KITOBXON VA YOSHLAR UCHRASHUVI

KITOBXON VA YOSHLAR UCHRASHUVI


Bugun Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi Qorako‘l tuman bo‘linmasi tashabbusi bilan “Kitobxonlik haftaligi” doirasida Qorako‘l tuman Musiqa va san'at maktabida "Yosh kitobxon" ko‘rik tanlovining Respublika bosqichi 2 o‘rin g‘olibasi SHamshoda Hamdamova bilan tumanimizdagi maktab o‘quvchi-yoshlari o‘rtasida ijodiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv chog‘ida qahramonimiz yutuqlarining kaliti bo‘lgan kitob mutolaasi va har bir fursatdan unumli foydalanish borasida hayotiy saboqlarini o‘quvchilar bilan o‘rtoqlashdi. O‘zining hayotiy shioriga aylangan she'r va hikmatli so‘zlar orqali yoshlarni kitobxonlikka da'vat etib: "Kitoblar insoniyat fikri durdonalarini to‘plab avlodlarga yetkazadi. Ular sizni hali siz ko‘rmagan dunyoga olib kiradi, hali siz eshitmagan so‘zlarni aytadi. Kitob o‘qishni odat qilmagan odam ma'naviy qashshoqdir. Jomiyning shunday so‘zi bor:

Agar yolg‘iz esang hamdam kitobdur, Bilim subhidagi nur ham kitobdur. SHunday ekan, aziz yoshlar, bu nurga cho‘milinglar toki sizdan taralgan nur atrofni yoritsin. Toki ota-onangiz, mahallangiz, vataningiz siz bilan faxrlansin. Do‘stlaringiz huzuringizga oshiqsin. Ana o‘shanda siz haqiqiy Alisher Navoiy, Bobur, Atoiy, Gulxaniy kabi buyuk allomalarning munosib vorislari bo‘lib yetishasiz"-kabi bebaho fikrlar bildirdi.


Uchrashuv davomida o‘quvchi yoshlar dono kitobxonga o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat etdilar. Teran fikrlari, ravon nutqi, chuqur bilimi bilan tumandoshlari qalbida faxr-u iftixor uyg‘otgan SHamshoda Hamdamova kelgusida yanada ko‘plab kitoblarni o‘qib, oliy o‘rinlar egallash maqsadida ekanini aytdi. Bu esa tinimsiz izlanish va samarali mehnatning natijasi o‘laroq, o‘quvchi yoshlar uchun ibrat maktabini o‘tadi.




Report Page