KELINOYIMI,  YANGAMI YO CHECHA?

KELINOYIMI,  YANGAMI YO CHECHA?


Ba’zi lahjalarda, ko‘proq Farg‘ona vodiysi va Toshkent shevalarida, akaning xotiniga nisbatan “kelinoyi” yoki qisqartirib “kennoyi” deb, boshqa hududlarda “yanga” yoki “checha” deb murojaat qilinadi. Shuningdek, mahalliy so‘zlashuvlarda ularning turli (jengge, yengge, yengebiye, cheche, sheshe, gelimbiyi va hokazo) ko‘rinish­lari mavjud. Ma’nodosh so‘zlarning ko‘pligi tilimiz boyligidir va ularni asrab-avaylash joiz. Ammo oynai jahon va radio, matbuot va adabiy matnlarda “yanga” va “checha”ga nisbatan “kelinoyi”ga biroz ustunlik berilishi sir emas.

Yosh avlod har doim zamonaviy so‘zlardan foydalanishga intiladi, ba’zi yosh­larimiz agar bir qadam ortda qolgan so‘zni ishlatsa go‘yo o‘zini zamondan ortda qolganday his etadi. So‘zlar esa, shu taxlit unutilib bora­veradi.

Kelinoyi, yanga, checha deb, avvalo, akaning xotini­ga nisbatan aytilsa-da, har qanday yoshi ulug‘ qa­rin­dosh, yaqin inson ayoliga nisbatan, hatto begonalarga ham hurmat yuzasidan shun­day murojaat etish mumkin.

Xo‘sh, nega “kelinoyi” deyiladi? Mahmud Kosh­g‘ariyning “Devonu lug‘otit-turk” asarida “kelin” (“kӭ1in”) so‘zi bor, ammo “kelinoyi” yoki uning bosh­qa shakllari uchramaydi. Bizningcha, “ke­lin” – “kelmoq” fe’lidan yasalgan, ya’ni oilaning tashqaridan kelib qo‘shilgan a’zosi. Ruscha “nevesta” so‘zining lug‘aviy ma’nosi ham mantiqan “kelin”ga o‘xshab ketadi. Muta­xassislarga ko‘ra, “nevesta” – “neizvestnaya”, ya’ni “noma’lum”, “ilgari ko‘rilmagan”, “yangi” ma’nolaridagi “ne vesta” (“ne” bo‘lishsizlik qo‘shimchasi va “vedat” fe’lidan) so‘zidan yasalgan.

Slavyan xalqlaridan farqli o‘laroq, bizda azaldan quda-andachilikning yozilmagan tartib-qoidalari bo‘l­gan: aytaylik, turmush o‘r­tog‘ining ota-onasi – “qayin ota”, “qayin ona” deb kelin yo kuyovning o‘z ota-onasiga tenglashtirilgan, oilaning boshqa a’zolari ham: qayin + og‘a /uka /opa /singil /bika shaklida tug‘ishganlar qatorida ko‘­rilgan. Yosh qiz boshqa oilaga kelin bo‘lib tushganda, yotsiramasligi, tezroq qo‘shilib ketishi uchun uni: “kelin poshsha”, “kelin buvi”, “kelin bola”, “kelin bika” va hokazo sifatlar bilan rag‘batlantirishgan. “Kelin oyi” deyish esa, mantiqan oilaning kichik a’zolari tomonidan akaning (yoshi ulug‘ qarindoshning) xotinini ham ona qatori hurmatlanishi belgisidir.

Shuningdek, turkiy xalq­larda azaldan qalin berish udumi bor. Ammo “kelinga beriladigan sep” ma’nosidagi “qalin”ning tilimizdagi boshqa bir so‘z – “yo‘g‘on”, “ko‘p” kabi ma’nolarni bildiruvchi “qalin”ga aloqasi yo‘q, ular shakldosh so‘zlar, xolos. “Kelinga beriladigan sep” ma’nosidagi “qalin” so‘zining “qolmoq” fe’lidan yasalganligi haqiqatga yaqinroq, ya’ni qalin yosh qizning boshqa oilada farzand bo‘lib qolishi kafolati sifatida berilgan. “Devonu lug‘otit-turk”da “qalin” – “qa­ling” shaklida yozilgan va shunday izohlangan: “ qalїң – qalin, sep. She’rda shunday kelgan:

Bӭrdim sӭңä qalїң

Ӭmdi munї alїң

Ӭmgäk mӭniң bi1iң

Og‘rar to‘ңo‘r barg‘alї.

Kuyov qaynotasiga aytadi: sizga qalin berdim, buni oling. Bu molni to‘p­lashdagi qiyinchiliklarimni tushuning. Qaynota aytadi: u ketish oldida turibdi, ketmoqchi bo‘lyapti-ku (ya’ni qiz olib ketish uchun o‘rog‘liq tayyor turibdi – A.H.)”. Boshqacha aytganda, kuyov qalin berish bilan muayyan majburiyatlarni zimmasiga olayotganini qaynotaga bildirmoqda.

Ilgari “yanga” so‘zi deyarli barcha hududlarda mavjud bo‘lgan, hatto “akaning xotini” ma’nosida tojik tiliga ham o‘tgan. “Devonu lug‘otit-turk”da ham: “ϳaңga – yanga. U katta akaning xotini”, deb izohlangan. Demak, ming yil oldin ham “akaning xotini” ma’nosida “yanga” so‘zi ishlatilgan. Bizningcha, “yanga” (“jengge”, “yenge”) ham qachonlardir “kelin” singari “oilaning yangi a’zosi” ma’nosida “yangi” so‘zidan kelib chiqqan. Shevadagi “yan­ga­biyi”, “yanga­mullo” kabi shakl­lari “kelinoyi”, “kelinposhsho”ga muvofiq keladi.

“Boburnoma”da Bobur bir o‘rinda: “Habiba Sultonbegimni “yanga” der edim”, deb yozadi. Habiba Sultonbegim – Movarounnahr hukmdori temuriyzoda Sulton Ahmad Mirzoning kichik xotini. Sulton Ahmad Mirzo Boburga amakivachcha bo‘lgan, shu bois Bobur Habiba Sultonbegimga “yanga” deb murojaat qilgan. Boshqa bir o‘rinda esa shunday deyiladi: “...yana yanga chechamningkim, Zaynab Sultonbegim bo‘lg‘ay, nabirasi kelib, Tu’tadin o‘tib, mahallot yoqasida daryo qirg‘og‘ida tushub edilar, borib, namozi digar bila namozi shom orasida ko‘rdim”. Bu yerda Bobur 1528-yili Hindistonga temuriyzoda malikalar, ya’ni ammalari kelgani va ular bilan ko‘rishgani haqida so‘z yuritmoqda. Xo‘sh, nima sababdan bu yerda Bobur “yangam” yoki “checham” emas, “yanga checham” degan?

Yuqorida aytilganidek, “checha”, “yanga” va “kelin­oyi” sinonim so‘zlardir. “Che­cha” ba’zi shevalarda “cheche”, qo‘ng‘irotlarda “she­she” deb talaffuz etiladi, ayni paytda, qozoq qar­dosh­la­rimiz “sheshe” deb “ona”ni aytishadi. Ba’zi shevalarda “jeja” deganda “o‘gay ona” tushuniladi. “O‘zbek xalq shevalari lug‘ati” kitobida yozilishicha, “checha” deb Andijon shevasida “opa”ga nisbatan aytilgan. Ushbu ma’lumotlardan xulosa qilib aytish mumkinki, “Boburnoma”dagi “yanga che­cham” ham xuddi “kelinoyi” sin­gari so‘z birikmasidir va uni “katta yangam” deb tu­shu­nish mumkin, unda “checha” deganda uning “opa”, “ona” kabi ma’nolari ko‘zda tutilgan.

Adabiyotda “checha” so‘­zi­ga biz xalq og‘zaki ijodi, xalq dostonlarida ko‘proq duch kelamiz. Keyingi paytlarda “checha”, “chechajon” so‘zlari ishtirokida ba’zan sahna asarlari, qo‘shiqlar ham yaratilayotgani quvo­narli. Xullas, ming yillardan buyon tilimizda yashab kelayotgan bu go‘zal so‘zlarni asrab-­avaylashimiz, bu­ning uchun esa ularning iste’­moldan chiqib ketishiga yo‘l qo‘ymasligimiz, nutqi­mizda ularning har biridan ma’nodosh so‘zlar sifatida foydalanishimiz maqsadga muvofiq.

 

Abduvohid HAYIT

“Jadid” gazetasining 2024-yil 15 -martdagi 12-sonida

Report Page