Joriy yil yakuniga qadar 35 nafar professor-oʻqituvchi Litvada malaka oshiradi

Joriy yil yakuniga qadar 35 nafar professor-oʻqituvchi Litvada malaka oshiradi


Shu kunlarda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi hamda oliy taʼlim muassasalari mas’ullaridan iborat delegatsiya Vilnyus shahrida bo‘lib turibdi. Bugun ular Jahon bankining “Oliy taʼlim tizimini modernizatsiya qilish” loyihasi doirasida tashkil etilgan oʻquv seminarda ishtirok etishdi.

Seminarda oliy taʼlim sifatini taʼminlash borasida Yevropa davlatlari tajribasini oʻrganish, talabalar va professor-oʻqituvchilar oʻrtasida akademik mobillikni yanada jadallashtirish, amaliy hamkorlik aloqalarini kengaytirish hamda oliy taʼlim kvalifikatsiyalarini tan olish masalalari muhokama qilindi.

Shu bilan birga, safar davomida Litva Taʼlim, fan va sport vazirligi, Litva Taʼlimi sifatini baholash markazi direktori, Latviya Akademik maʼlumotlar markazi va Taʼlim sifatini taʼminlash agentligi, Vitautas Magnus universiteti, Mikolas Romeris universiteti va Gediminas nomidagi Vilnyus texnika universiteti rahbariyati bilan muzokaralar oʻtkazildi.

Litva Taʼlim, fan va sport vaziri o‘rinbosari G.Yakshtas ikki davlat oʻrtasida oliy taʼlim hamkorligini yanada rivojlantirishga tayyorligini qayd etib, Oʻzbekistonda yoshlarning sifatli oliy taʼlim olish imkoniyatlarini kengaytirish boʻyicha olib borilayotgan inklyuzivlik va tenglikka asoslangan islohotlarni yuqori darajada baholadi. Tizimni takomillashtirish boʻyicha qilinayotgan islohotlar, ilgʻor tajribalar, xususan, Bolonya jarayoniga uygʻun ravishda amalga oshirilayotganligi alohida taʼkidlandi. 

Shu qatorda ikki davlat oʻrtasida akademik mobillikni yanada rivojlantirish, qoʻshma akademik va ilmiy loyihalarni amalga oshirish, oʻzbek yoshlari uchun Litvada sifatli taʼlim olish imkoniyatlarini kengaytirish boʻyicha hamkorlikka tayyor ekani aytib oʻtildi.

Muzokaralar natijasida 2022-yil yakuniga qadar Andijon mashinasozlik instituti, Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti, Fargʻona politexnika instituti, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti va Toshkent davlat texnika universitetidan jami 35 nafar professor-oʻqituvchini akademik mobillik dasturi doirasida Litvada malaka oshirishini tashkil etish boʻyicha dastlabki kelishuvga erishildi.

Litvaning oliy taʼlim sohasidagi 10 ga yaqin malakali mutaxassisini mamlakatimizga taklif qilish orqali joriy yil davomida 28 ta davlat oliy taʼlim muassasasidan 200 nafar mutaxassisni taʼlim sifatini taʼminlashdagi yangicha yondashuvlarga oʻqitish va sohadagi Yevropa tajribasini Oʻzbekistonda qoʻllash boʻyicha muzokoralar olib borildi. Bu boradagi ishlarni Jahon banki koʻmagida amalga oshirishga kelishildi.

Litvaning Vitautas Magnus universiteti bilan hamkorlikda yangi oʻquv yilidan Buxoro davlat universiteti, “Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” milliy tadqiqot universitetida bioiqtisodiyot yoʻnalishi boʻyicha kadrlar tayyorlash, oʻquv dasturlarini takomillashtirish, professor-oʻqituvchilar malakasini oshirish yuzasidan ham kelishuvlarga erishildi.

Shuningdek, Litva oliy taʼlim muassasalari rahbariyati bilan oʻtkazilgan uchrashuvlar davomida:

Gediminas nomidagi Vilnyus texnika universiteti hamda Toshkent davlat texnika universiteti bilan “muqobil energiya”, Andijon mashinasozlik instituti hamda Vilnyus universiteti bilan “yashil iqtisodiyot” yoʻnalishlarda kadrlar tayyorlash boʻyicha dastlabki kelishuvlarga erishildi;

Gediminas nomidagi Vilnyus texnika universiteti va “Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” milliy tadqiqot universiteti oʻrtasida hamkorlik Memorandumi imzolandi;

Erasmus+ grant loyihasi doirasida (319 ming yevro) Oʻzbekistonda mexatronika taʼlim yoʻnalishining Yevropa standarti asosida oʻquv reja va dasturlarini ishlab chiqish, oʻqitish materiallari va vositalarini tayyorlash, professor-oʻqituvchilar malakasini oshirish va Oʻzbekiston mexatronika jamiyatini tashkil etishga kelishib olindi;

Litvaning Mikolas Romeris universiteti bilan hamkorlikda Toshkent davlat yuridik universitetida 2022-2023-oʻquv yilidan xalqaro huquq mutaxassisligi boʻyicha magistratura qoʻshma taʼlim dasturini joriy qilishga erishildi.



Report Page