KONSTITUSIYAVIY ODIL SUDLOV VA ADVOKATURA

KONSTITUSIYAVIY ODIL SUDLOV VA ADVOKATURA


BUGUN, 25 aprel' kuni O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasida majlis zalida, O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyaviy sudi va O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasi bilan hamkorlikda “Inson huquq va erkinliklarini himoya qilishda konstitusiyaviy odil sudlov va advokatura” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Davra suhbatida Konstitusiyaviy sud sud'yalari, O‘zbekiston Advokatlar palatasining mas'ul xodimlari, Advokatlar palatasi Toshkent shahri va Toshkent viloyati hududiy boshqarmasi tizimidagi advokatlar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyat, tuman hududiy boshqarmalari tizimida faoliyatdagi advokatlar videokonferens-aloqasi orqali, shuningdek OAV vakillari ishtirok etdilar.

Dastlab tadbirni O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyaviy sudi raisi o‘rinbosari Asqar G‘afurov va O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasi raisi Shuxrat Sadikov kirish so‘zi bilan ochdilar.

Yangilangan O‘zbekiston Respublikasining Konstitusiyasining

133-moddasida konstitusiyaviy shikoyat institutiga oid norma kiritilishi – mamlakatimizda olib borilayotgan keng qamrovli demokratik islohotlar, inson huquqlari va qonunchilikni liberallashtirish g‘oyalariga asoslangan.

Asosiy yangiliklaridan biri – fuqarolar va yuridik shaxslarga konstitusiyaviy huquqlari buzilganligi yuzasidan shikoyat bilan Konstitusiyaviy sudga murojaat qilish huquqi kiritilishi, unga ko‘ra fuqarolar va yuridik shaxslar, agar sud orqali himoya qilishning boshqa barcha vositalaridan foydalanib bo‘lingan bo‘lsa, sudda ko‘rib chiqilishi tugallangan muayyan ishda sud tomonidan o‘ziga nisbatan qo‘llanilgan qonunning Konstitusiyaga muvofiqligi to‘g‘risidagi shikoyat bilan O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyaviy sudiga murojaat qilishga haqliligi ushbu yangilangan normaga belgilab qo‘yilgan.

Bugungi tadbirda Konstitusiyaviy sud sud'yalari, advokatlar Konstitusiyaviy sudga murojaat qilish tartibi hamda advokatlik faoliyati kafolatlarining konstitusiyaviy asoslariga bag‘ishlangan mavzularda ma'ruzalari tinglandi.

“Fuqarolar va yuridik shaxslarning Konstitusiyaviy sudga murojaat qilish tartibi” mavzusida O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyaviy sudi sud'yasi, Karomat Davletova, “Advokatlik faoliyati kafolatlarining konstitusiyaviy asoslari” mavzusida O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasi Toshkent viloyati hududiy boshqarmasi boshlig‘i, Ilyos Yusupov ma'ruza qildi.

Davra suhbatida Konstitusiyaviy sudda fuqarolar murojaatlarini ko‘rib chiqish tartibi va murojaatlarga qo‘yilgan talablarga oid savol-javoblar va munozaralar bo‘ldi. Munozaralar davomida fuqarolarning konstitusiyaviy huquqlarini yanada kengroq himoya qilishda advokatlarning o‘rni va roliga oid masalalar muhokama qilinib, kelgusida O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyaviy sudi va O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasi bilan hamkorlikda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar belgilab olindi.

Advokatlar palatasi

Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi


Report Page