Khan Academy Oʻzbek “Translaton” loyihasini taqdim etadi
Bu oʻzi qanday loyiha va uning maqsadi nima?
Biz, Khan Academy Oʻzbek jamoasi ilmiy kontentni oʻzbek tiliga oʻgirish boʻyicha marafon eʼlon qildik.
Maqsadimiz – 1 hafta ichida 1 millionta soʻz tarjima qilib, internetdagi oʻzbek kontentini boyitish.
Bu orqali quyidagilarga oʻz hissamizni qoʻshamiz:
● Internet tarmogʻida turli sohalarga oid kontent hajmini oshirish;
● Oʻzbekiston yoshlari orasida ilm-fan va ilmiy adabiyotlarga qiziqishni ommalashtirish;
● Mamlakatimizdagi karantin holatini inobatga olib, yoshlar foydalanishi mumkin boʻlgan yangi masofaviy bilim manbalarini yaratish;
● Yoshlarni kelajakda shu kabi tashabbuslarni tashkillashtirishga jalb etish.
Qanday qilib?
Barcha ishni tashkillashtirish uchun tarjimon, muharrir va koordinatorlar yigʻiladi. Tarjima rus va ingliz tillaridan oʻzbek tiliga boʻladi. Loyiha butunlay onlayn shaklda olib boriladi, sizga faqatgina kompyuter va internet kerak boʻladi.
Oldimizga 1 million soʻzni tarjima qilish maqsadini qoʻygan ekanmiz, bunda bizga turli sohalar boʻyicha taxminan:
● 300 nafar tarjimon;
● 60 nafar muharrir;
● 40 nafar koordinator kerak boʻladi.
Marafon sanalari:
Loyiha 4 bosqichda olib boriladi:
8-16 avgust — Qatnashchi (tarjimon, muharrir va koordinator)larni saralash uchun arizalar qabul qilish.
17-23 avgust — Marafonga start berish.
24-30 avgust — Kontent sifatini tekshirish.
31-avgust — Gʻoliblarni taqdirlash.
Loyihaga ingliz yoki rus tilidan oʻzbek tiliga tarjima qila oladigan koʻngilli tarjimonlar qatnashishlari mumkin. Ishtirok etish uchun arizalar Google Form orqali toʻldiriladi. Arizalar tarjima qilinadigan til, tajriba va yoʻnalishga qarab saralanadi, soʻng guruhlarga ajratiladi. Nomzodlar bajarilgan topshiriqlar sifatiga koʻra saralanadi.
Marafon ishtirokchilari maqolalar tarjimasini onlayn (Google Docs orqali) yoki oflayn (MS Office va h.k. dasturlarda ishlab) taqdim etishlari mumkin.
Ish sifatini kafolatlash maqsadida ishtirokchilar tarjima mavzulariga qarab saralanadi va 11 kishilik (8 nafar tarjimon, 2 nafar muharrir va koordinator) jamoalarga boʻlinadi. Har bir guruh muharrirlari tarjimonlarga real vaqt rejimida yordam berishadi, ish yakuniga yetgach esa, tarjima sifatini tekshirishadi.
Butun jarayon nazorati (ishtirokchilar, jamoalar roʻyxati, tarjima qilinayotgan maqolalarning holati) Google Sheets orqali onlayn tarzda olib boriladi (havolasi bu yerda).
Yoʻnalishlar?
Quyidagi sohalardagi maqolalarni tarjima qilish rejalashtirilgan:
• Matematika
• Fizika
• Texnologiya
• Iqtisodiyot va biznes
• Informatika
• Astronomiya
• Biologiya
• Kimyo
• Geografiya
• Geologiya
• Tibbiyot
○ Batafsil
Tarjima uchun maqolalar turli manbalardan olingan. Quyida baʼzi saytlar roʻyxati:
Bundan tashqari, 7 kun mobaynida open source, open data, kontentni mahalliylashtirish va ijtimoiy tadbirkorlik mavzularida taqdimotlar oʻtkazishni ham rejalashtirdik. Spikerlar va dasturni koʻrish uchun kanalimizni kuzatib boring.
Nominatsiya va sovrinlar
Biz quyidagi nominatsiyalarni rejalashtirganmiz:
● Eng yaxshi tarjimon/muharrir. Bunda ishning sifati va xatoliklar soniga qaraladi (10 ta sovrin);
● Eng faol ishtirokchi. Bunda tarjima / tahrir hajmiga eʼtibor beriladi. Sifat pasayishining oldini olish uchun jarima ballari qoʻllanadi, yaʼni yomon tarjimadagi n ta soʻz hisobga olinmaydi (10 ta sovrin);
● Eng zoʻr jamoa. Bir-biriga boshqalarga qaraganda faolroq yordam bergan va qoʻllab-quvvatlagan guruhga beriladi.
Sovrinlar ishtirokchilar qoʻshgan hissaga qarab bir-biridan farqlanadi. Mukofot sifatida hozircha, elektron kitoblar, miBand soatlar, shuningdek, oʻzbek yoki boshqa tillardagi (ishtirokchilar yoʻnalishiga qarab) bosma kitoblarni sovgʻa qilish rejalashtirilgan.
Biz kimmiz va bu loyiha nima uchun muhim?
Biz – Khan Academy xalqaro platformasini mahalliylashtirish bilan shugʻullanayotgan Khan Academy Oʻzbek jamoasimiz. Bir yarim yillik faoliyatimiz davomida 7 million soʻzli kontentni (taxminan 70 tadan ortiq kitobga teng) oʻzbek tiliga tarjima qilishga ulgurdik. Biz bu borada 250 dan ortiq mutaxassis bilan bir jamoa boʻlib onlayn ishlash tajribasiga egamiz. Siz biz haqimizda saytimiz va ijtimoy tarmoqlardagi sahifalarimizdan yoki bir yil ichida nimalar qilganimiz toʻgʻrisidagi maqoladan koʻproq maʼlumot olishingiz mumkin.
Rasmiy sayt: xanakademiyasi.uz
Telegram: t.me/KhanAcademyUzbek
Facebook: fb.com/KhanAcademyUzbek
Youtube: youtube.com/KhanAcademyUzbek
Bizni qanday qoʻllab-quvvatlashingiz mumkin?
Hamkorlik qilishni istaganlar loyihani moliyaviy qoʻllab-quvvatlashi yoki ishtirokchilar uchun maxsus mukofotlar taqdim qilishi mumkin.
Hoziroq ariza topshiring: bit.ly/translaton_uz
Savollaringiz boʻlsa @khanacademyuzbek_translators ga bemalol yozishingiz mumkin.