Kasbidagi har bir suv kirish va chiqish nuqtasi suv hisobini real vaqt rejimida aniqlab beradigan qurilma bilan jihozlanadi

Kasbidagi har bir suv kirish va chiqish nuqtasi suv hisobini real vaqt rejimida aniqlab beradigan qurilma bilan jihozlanadi

 

Respublika Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Soliq qo‘mitasi tizimida Qashqadaryo viloyatining Kasbi tumanida suv kirish nuqtalari boshqaruvini raqamlashtirish va suvni foydalanuvchilarga yetkazib berish bo‘yicha tajriba-sinov loyihasini amalga oshirish guruhi tashkil etiladi.


Ma’lumki, mazkur loyihani 2024-yil 1-martga qadar ro‘yobga chiqarish talabi davlatimiz rahbarining “Suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida qo‘yilgan edi. Ushbu talabni bajarish uchun respublika hukumati tomonidan joriy yil 14-avgust kuni tegishli qaror qabul qiliniib, Soliq qo‘mitasi zimmasiga viloyatimiz hokimligi bilan birgalikda loyiha guruhi faoliyatini yo‘lga qo‘yish vazifasi yuklatildi. Buning uchun ushbu guruh Kasbi tumani soliq inspeksiyasi ma’muriy binosida joylashtirilib, belgilangan limit doirasida xizmat avtomobili, telefon va internet aloqasi bilan ta’minlanadi, shuningdek, malakali mutaxassislar jalb etilib, zaruratga ko‘ra ular uchun vaqtincha yashash sharoitlari yaratiladi.

Loyiha guruhi to‘g‘risidagi nizomni ishlab chiqish va tasdiqlash uchun hukumat qarorida bir oy muddat berilgan. Nizomda, albatta, bu guruhning vazifalari va funksiyalari, shuningdek, uning faoliyatini doimiy ravishda muvofiqlashtirib borish, Kasbi tumanidagi suv kirish va chiqish nuqtalari hamda qishloq xo‘jaligi korxonalarining suv olish joylarini to‘liq raqamlashtirish nazarda tutilishi lozim. Ayni paytda bu nizomda Suv xo‘jaligi vazirligi tomonidan o‘tkazilgan xatlov ma’lumotlari asosida suv olish joylarida gidroinshootlar qurilishini, o‘rnatiladigan raqamli qurilmalar va bajariladigan ish hajmlarini aniqlash, loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish hamda zarur mablag‘larni ajratish yuzasidan Soliq qo‘mitasiga takliflar kiritish, ajratilgan mablag‘lardan maqsadli foydalanish yuzasidan doimiy ravishda monitoring olib borishga doir va boshqa ma’lumotlar aks ettiriladi.

Loyihani amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan qurilmalar va ularning ehtiyot qismlarini xarid qilish, o‘rnatish hamda servis xizmatlarini ko‘rsatish uchun bosh loyiha va bosh pudrat tashkiloti 2023-yil 1-oktabrga qadar mahalliy hamda xorijiy ishlab chiqaruvchilar orasida (tender) orqali aniqlandi.

Hukumat qarorida belgilanganidek, loyiha guruhi a’zolarining tarkibi soliq organlarining umumiy shtat birliklari doirasida hamda fuqarolik-huquqiy tusdagi shartnoma asosida jalb etish orqali shakllantiriladi. Loyihani amalga oshirish bilan bog‘liq barcha xarajatlar Soliq qo‘mitasining budjetdan tashqari jamg‘armasi hisobidan moliyalashtiriladi. Loyiha yakunida suv kirish va chiqish nuqtalarida o‘rnatilgan qurilmalar tegishliligi bo‘yicha suv xo‘jaligi tashkilotlariga o‘tkaziladi.

Loyihaning dastlabki qiymati 71 milliard so‘m qilib belgilangan, ammo tanlov (tender) savdolari yakunidan kelib chiqib, bu raqamga aniqlik kiritilishi ham mumkin. Shuncha mablag‘ evaziga Kasbi tumani qishloq xo‘jaligida suv hisobini yuritish tiziimini raqamlashtirish maqsadida har bir suv kirish va chiqish nuqtalari suv hisobini real vaqt rejimida aniqlab beradigan qurilmalar bilan jihozlanishi kerak.

Qaror talabiga ko‘ra, Suv xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda Kasbi tumanidagi barcha suv kirish va chiqish nuqtalari hamda qishloq xo‘jaligi korxonalarining suv olish joylarini to‘liq xatlovdan o‘tkazilib, ularning texnik parametrlarini shakllantirgan holda loyiha guruhiga taqdim etilishi lozim. 2024-yil 1-martga borib esa suv resurslarini onlayn monitoring qilish imkonini beruvchi “Smartwater.uz” axborot tizimining elektron xaritasida Kasbi tumanidagi barcha sug‘orish tarmoqlari va inshootlari, shuningdek, ulardagi suv olish nuqtalari aks ettirilishi zarur.

Kasbi tumanida amalga oshirilgan tajriba-sinov natijalaridan kelib chiqib, kelgusi yilning 1-apreliga qadar Suv resurslari hisobini yuritish konsepsiyasi loyihasi ishlab chiqiladi va Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi.

 




Report Page