"Kattalashtirilgan surat": xayol va haqiqat/inkor va reallik

"Kattalashtirilgan surat": xayol va haqiqat/inkor va reallik

Muhiddin Nido

Biz Dino bilan qariyb o‘n yillar ilgari tanishganmiz. O‘shanda men "Taqiq" nomli hikoyasini o‘qigandim. Uning syujeti o‘zgacha, noodatiy edi. Keyinroq bilsam, Dino Butssatining hamma asarlari shunday –  xayolparastlikni qandaydir ustalik bilan reallikga yaqinlashtirish, undan nimadir haqiqat yasab ko‘rsatishdan iborat ekan. O‘quvchi Dinoning hikoyalari, qissalarini o‘qirkan, hammasi xayoliy narsalar ekanini anglab, tushunib turadi. Bu biz yashab turgan olamda bo‘lishi mumkin bo‘lgan narsalar emas, deya ich-ichidan kalima qaytargandek qaytarib turadi. Ammo qaysidir nuqtaga yetganida, Dino ustalik bilan o‘quvchi inkorining yoniga Bu holat bizning olamda, albatta, bo‘lishi mumkin, degan bir fikrni tiqishtirib qo‘yadi. O‘qirmon esa endi bir-biriga zid ikki jumlani "kalima" qilib qaytaradi: 

Bo‘lishi mumkin...

Bo‘lishi mumkin emas...

Ana shu nuqtadan boshlab kitobxon o‘zi bilmagan holda mulohaza qilishga tushadi. Fikrining qamrovi, darajasi, mavzusi muhim emas. Tushunyapsizmi? Muhimi, o‘quvchi fikrlashni boshlaydi. Men uzoq vaqtlardan beri taniydigan Dinoning maqsadi ham aynan shu bo‘lsa ajab emas?!

Ushbu qissasi kutilmagan, real hayotda kamdan-kam uchraydigan voqelik bilan boshlanadi. Elektronikadan dars beruvchi oliygoh o‘qituvchisiga hozirgisidan ko‘ra o‘n marta ko‘proq maosh taklif qilishadi. Faqat nima ish qilishi, qayerda ishlashi o‘ta maxfiy sirligi bois aytilmaydi. O‘qituvchi biroz o‘ylanib bo‘lsa-da, borishga rozilik beradi.

Menga esa odamzod qanday qilib katta mavhumlik ostidagi manzillarga yo‘l ola bilishi, qo‘rqish yoki qo‘rqmaslik boshqa masala, ammo shu qarorga jazm eta olishi qiziq tuyildi. Ishonsangiz, buning yechimini juda uzoq o‘ylashga hojat ham bo‘lmadi. Ayni damda yurtdoshlarimizning to‘rt milliondan oshig‘i mehnat muhojiri.  Ularning aksar qismi xuddi shunday mavhumlik va qo‘rquvga to‘la hislar bilan begona yurtlarga ketmagan deb o‘ylaysizmi? (Albatta, Dino vaqti kelib o‘zbekistonlik bir “yaqin tanishi” ushbu kontekstdan o‘z yurtidagi ishsizlik va u keltirib chiqarayotgan muammolarga bog‘liq mazmun chiqarishini yetti uxlasa ham tushiga kirgiza olmas edi).

Insonda muhtojlik (yoki yana ham yaxshiroq yashash imkoni) bo‘lsa va o‘sha mavhum joyda ehtiyojlarini qondira olishga sharoit borligini bilsa, ana shu manzil tomon harakat qilib ko‘radi. Demak, ehtiyoji uchun mavhumlikdan ham qo‘rqmaydi. Qo‘rqsa ham hali hammasi yaxshi bo‘ladi, degan umid uning ichida yonib turadi, ichini yoritib turadi.

"Kattalashtirilgan surat" qissasi

Asar so‘ngida ma’lum bo‘lishicha, bir necha olimlar birlashib juda kuchli aql mashinasi yasashadi. U eng murakkab tenglamalar, iqtisodiy va siyosiy vaziyatga bir necha o‘nlab yechimlar, tashhislar qo‘ya olish qobiliyati bilan siylanadi. Uning aql bilan bajaradigan ishlariga aql bovar qilmas edi, go‘yoki. Aql mashinasini kashf etishda asosiy rollardan birida bo‘lgan olim esa unga xuddi insonlarnikidek his qiladigan, ranjiydigan, quvonadigan, kula oladigan va hatto uxlab, tush ko‘ra oladigan qalb ham o‘rnatishning uddasidan chiqadi. Qalbga esa muhabbatini, o‘zi sevgan ayol ruhiyatini singdirishga urinadi. Qaysidir ma’noda bunga erishadi ham. Dunyoning bor ilmiga ega chiqqan mashinaga ayol qalbi, erkak sevgisi ega chiqadi. Biroq vaqtlar o‘tib qalb aqldan tonadi, millionlab raqamlar, hisob-kitoblardan bo‘g‘ilganini bildira boshlaydi.

 

“Meni erkakni yoqtiradigan qilib yaratishgan. Aslida mana bu dahshatli uyni, ya’ni meni - tosh ayolni, qoyalarga mahkamlangan chehrasiz, ko‘kraksiz, yelkasiz ayolni bunyod etgan o‘sha professorning o‘zini o‘ldirganim yaxshi edi. Menda faqat ayollarcha fikrlash qobiliyati bor! Bu shon-shuhrat, - deydi u! Menga bu shon-shuhratning nima keragi bor? Qudratlisan, - deydi u menga, bu qudratning menga nima keragi bor? Men xunukman. Dunyoda meni orzu qiladigan erkakning o‘zi yo‘q.
Professor menga qushlar haqida hikoya qiladimi-yey, "muhabbat, muhabbat", ta’kidlayveradi, xo‘sh, uning o‘zi menga "muhabbat"ni in’om eta oladimi? Qani endi labimdan bo‘sa oladigan erkak bo‘lsaydi... u meni... u meni... u meni...”

 

Ayol qalbi nozik xilqat ekani, u qandaydir raqamlar, asr tenglamalari, iqtisod yoki siyosatdan ko‘ra nafislikni, suyukli bo‘lishni, bir yelkani panoh bilib unga suyanishni ko‘proq istashi, professor ustunlik deydigan jihatlardan ko‘ra ko‘proq sevilishni ustun qo‘yishini, hatto o‘sha raqamlar (algoritmlar) orqali yaratilgan ayol qalbi ham isbot etadi. Barchasini kattaroq masshtabda, "Kattalashtirilgan surat" holatida ko‘rsatishga urinadi. Asar mobaynida yig‘ilib kelgan sirlilik, mavhumlik bilan omuxta qilingan ushbu avj nuqtada qadrdonim Dino Butssati mening nazdimda bu narsaga erishgandek bo‘ladi.

Albatta, bular Dinoning o‘zbekistonlik tanishi sifatidagi kamtarona fikrlarim, to‘xtalib o‘tishni lozim deb topgan jihatlarim. Xo‘sh, siz-chi? Siz Dinoni qachondan beri taniysiz?


Muhiddin Nido


Report Page