Jizzax viloyatida Madaniy meros obyektlariga zarar yetkazganlik holatlari aniqlandi

Jizzax viloyatida Madaniy meros obyektlariga zarar yetkazganlik holatlari aniqlandi



O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazir o‘rinbosari – Turizm va sport vazirining topshirig‘iga asosan, “Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari, farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari ijrosi nazoratini tashkil etish va ularning hududlarda ijrosi natijadorligiligini tanqidiy tahlil qilish va o‘rganish maqsadida Turizm va sport vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligi direktori Tursunali Kuziyev boshchiligidagi Respublika ishchi guruhi tomonidan mamlakatimizning barcha hududlarida o‘rganish ishlari olib borilmoqda. 

Xususan, 2021-yilning 10-dekabr kuni Ishchi guruh tomonidan Jizzax viloyatidagi madaniy meros obyektlari holati o'rganildi.

O‘rganish davomida G‘allaorol tumani Sarbozor MFY hududida joylashgan “Sarbozor” (Qonchiqar tepa) arxeologiya yodgorligida qurilish ishlari olib borilganligi maʼlum bo‘ldi. Jumladan, G‘allaorol tuman hokimining 2015-yil 12-dekabrdagi tegishli farmoyishi asosida fuqaro T.B.ga berilgan yer uchastkasida yaʼni madaniy meros obyektining muhofaza hududida avtomobillarni yuvish shoxobchasi qurilib, Jizzax viloyati Madaniy meros boshqarmasining ruxsatisiz boshqa shaxs tomonidan foydalanilib kelinayotganligi aniqlandi. 

Holat bo‘yicha Ishchi guruh tomonidan Jizzax tumanlararo maʼmuriy sudiga G‘allaorol tuman hokimining 2015-yil 12-dekabrdagi tegishli farmoyishini haqiqiy emas deb topish to‘g‘risida daʼvo ariza yuborilishi taʼminlandi.


“Sarbozor” (qonchiqar tepa) arxeologiya yodgorligidan foydalanish nazoratga olindi.

Shuningdek, Fuqaro Abdukarimov Maqsud tomonidan Zomin tumani “Navoiy” QFY, Achchi qishlog‘i hududida joylashgan “Jin tepa” arxeologiya madaniy meros ko‘chmas mulk obyektiga zarar yetkazilgan ya’ni madaniy meros ko‘chmas mulk obyekti hududiga fuqarolar tomonidan turar joy binosi qurilgan.


Holat yuzasidan o‘rganish ishlari olib borilmoqda. Madaniy meros obyekti hududiga Jizzax viloyati Madaniy meros boshqarmasi tomonidan muhofaza belgilari o‘rnatildi. 

Bundan tashqari, Zomin tuman yo‘llardan foydalanish unitar korxonasi tomonidan Zomin tumani G‘allakor QFY, Sirg‘ali qishlog‘i hududida joylashgan “Jar tepa” arxeologiya madaniy meros ko‘chmas mulk obyektining g‘arbiy qismi qisman tekislangan. Buning natijasida davlatga yetkazilgan zarar miqdori 477 mln. 576 ming 800 so‘mni tashkil etganligi aniqlandi.

Holat yuzasidan Zomin tuman prokuraturasi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi hozirda tergov ishlari olib borilmoqda.

Report Page