Kasb bayrami: konchilar sharaflandi

Kasb bayrami: konchilar sharaflandi

 

19-may –O‘zbekiston konchilik va metallurgiya sanoati xodimlari kuni! Shu munosabat bilan “O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyatida tantanali bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.

 

Jamiyat mehnat jamoasi an’anaviy kasb bayramini yuqori mehnat natijalari bilan kutib olmoqdalar. Konlardan ko‘mir qazib olish yil sayin ko‘payib, o‘tgan yili 2019-yildagi 3,5 mln. tonnadan salkam 6 mln. tonnaga yetkazildi. Joriy yilda 6,2 mln. tonna qattiq yoqilg‘i qazib olish rejalashtirilgan. Ayni kunlarda ushub marrani egallash, iste’molchilarni yetarli va sifatli ko‘mir bilan ta’minlash uchun mavjud imkoniyatlar ishga solinmoqda. 

“Qurilish-montaj ishlari” filiali faollar zalida tashkil etilgan tantanali tadbirda jamiyat bosh direktori V.V.Kuznesov, Angren shahar hokimi Alisher Rayimov,O‘zbekiston Kasaba  uyushmalari Toshkent viloyati kengashi raisi o‘rinbosari O‘tkir Rashidov, jamiyat Birlashgan kasaba uyushma qo‘mitasi raisi Abdunosir Qayumov va boshqalar tadbirda so‘z olib, yig‘ilganlarni ayyom bilan qutlar ekan, konchilarning mashaqqatli mehnatini alohida e’tirof etdilar.

Aksiyadorlik jamiyatida ishlab chiqarishni rivojlantirishga samarali hissa qo‘shgan va qo‘shib kelayotgan konchilarning katta guruhiga O‘zbekiston tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi va viloyat kengashlari, Angren shahar hokimligi hamda “O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyati tomonidan faxriy yorliq, tashakkurnoma, “Konchilik shuhrati” ko‘krak nishoni hamda qimmatbaho esdalik sovg‘alari tantanali ravishda topshirildi.

Tadbir respublika san’at ustalari ishtirokidagi bayram konserti bilan yakunlandi.

Kunning ikkinchi yarmida Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat musiqali teatri ijodiy jamoasi tomonidan “Jaydari kelin” spektakli namoyish qilindi.










Report Page