Joriy yilning 15-iyulidan 15-avgustigacha Toshkent-Markaziy vokzalidan harakatlanib kelayotgan aksariyat poyezdlar Toshkent Janubiy vokzalidan qatnovini amalga oshiradi

Joriy yilning 15-iyulidan 15-avgustigacha Toshkent-Markaziy vokzalidan harakatlanib kelayotgan aksariyat poyezdlar Toshkent Janubiy vokzalidan qatnovini amalga oshiradi


"To'qimachi" hamda "Toshkent yo'lovchi" bekatlari oralig'idagi temir yo'lda texnik ta'mirlash ishlari olib borilishi munosabati bilan, "Olma-ota — Toshkent — Olma-ota", "Toshkent — Novosibirsk — Toshkent" "Toshkent — Samara — Toshkent" yo'nalishida harakatlanadigan yo'lovchi poyezdlari hamda "Toshkent — Xojikent — Toshkent" shaharlararo poyezdlaridan tashqari, bugungi kunda Toshkent-Markaziy temir yo'l vokzalidan qatnovini amalga oshirib kelayotgan barcha yo'lovchi poyezdlar, joriy yil 15-iyuldan 15-avgustgacha Janubiy vokzaldan o'z harakatini boshlaydi.


Jumladan, bir oy mobaynida yuqori tezlikda harakatlanuvchi "Afrosiyob" elektropoyezdlari, “Sharq”, “Nasaf” hamda "Toshkent — Andijon — Toshkent", "Toshkent — Volgograd — Toshkent", "Dushanbe — Toshkent — Dushanbe" yo'lovchi poyezdlari Janubiy vokzal hududidan reyslarini amalga oshiradi.


Yo'lovchilarga qulaylik yaratish maqsadida Toshkent-Markaziy hamda Toshkent-Janubiy vokzallaridagi barcha chiptaxonalar tunu-kun faoliyat ko'rsatadi. Bundan tashqari chiptalarni elektron tarzda ham olish mumkin. Janubiy vokzaldagi kutish zallari, vokzalga kirishda 3 ta bir bosqichli nazorat o'tish punktlari doimiy ravishda yo'lovchilarga xizmat ko'rsatadi. 


Shuningdek, bir oy mobaynida Toshkent-Markaziy vokzalidagi chiptaxonalardan poyezd jo'nashidan oldin chipta xarid qilgan, yoki yanglishib Markaziy vokzalga kelib qolgan yo'lovchilarni Janubiy vokzalga olib borish uchun vaqtincha bepul avtobuslar ham qo'yiladi.

Ta'kidlash joizki, hozirgi kunda Toshkent-Markaziy temir yo'l vokzali orqali 6 ta yuqori tezlikda harakatlanuvchi "Afrosiyob" elektropoyezdi, bundan tashqari "Toshkent — Andijon — Toshkent" yo'nalishida 2 ta, "Toshkent — Buxoro — Toshkent" yo'nalishida 2 ta "Sharq" hamda "Toshkent — Qarshi — Toshkent" yo'nalishida 2 ta "Nasaf" tezyurar poyezdlari har kuni qatnovini amalga oshiradi. Shuningdek, "Toshkent — Volgograd — Toshkent", "Dushanbe — Toshkent — Dushanbe" yo'lovchi poyezdlari ham aynan Toshkent-Markaziy vokzalidan harakatlanadi. 

Albatta, bu poyezdlar harakatlanganda Hamza stantsiyasidan To'qimachi stantsiyasi orqali Angren yo'nalishiga, yoki ushbu yo'nalishdan Hamza stantsiyasiga boradigan yuk poyezdlari to'xtab turar edi. Rekonstruktsiya ishlari amalga oshirilganidan keyin, mazkur hududdagi temir yo'lda poyezdlarni o'tkazuvchanligi yanada ortadi va yuk poyezdlarining to'xtovsiz harakatlanishiga imkoniyat yaratiladi.


”O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” AJ matbuot xizmati


Report Page