“Karavan SK”: Oʼzbekiston charm-poyabzal sanoati salohiyati eʼtiborga molik
"o`zcharmsanoat" uyushmasi“Oʼzcharmsanoat” uyushmasida Rossiyaning “Karavan SK” kompaniyasi rahbari bilan muloqot boʼlib oʼtdi. Uchrashuvning asosiy mavzusi mamlakatimizda xom ashyoni chuqur qayta ishlash orqali tayyor charm ishlab chiqarishga qaratilgan investitsiya loyihasini amalga oshirish boʼldi.
“Oʼzbekistondagi qulay ishbilarmonlik muhiti meni bu yerga investitsiya kiritishga undadi. Ikki yil davomida mamlakatdagi investitsiya iqlimini, bozorlarni tahlil qilib chiqdik. Mahalliy korxonalar bilan hamkorlik qildik. Tahlillarimiz soʼngida esa Oʼzbekistonda terini qayta ishlash va tayyor charm ishlab chiqarish investitsiya loyihasini amalga oshirishga qaror qildik. Shu sabab charm-poyabzal va moʼyna mahsulotlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan kichik sanoat zonalaridan yer maydoni olishni maqsad qilganmiz” deya oʼz maqsadini maʼlum qildi “Karavan SK” kompaniyasi rahbari Vladimir Tochilin.
Muloqotda xorijiy investorga mamlakatimiz charm-poyabzal va moʼynachilik tarmogʼida olib borilayotgan islohotlar, qonunchilikdagi soʼngi oʼzgartish va sarmoyadorlarga berilayotgan imtiyozlar toʼgʼrisida batafsil maʼlumot berildi. Shuningdek, muzokaralar chogʼida yangi investitsiya loyihasini amalga oshirishning tashkiliy va amaliy jihatlari atroflicha muhokama qilib olindi. Xorijik investor mazkur investitsiya loyihasini Toshkent viloyatining Ohangaron va Yuqori Chirchiq tumanlarida tashkil etilayotgan charm-poyabzal va moʼyna mahsulotlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan kichik sanoat zonalaridan birida amalga oshirish istagini bildirib oʼtdi.
Xorijiy investorga yer maydonini ajratish boʼyicha tegishli tartibda ishlarni amalga oshirish boʼyicha Uyushma tomonidan amaliy harakatlar boshlandi.