KO‘HNA VA BOQIY BUXORO MUQADDAS QADAMJOLARI TURKUMIDAN. Nodir Devonbegi madrasasi (Afsonaviy qush jilosi)

KO‘HNA VA BOQIY BUXORO MUQADDAS QADAMJOLARI TURKUMIDAN. Nodir Devonbegi madrasasi (Afsonaviy qush jilosi)

https://t.me/uzarxivs

Buxoro shahrining Labi hovuz ansambli sharqiy qismida joylashgan Nodir Devonbegi madrasasi Buxoro xoni Imomqulixonning vaziri Nodir Devonbegi (Nodir mirzo Tog‘ay ibn Sulton) tomonidan bunyod etilgan. U yuz urug‘i boshliqlaridan bo‘lib, XVI asr oxiri – XVII asr boshlarida yashab faoliyat ko‘rsatgan. Madrasa 1622-1623-yillar oralig‘ida bunyod etilgan. Bu so‘nggi o‘rta asrlar davriga to‘g‘ri keladi. Nodir Devonbegi madrasasi bunyod etilgan davrda Buxoro xonligida Ashtarxoniylar sulolasi hukmronlik qilar edilar. Me’moriy obidaning bunyod etilishida har xil o‘lchamdagi xom va pishgan g‘ishtlar, loy, yog‘och, maxsus “qir” qotishmasi, tunuka, marmar, sement, tosh, ganch va shunga o‘xshash ashyolardan keng foydalanilgan. Me’moriy obidaning dizayni haqida gapiradigan bo‘lsak, hovli atrofida 4 tomondan 2 qavatli kichik hujralar bilan o‘ralgan. Hujralarga o‘ymakori uslubida bezatilgan eshiklar, eshiklar tepasidagi tobadonga panjaralar o‘rnatilgan. Hovliga pishiq g‘isht yotqizilgan. Bosh tarzi maydonga qaragan. Old tomonida hovuz bor. Peshtog‘i o‘ziga xos mahobatli va serhashamdir. Undagi o‘simliksimon naqshlar orasida quyoshga intilayotgan afsonaviy xumo qushi va bug‘uning o‘tlab yurgan tasviri koshinkori bezaklari yorqin bo‘yoqlarda aks ettirilgan hoshiyalari madrasa peshtoqiga, kitobasiga arabiy yozuvlar bitilgan. Ustun go‘shasi burmasimon. Peshtoqining 2 yon qanotidagi 2 qavatli 3 tadan chuqur ravoqli peshayvon alohida zeb berib pardozlangan burchaklaridagi 2 guldasta ravoqdagi naqshlar bilan o‘zaro uyg‘unlashgan. Madrasa tarhi 52×49 m., hovli 34×30 m. ni tashkil etadi. Me’moriy obida Sharq me’morchiligi an’analariga tayangan, naqshinkor, “Chor” uslubida bunyod etilgan. Madrasa o‘z davrida ilm-ma’rifat o‘chog‘i bo‘lgan, u yerda talabalarga diniy va dunyoviy fanlardan saboq berilgan. Me’moriy obidaning o‘ziga xos tomonlari haqida gapiradigan bo‘lsak, inshoot dastlab karvonsaroy sifatida qurilgan, xonning qarori bilan madrasa holiga keltirilgan. Unda madrasalarga xos ayvon, masjid va katta darsxona yo‘q. Madrasa fasadining bezatilishi, fantastik qush tasvirining tushirilishi kabi jilolar bilan e’tiborlidir. 

Shu tomonlari bilan Buxorodagi boshqa me’moriy obidalardan ajralib turgan. 1997 yilda Buxoro shahrining 2500 yilligi munosabati bilan Buxorodagi barcha obidalar qatorida Nodir Devonbegi madrasasi ham qayta ta’mirdan chiqarildi va YUNESKO tashkilotining Butun Jahon yodgorliklari ro‘yxatiga kiritildi. Davlatimiz tomonidan qabul qilinayotgan qonun va qonunosti hujjarlari me’moriy inshoot muhofazasining huquqiy kafolatidir.

Ushbu tarixiy fotosurat Buxoro viloyat davlat arxividagi fond-802, ro‘yxat-1, 53-raqamli yigʻmajildda saqlanmoqda.

“O‘zarxiv” agentligi Axborot xizmati

https://t.me/uzarxivs




Report Page