Joriy yilning 25-oktabr kuni INNO Innovatsion o‘quv va ishlab chiqarish texnoparki binosida OAV vakillari uchun press-tur uyushtirildi.

Joriy yilning 25-oktabr kuni INNO Innovatsion o‘quv va ishlab chiqarish texnoparki binosida OAV vakillari uchun press-tur uyushtirildi.

Milliy ofis

 

     Nazariy bilim amaliyot bilan birga olib borilsagina u o‘z natijasini ko‘rsatadi. Biroq ko‘p hollarda zarur texnologiyalarning yetishmasligi sababli talabalar fanni to‘laqonli o‘zlashtirishga qiynaladi. Bunday muammoga yechim sifatida Talabalar shaharchasida INNO Innovatsion o‘quv va ishlab chiqarish texnoparki qad ko‘tardi.

     Eng zamonaviy ilg‘or texnologiyalar bilan jihozlangan uch qavatli mazkur texnoparkda robototexnika, energetika, elektrotexnika va biotexnologiya yo‘nalishlarida faoliyat yuritish uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan. Texnoparkning birinchi qavatidan ishlab chiqarish sexida ishlab chiqarish sanoatida qo‘l keladigan ma’lum bir dastur yordamida murakkab ishlarni bajaradigan texnologiyalar o‘rin olgan. Jumladan, elektroset korpuslarini plazmali va aloqa (kontaktli) kesish dastgohlari yordamida payvandlash ishlarini olib borish mumkin. Shuningdek, dasturlangan mexanizm orqali avtomobil ehtiyot qismlarini ishlab chiqarish imkoniyati mavjud. Avvallari 1 sm qalinlikdagi list metallarini arralash uchun ham kuch, ham vaqt sarflanardi. Endilikda maxsus agro lazer ko‘magida ushbu mashaqqatli vazifani atigi soniyalar ichida bajarish mumkinligi kishini quvontiradi. Bundan tashqari, texnopark sexida payvandlash, elektroeroziya, yog‘och va plastmassaga ishlov berish, startap xonalari va laboratoriyalar mavjud.

      CleanBox startapi asoschisi Sulton Abidov yangi texnopark haqida shunday deydi: “Ushbu texnopark bizni mahsulotlar qismlarini ishlab chiqarish va buyurtma berib, navbat poylash kabi noqulay vaziyatlardan xalos qildi. Ixtirochi har doim o‘z ishlanmasini yanada mukammal darajaga yetgunicha izlanishi va tadqiqotlar olib borishi zarur. Masalan, havo tozalaydigan mikrob, bakteriya va viruslar, hatto yoqimsiz hidlarni ham so‘rib oladigan “Air box” mahsulotimiz avval tugmacha yordamida boshqarilardi. Endilikda uni sensor yordamida ishga tushirish mumkin. Hozir uni to‘laqonli ishga tushirish ustida ish olib bormoqdamiz. Shuningdek, maxsus datchik yordamida mazkur ishlanmaga uskunaga yaqinlashgan insonning yurak urushini o‘lchash kabi amaliyotlarni joriy etishni ko‘zlamoqdamiz. Tez kunda bu mahsulot bozor rastalaridan o‘rin oladi. Yangi texnoparkning tashkil etilishi bunday izlanishlarimiz uchun ayni muddao bo‘ldi”.

       Texnoparkning yuqori qavatlaridan o‘quv va kovorking xonalari, robototexnika, standartlashtirish, sport zallari, ma’muriyat, kutubxona va ofislar o‘rin olgan. Texnoparkdagi standartlashtirish xonasi yangi loyihani sotish va standartlashtirish kabi jarayonlar uchun o‘ta muhim amaliyot sanaladi. Deylik, yoshlar tomonidan ishlangan ishlanmalar prototip holatiga olib kelinsa, standartlashtirish xonasida tekshiruvdan o‘tkaziladi.

"Ma’lumki, innovatsion g‘oyalar, asosan, yoshlar tomonidan yaratiladi. Talabalar shaharchasida 50 mingdan ortiq yoshlar bor. Ularga o‘quv va ishlab chiqarish hamda universitetda qo‘llayotgan nazariy bilimlarini amaliyotda qo‘llashga yordam berish asosiy ko‘zlagan maqsadlarimizdan biridir. Fanni toki amaliyotda qo‘llab ko‘rmas ekansiz, uni tushunish va o‘zlashtirish qiyin kechadi", deydi Innovatsiyalar Milliy ofis bosh direktor o‘rinbosari Akbarxon Sobirxonov.

Innovatsiyalar Milliy ofis bosh direktor o‘rinbosari Akbarxon Sobirxonov.

"Texnopark qo‘llarida tayyor ishlanmasi bo‘lgan talaba-yoshlar, tadqiqotchilar, olimlar va professorlar uchun o‘z tajribalarini sinovdan o‘tkazishga imkon beradi. Mexanik ishlov berish, turli metallar va press qilish sanoatida qo‘llaniladigan texnologiyalar mavjud. Kreativlik bor muhitda yangiliklar yaratilaveradi. Mahsulot prototipini yaratib, unga shakl berib, ishlab chiqaruvchilar, tadbirkorlar va loyiha investorlariga ko‘rsatish uchun ham ushbu maskanning ishga tushirilishi nihoyatda zarur edi", deydi Toshkent Davlat Texnika universiteti Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Sherzod Ne’matov.

Toshkent Davlat Texnika universiteti Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha proyektor Sherzod Ne’matov.

Yoshlarning loyihalarini amaliyotga tatbiq qilishda bir qancha muammolar bor edi. Endilikda innovatsion texnopark yoshlarimiz, olimlar va tadqiqotchilarimiz uchun barcha shart-sharoitlarni yaratmoqda.

Texnologiyalar yetishmasligi sabab yetuk va malakali kadrlarni yetishtirib chiqarish mushkul edi. Endilikda ushbu yangi texnoparkda Yangi O‘zbekiston uchun tegishli sohalar uchun kerakli kadrlar tayyorlanadi.

Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan har yili ilm-fan taraqqiyotiga xizmat qiladigan loyihalar uchun turli grantlar ajratiladi, startap loyihalar tanlovlari e’lon qilinadi. Ularga qanday hujjat topshirish va shakllantirish borasida alohida mentorlar tomonidan ko‘rsatmalar beriladi va yo‘l-qo‘riqlar ko‘rsatiladi, deydi Innovatsiyalar Milliy ofisi bosh direktori Akbarxon Sobirxonov.

Texnoparkda, shuningdek, hali hech qayerda o‘rnatilmagan tizim – davlat xizmatlari uchun maxsus xona ham bor. Ya'ni endilikda texnoparkda bank, davlat xizmatlari markazi, intellektual mulk agentligi filiallari ham faoliyat ko‘rsatadi. Ana shu davlat idoralari xizmatlari yordamida binodan tashqariga chiqmasdan turib, yangi korxonalar tashkil etish mumkin.

INNO Innovatsion o‘quv va ishlab chiqarish texnoparkiga uyushtirilgan press-tur OAV vakillarida katta taassurot qoldirdi.


Report Page