KIM QANCHA SUYULTIRILGAN GAZ BILAN TA'MINLANAYOTGANINI ANIQLASH JUDA MUSHKUL EDI

KIM QANCHA SUYULTIRILGAN GAZ BILAN TA'MINLANAYOTGANINI ANIQLASH JUDA MUSHKUL EDI


Gaz tizimi sohasida onlayn rejim asosida ish olib borish va raqamlashtirish jarayonlari ham suyultirilgan gaz ta'minotiga tadbiq etilmoqda. Tizimda shaffoflikni ta'minlash, korrupsiya va sun'iy narx oshirilishini oldini olish maqsadida aholiga suyultirilgan gaz yetkazib berishning onlayn “E-Gaz” tizimi ishga tushirildi. Bu borada barcha iste'molchilarga maxsus ID kartalar bepul ravishda tarqatildi va barcha maishiy gaz ballonlari maxmum bar-kodli yorliqlar bilan ta'minlandi. Hozirda viloyatimiz bo‘ylab 423 mingdan ortiq suyultirilgan gaz iste'molchilariga mana shu onlayn tizim asosida gaz yetkazib berilmoqda. 

Andijon shahri esa viloyat bo‘yicha eng ko‘p suyultirilgan gaz iste'molchilariga ega hudud hisoblanib, shaharda 48 mingdan ziyod aholi suyultirilgan gaz iste'molchisi sifatida xatlovdan o‘tkazilgan. Iste'molchilarda 95 mingdan ziyod ijara shartnoma asosida taqdim etilgan va shaxsiy maishiy gaz ballonlari mavjud. Yil boshidan shaharliklarga “Andijonshahargaz” gaz ta'minoti bo‘limi tomonidan reja 6617.99 tonna bo‘lgan holda, amalda 7227.1 tonnadan ziyod suyultirilgan gaz yetkazib berildi va belgilangan reja 109 foizga bajarilmoqda. 

“Hududgazta'minoti” AJ boshqaruv raisining o‘rinbosari boshchiligidagi ishchi guruh Andijon viloyatida bo‘lib, aholining suyultirilgan gaz bilan ta'minlanishi, kuz-qishga tayyorgarlik hamda suyultirilgan gaz yetkazib berishning onlayn tizimi ishlashi bilan qiziqdi. Dastlab “Do‘stlik” MFY o‘ramidagi aholi xonadonlariga kirildi. “Do‘stlik” MFYda 713 ta xonadon suyultirilgan gaz iste'molchisi hisoblanadi. Iste'molchilarning barchasi onlayn tizim asosida ID kartalar bilan ta'minlangan. Ularning 869 dona maishiy gaz ballonlari bar kodli yorliqlar bilan ta'minlangan bo‘lib, mahalla ahli yil boshidan beri 157.66 tonna suyultirilgan gazdan foydalandilar. 

“..Bizni asosiy maqsadimiz, “mahallabay” tizimi asosida har bir iste'molchini o‘rganish va mavjud muammolarni yechishdir, - deydi “Hududgazta'minot” AJ Boshqaruv raisining o‘rinbosari Tohirjon Turdiev. –Avvallari, kim qancha suyultirilgan gaz bilan ta'minlanayotganini aniqlay olish juda mushkul edi. Hozirda yangi tizim asosida har bir iste'molchining qachon va qancha miqdorda gaz olayotganini kuzatishimiz mumkin. Ishchi guruh o‘rganishlar davomida kamchilik va muammolar aniqlanmoqda va aniqlangan kamchiliklar shu yerni o‘zida bartaraf etilayapti. Misol uchun, Andijon shahri juda ham zich bo‘lganligi uchun, bir xonadonda 3-4 hatto 5 tagacha xo‘jalik yoki oila istiqomat qilmoqda. O‘sha xonadonda aytaylik 2 ta yoki 3 ta maishiy gaz balloni bor, lekin bir dona ID karta bilan ta'minlangan. Hozirda mana shunday xonadonlarga qo‘shimcha kartalar ajratib, masalani hal etishga kirishdik...” 

Ishchi guruh bilan aholi uchrashuvida ID kartalarning ishlashi, nazorat tarozilari va yetkazib beruvchi chilangarlarning muomala madaniyati haqida fikrlar almashildi. Iste'molchilar bilan suhbatda kartalardan foydalanish qoidalari yana bir bor eslatib o‘tildi. Shuningdek, maishiy gaz ballondan foydalanish, oshxonadagi gaz jihozlari, gaz plitasi va ballon oraliq masofasi haqida ham tushunchalar berildi.

Shuningdek, 726 ta suyultirilgan gaz iste'molchisiga esa bo‘lgan “Guliston” MFYga ham yil boshidan 164.04 tonna gaz yetkazib berilgan. Uchrashuv davomida aholining fikr-mulohazalari tinglanib, suyultirilgan gaz yetkazib berishdagi onlayn tizim hamda uning ahamiyati haqida aholiga ma'lumotlar berildi. 

“Hududgaz Andijon” gaz ta'minoti filiali matbuot xizmati



Report Page