KO‘KLAM KELADIR

KO‘KLAM KELADIR


CHO‘LPON


Ko‘klam oyim yo‘lg‘a chiqqan, ko‘klam oyim qo‘zg‘alg‘an;

Ko‘k ko‘ylakning bitishiga uncha ko‘p ham qolmag‘an!


Tiniq havo… ko‘k yuzida oppoq, harir pardadek

Oq bulutlar, unda-munda yoyilg‘anlar parishon.

Shu’lalarning aksi bilan yiltillagan ignadek,

Kun tig‘lari, qarashlarg‘a o‘tkur-o‘tkur sanchilg‘an…


Qip-yalang‘och daraxtlar ham quchoq ochib, ko‘z tutib,

Ko‘k ko‘ylakning bitishini chidamasdan kutalar.

Qarg‘alar ham qishda qilg‘an gunohlarni unutib,

Uzr aytmasdan, indamasdan, uchib-uchib ketalar.


Sezgilarni uyg‘otguvchi hidli gullar to‘planib,

“Biz ham yo‘lg‘a chiqdik!” deya yuborg‘anlar bir chopar.

Gul hididan rizq emguchi jonivorlar uyg‘onib,

Erta-indin boqchalarg‘a, chamanlarga tarqalar.


Ko‘klam oyning ipak ko‘ylak etaklari sudralib,

Qora yerning boshlarini silab-siypab keladir.

U silashdan, u siypashdan quvvat olib, kuch olib,

Qora yer ham ko‘ksidagi oltinlarni beradir.


Ko‘klam bilan yurtimga ham bir ko‘karish kelsaydi;

Ko‘ngillar ham havolardek ko‘klam hidi bersaydi,

Dillarga ham havolardek ko‘klam ruhi kirsaydi!..

1924


“Jadid” gazetasining 2024-yil 15 -martdagi 12-sonida

Report Page