biror narsani o`ylash chog`ida ba`zida trans holatiga o`xshash holatga tushib qolardi va atrofidagi hech narsaga e`tibor bermasdi. Ota-onasi bundan havotirlanib, uni kar deb o`ylab, shifokorlarga olib borishgan. Ilon Mask o`zi keyinchalik bergan intervyularida, bunday holatda u hayolidagi narsalarni huddi haqiqiy hayotdagidek juda tiniq ko`ra olgan va bu unga biror qiyin masalalarni yechishda yordam bergan. Uning aytishi bo`yicha hozir ham u shunga o`xshash holatlarga tushib turadi. Ammo endi ular bolalikdagi kabi yorqin va unchalik tiniq emas. Yosh Ilon filmlardagi tipik hayolparast, bizda bolalar odatda "to`rtko`z" deb ustidan kulishadigan, introvert bola bo`lgan. Maktabdan keyingi vaqtini kechgacha kitob do`konida qo`liga tushgan kitobni o`qish bilan o`tkazgan. Britaniya ensiklopediyasini to`liqligicha o`qib olgandan keyin, atrofidagilarga har doim turli faktlarni aytib beradigan "bilag`on"ga aylangan. Har doim odamlarning xatolarini aytib, to`g`irlab turish odati bo`lgani uchun uni manmanlik qilyapti deb noto`g`ri tushunishgan. Tabiiyki bunday "aql o`rgatuvchi" bolaning do`stlari kam bo`lgan va ba`zida boshqa tengdoshlaridan kaltak ham yeb turgan. Ilon Mask bularni eslab, "...meni chalajon holatgacha do`pposlashardi...." ,- deb aytib o`tgan. Umuman, Mask bolaligini juda daxshatli o`tgan deb hisoblaydi. Maktabdagi muammolardan tashqari uning otasi bilan munosabatlari yaxshi bo`lmagan. Nima uchundir, butun Masklar oilasi sobiq oila boshlig`ini haligacha yomon ko`radi. Aytishlaricha uning harakteri juda o`g`ir bo`lgan. Ammo, oila boshqa detallarni oshkor qilmaydi.

Yosh Ilon


Ilon Mask doimo qolganlardan boshqacharoq fikrlaganiga qaramay, maktabdagi o`qituvchlar uchun u oddiy, baholari va bilimi boshqalardan hech narsasi bilan ajralib turmaydigan bola bo`lgan. Hech kim uni bunchalik mashhur odam bo`lishini kutmagan. Ilon esa maktabda shunchaki yaxshi baholar uchun o`qib, qolgan vaqtini o`zini qiziqtirgan narsalarga: asosan ilmiy-fantastik kitob va komikslar o`qish, video o`yinlar o`ynashga sarflagan. Aynan komikslar yosh Ilonga qahramonlik va dunyoni qutqarish g`oyalarini singdirgan. Ilon doimo faqat o`z davlati yoki xalqiga emas butun insoniyatga foyda keltirishni o`ylagan. Oldiga qo`ygan ulkan maqsadlariga faqat Amerikada erisha olishiga ishongan Mask, 18 ga to`lar-to`lmas JARni tark etib, muhitga moslashish uchun avval Kanadaga yo`l oladi. Ontariodagi Kuins universiteti (Quieen`s University)ga kirib, o`zining aytishi bo`yicha u yerda asosan qizlarni "ovlash" bilan band bo`lgan. G`alati harakterga ega bo`lishiga qaramasdan, unda o`z oldiga qo`ygan maqsadiga qanday qilib bo`lmasin erisha olish odati bo`lgani uchun, u rostdan ham qizlarni ilintira olgan. Keyinchalik esa u shu universitetidagi sevgan qiziga uylangan. 1992 yilda Ilon Mask Kanadadagi universitetni tamomlamasdan, AQSHdagi Pensilvaniya Universitetiga o`tadi. 1995-yilda u yerdan bir yo`la ham biznes, ham fizika sohasida bakalavr diplomlarini olib, Stenfordga fizika va materialshunoslik bo`yicha PhD darajasini olish uchun qabul qilinadi. Ammo, ikki kun o`tib, Kremniy Vodiysidagi yangi, jadal rivojlanayotgan internet sohasi bilan shug`ullanish uchun Stenfordni tashlab ketadi. Tez orada akasi Kimbal bilan Zip2 deb nomlanuvchi gazetalarni onlayn bozorga qo`shilishga ko`maklashuvchi kompaniya tuzadi. Aka-ukalarning ushbu ilk va nisbatan kichikroq kompaniyalarini Compaq kompaniyasi aql bovar qilmas $ 307 mln ga sotib olishini e`lon qilganda, yosh tadbirkorlar ko`p o`ylab o`tirmay uni sotishga qaror qilishadi. Mask o`zining 7% ulushini ya`ni $22 mln ni qo`lga kiritadi.

Ilon Mask millionerga aylanganidan keyin sotib olgan qimmatbaho sportkari kelishini kutmoqda. Shunchaki, bu surat u hali butun dunyo e`tiboriga tushmagan paytlarda oligan)


Kremniy Vodiysining yangi millioneri uzoq tanaffuslarsiz o`zining ikkinchi kompaniyasi X.com ni rivojlantira boshlaydi. X.com huddi hozirgi internet orqali pul o`tkazmalarini amalga oshiruvchi xizmat bo`lib, o`sha paytlarda jahon bank tizimi uchun bu haqiqiy yangilik edi. Ilonni elektron pul o`tkazmalarni rivojlanishiga katta xissa qo`shgan odamlardan deyish mumkin. X.com haqiqiy innovatsiya bo`lganiga qaramasdan 90-yillar oxiriga kelib, uning bir qancha kuchli raqobatchilari paydo bo`lgan. 1999 yilda bozordagi eng katta gigant eBay ga munosib qarshilik qilish uchun, ikki raqobatchi kompaniyalar: X.com va Confinity bitta kompaniyaga birlashishadi. Shu tariqa dunyoga mashhur PayPal paydo bo`ladi. eBay 2002-yilda baribir PayPalni sotib oladi. $ 1,5 mlrd lik shartnomaning 11.7% ulushi ya`ni $ 180 mln Ilon Maskga tegishli edi. Bunday pullarga ega chiqgan odamlarning ko`pchiligi barcha narsani tashlab, umr bo`yi mazza qilib hohlagan ishini qilishi yoki pulni yanada ko`paytirish maqsadida foyda olib kelishi aniq bo`lgan sohalarga investitsiya kiritishi mumkin edi. Ammo, Mask butun insoniyatga yanada ko`proq foyda keltiruvchi ishlarni qilishni hohlar edi. Shuning uchun pullarining $ 100 mln nini o`zining yangi ochilgan SpaceX kosmik texnika ishlab chiqaruvchi xususuy kompaniyasiga, $ 70 mln ni Tesla elektromobillariga, $30 mln ni esa SolarCity quyosh panellari o`rnatuvchi kompaniyaga tikadi. Neft birjasi gullab turgan paytda qayta tiklanuvchi energiyaga va asosiy raqobatchilari butun boshli davlatlar bo`lgan kosmik sohaga shuncha sarmoya kiritish, qolganlar uchun shunchaki telbalik bo`lib ko`rinardi, uning muvaffaqiyatiga ko`pchilik ishonmasdi. 2008-yildagi inqiroz sabab Tesla ham, uch marta muvaffaqiyatsiz parvoz amalga oshirgan SpaceX ham butunlay yopilib ketishi mumkin edi. Ammo Mask bu qiyin vaziyatlardandan chiqa oldi va hozir uning $ 42,1 mlrd miqdordagi shaxsiy kapitali bor. Ilon Maskning kompaniyalari haqida hafta davomida batafsilroq tanishamiz.

Yuqorida Ilon Maskni rosa maqtadik, ammo u ham ideal odam emas. Tadbirkor shaxsiy hayotda biznesdagi kabi omadli emas. Bunga albatta uning juda qiyin ish grafiki va atrofidagilari uchun juda murakkab harakteri sabab bo`ladi. SpaceX va Tesla kompaniyalardagi ishlarni boshqarish uchun haftasiga bir necha martta shaxsiy samolyotida doimo AQSHning u shaharidan bu shahariga uchib yuradi. Kun rejasi juda aniq tuzilgan va unda bo`sh vaqt deyarli topilmaydi. Uncha-muncha odam har doim bunday stresslarga to`la haftalarni o`tkazishga dosh bera olmagan bo`lardi. Hatto oilasi bilan birga bo`lish uchun ham uning ish grafikidan alohida cheklangan vaqt belgilangan. Albatta bu oilaviy munosabatlarga salbiy ta`sir o`tkazadi. Ilon Mask ikkita xotini bilan uch marta ajrashgan, bir qancha sevgililari bolgan, hozir esa kanadalik Grayms tahallusli qo`shiqchi bilan birga yashaydi. 6 ta farzandning otasi (5 tasi birinchi turmushdan, oxirgisi kanadalik qo`shiqchidan). Uning shaxsiy hayoti haqida bilishimiz kerak bo`lgan yana bir narsa uning otasi bilan munosabatlari. Ilon ham ukasi ham intervyularida ular otasidan ko`p narsa o`rganishganini va otasining qattiqqo`ligisiz balki bu natijalarga erisha olmagan bo`lishlarini ta`kidlashgan. Ammo, baribir haligacha butun oila Errol Musk (otasi)dan yuz o`girgan. U hali ham JARda yashaydi. Ilon Mask intervyularida otasi haqida juda salbiy fikrlar bildirgan va bolalarini hech qachon bobosi bilan uchrashtirmasligini aytgan. Oilaviy muammolardan tashqari, tabdirkor ko`pincha shov-shuvli mojarolar va sud ishlarida qatnashadi.

Ilon Maskning shaxsiy samolyoti 2018 yilda uchib o`tgan masofalari


Xullas, ana shunaqa inson bu Ilon Mask! Unchalik na`munali inson deb bo`lmaydi albatta). Ammo, uni "qanday qilib hech qanday to`siqlarga e`tibor bermasdan, o`z oldiga qo`yilgan maqsadlarga erishish" bo`yicha tirik qo`llanma deb bemalol aytishimiz mumkin. U sekin asta bolalikdagi orzularini amalga oshirib borayotgan inson. U bir kun kelib, Marsda o`z oyoqlari bilan sayr qilishiga shubha qilmaydigan buyuk hayolparast. Aynan Ilon Mask hozirgi ilm-fan va insoniyat taraqqiyotiga chindan ham qo`lidan kelgancha xissa qo`shayotgan kam sonli katta mulkdorlardan biri. Eh, qani edi sayyoramizda u kabi insonlardan ko`proq bo`lganida...




P.S

Men ham aslida biografiya bunchalik katta va bu insonning asosan shaxsiy tarafini ochib berishini kutmagandim) Har holda wikipediadagidan qiziqroq bo`ldi deb umid qilaman. Menimcha, ismi oxirgi paytda barchaning og`zidan tushmayotgan va ko`pchilik havas qiladigan insonning yoshlik yillari, boshidan o`tkazgan qiyinchiliklari va muammolarini ham bilib qo`ygan yaxshi. Umuman, biror buyuk odamga havas qilib, uning ham aslida huddi barcha kabi minglab muammolari borligi haqida o`ylamaslik bizning eng katta xatolarimizdandir.

Report Page