KO’ZLARI CHAQNOQ SHOIR

KO’ZLARI CHAQNOQ SHOIR

@akademnashr


Tanishuv

80–yillar. Xadraning biqinidagi pivoxonaga kirdim. Bir krushka pivo olib jussasi kichkinagina sochlari tim qora (keyin bilsam bo’yalgan ekan) odam o’tirgan stolga kelib o’tirdim. U odam adabiyot ixlosmandi ekan shekilli suhbatimiz o’zidan-o’zi she’riyatga borib, taqaldi. Men Rauf Parfining bir she’rini o’qib berdim.

Xato qildim sevgilim,

Xato qildim bilmasdan.

Men suyib xato qildim,

Men kuyib xato qildim,

O’lib xato qilmasman.

“O’zbekning zo’r shoiri”, — dedim iftixor bilan. Haligi odam “Rostdanmi?” dedi. Yana she’r o’qiy boshladim:

Oy suzadi muzlagan kecha

Qor ufurar.

Tumanlarda bir yulduz muncha

G’amgin turar.

G’uj-g’uj yulduz…

U odam hijolat tortganday “To’xtang-to’xtang, zo’r-zo’r” — dedi va kulib “Bu shoirni taniysizmi?” — deb so’radi. Men “Afsuski, tanimayman, qani tanisam edi, boshidan zar sochardim”, — dedim. U shunda qo’qqisdan “Men uni taniyman, tanishtirib qo’yaymi?” deb qolsa bo’ladimi?! Quvonganimdan osmonu falakka chiqib ketdim. Ichimlik va yegulik olib, Xadraning jin ko’chalarini oralab ketdik. Xazon bosgan bir hovliga yetganimizda u kishi meni to’xtatib, “Siz mana bu kursida o’tirib turing” deb o’zi ichkariga kirib ketdi. Oradan biroz vaqt o’tganidan keyin bo’yniga bo’yinbog’ taqqan holda chiqib, “Qarshingizda Rauf Parfi janoblari turibdi”, — desa bo’ladimi? Jahlim chiqqanidan musht tushirib yuboray dedim. “Ovozingni o’chir, aperiss!” — dedim baqirib. Keyin u kishi “Mana kitobim, rasmim ham bor, ko’ring, men o’sha shoir bo’laman” – dedi. Biz qayta boshdan quchoqlashib ko’rishdik. O’sha kuni yarim tungacha she’rxonlik avjiga chiqdi.

Xarid: @akademsavdo


Ikki daho

Bir to’da ijodkorlar rahmatlik Tilak Jo’raning Sog’bondagi katalakdek hovlisida yig’ilgan edik. Mehmonlar orasida bir so’zamol yozuvchi Abdulla Oripovning Mirtemir domlaga bag’ishlangan she’rini o’qidi:

Sizga tashlanmadi oh, ne-ne zotlar,

Ular har mo’minga tashlanar edi.

Tashlanmasa dili g’ashlanar edi,

Ular puchak jonlar, ahli bedodlar.

She’rni o’qib tugatgach, “O’zbekistonda bundan zo’r bag’ishlov she’r yo’q…” deb qoldi.

Men esa “Bor!” dedim, hamma menga yalt etib qaradi. Men Rauf akaning Mirtemir domlaga bag’ishlangan, hali matbuotda e’lon qilinmagan “Turkiston yodi” she’rini o’qiy boshladim.

Kecha sodiq o’g’ling

O’tdi dunyodan.

U shoir edi,

U inson edi,

Sanchilib yashaydi

Doimo yodda…

She’rni o’qib tamomlashib bilan davra yoppasiga meni olqishladi. So’zamol yozuvchiga bu alam qildi, shekilli, mehmondorchilik mushtlashuv bilan tugadi.

Tilak aka meni mehmonlardan ajratib olib chiqib kuzatmoqchi bo’lganida davradan bir kishi otilib chiqib, meni quchoqlab “Rahmat, ukajon, men ham siz bilan ketaman” deb turib oldi.

Tor ko’chadan katta ko’chaga chiqdik. Haligi odam taksi to’xtatib, “Guliston” restoraniga” dedi. Tilak aka rahmatli, men ham sizlar bilan boraman deb mashinaga o’tirdi. Keyin hazillashib, mana Orifizm, mana Parfizm deb o’ziga xos usulda qah-qaha otib kuldi (chunki, xalq orasida shunday ibora yurardi). Restoranga yetib kelganimizda haligi odam ichimlik, shashlik va gazak buyurdi. Qadahlar to’ldirilib qo’lga olindi menga esa yana bir necha marta rahmatlar yog’ildi keyin bilsam, bu odam Mirtemir domlaning o’g’illari Mirjalol Tursunov ekan.

O’zbek she’riyatidagi eksprimentlar

Bir kuni shoir Berdi Rahmat ustoz ikkalamizni uyiga mehmondorchilikka taklif etib qoldi. Berdining bir-biridan sho’x o’g’illari bizlarga xalaqit berardi. Shunda Rauf aka chiroyli lutf qildi. “Kichkina dunyoning katta odamlari, bizga tinchlik bering”, dedi.

Adabiyot haqidagi suhbatimiz uzoq davom etdi. Men yoshlik qilibmi yoki tajribasizligim boismi, ustozga “Hamma narsaning teskarisini yozib, qolipga sig’maydigan so’zlarni ishlatasiz, bu noto’g’ri ekanligini o’zingiz ham bilasiz-ku”, — dedim. Ustoz xafa bo’ldi shekilli, ma’yus tortib, “ketaman”ga tushib qoldi. Berdi ikkalamiz uni kuzatgani chiqdik. Men Berdinikida qolmoqchi edim, taksi to’xtatdik, Berdiboy pulini ham to’ladi. Ustoz mashinaga o’tira turib “Muhammad, chiqing, siz ham men bilan ketasiz”, — deb qoldi. Ra’yini qaytarolmadim. Dahshatli jimlik hukmron edi. Talabalar shaharchasiga yetganimizda ustoz taksini to’xtatdi. Bu yog’iga 11-tramvayda ketamiz dedilar. Yana jimlik. “G’uncha” kinoteatrining oldiga kelganda u qaddini tutib urishmoqchi bo’lgan dakan xo’rozday menga tiklandi. “Haligi aytgan gapingiz balki to’g’ridir, balki shunday qilgandirman. Axir qachongacha chidaymiz eski tos, eski tog’oraga… Adabiyotimiz esa yangilanishni kutmoqda. Turklar uch marta yangilanish davrini o’tkazishdi. Boltiqbo’yidagilar esa adabiyotni tamomila boshqa yangi yo’lga burib yuborishdi. Faranglar, afrikaliklarni-ku, aytmasak ham bo’laveradi. Biz esa buni anglagan Cho’lpon, Fitrat, Bexbudiylarni go’rga tiqdik”.

U ko’zlari yonib so’zlardi. “Adabiyotda ekspriment (tajriba) qilishdan qo’rqmasligimiz kerak. Buni men, siz — yoshlar qilmasangiz kimlar qiladi “, — dedi-yu, xayrlashmasdan ham jo’nab qoldi. Hali hamon ustozning chaqnagan ko’zlari mening yozuv stolim ustida turadi.


Muhammad G’AFFOR

O’zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi


Manba: kh-davron.uz


Obuna bo‘ling: @akademnashr

Report Page