Jimlik
Islom Fozilov, Diyor ValijonovJimlikni anglagan, musiqani eshita oladi.
Flyin Up - 2012-yilda tashkil etilgan psixodelik rok, alternativ rok, post-metal va progressiv metal janrlarida ijod qiluvchi guruh. Guruhga beshta ijodkor - vokalist Jasur Xudoyberdiyev, barabanchi Artyom Sherbakov, gitarist Rinat Bayburin, yana bir gitarist Shuxrat Sagatov (hozirda uning o'rnini Sanjar Ismatov egallagan) va bassist Vladislav Dostavalov tomonidan asos solingan. Dastlabki yillarida kaverlar bilan shug'ullangan Flyin Up 2016-yilda "Ragnarock" nomli EP relizini amalga oshiradi. 2019-yilda esa yana bir EP - "Roaming" ommaga taqdim etiladi. Oradagi intervalda "Dunyolar" va "Valhalla" kabi singllar muxlislarni xursand qiladi, va 2023-yilda hozirda guruhning eng katta proyekti bo'lmish "Jimlik" albomi dunyo yuzini ko'radi. "Ragnarock" va "Roaming" mini-albomlaridan farqli ravishda, "Jimlik" ingliz emas, o'zbek tilida ijro etilgan. Chet tilidan materiallarning o'zbek tilidagi she'riy tarjimasida Mirzo Zominiy va Elyor Ne'mat asosiy figuralar bo'lgan.
Albomning falsafasi - insonning ichki olamini tabiat elementlariga metafora qilgan holda tasvirlanishi. Konseptual shaklda ishlangan ushbu san'at asarining har bir qo'shig'i orasida uzviy bog'liqlik mavjud bo'lib, katta bir sayohatni hikoya qiladi. 2024-yilning 19-iyulida esa albomning grafik talqini sifatida sun'iy intellektdan omadli foydalanilgan holda ishlangan film taqdim etilgan. Albom 10ta o'ziga xos unikal instrumental va matnga ega trekdan iborat. Quyida esa har bir qo'shiq haqida qisqa tavsif havola etiladi.
P.S: Tavsiflar mualliflarning shaxsiy xulosalari hisoblanadi.
Umid
"Topdim o’zimni o’rmon zulmatida" misrasi bilan katta bir hikoya boshlanadi. Odamlar umidni yo'qotgani va olamni zulmat egallayotgani haqida so'z ketadi. Shu o'rinda aytib o'tish joizki, aynan "Umid" trekidagi voqealar yapon madaniyatining ajralmas qismlaridan biri bo'lmish mangalarning eng taniqlilaridan biri - "Berserk" voqealariga juda o'xshash. U yerda ham osmonni qonli bulutlar qoplaydi, barcha maxluqlar ozod bo'ladi, va eng achinarlisi - odamlar umiddan voz kechadi. "Berserk" mangasini o'qiganlar va animesini tomosha qilganlar katta ehtimol o'xshashlikni payqashadi, balki ijodkorlar uchun ham Kentaro Miuraning o'lmas asari ilhom baxsh etgandir.
Qanday go'zal bu olam
Ushbu qo'shiqni o'z nomiga paradoksal deb aytsa ham bo'ladi. Qahramon dunyoning qanday soxta va tubanligi haqida kuylaydi. Lekin yakunda esa "faqat sevgi barhayot, qanday go'zal bu olam".
Yetilib
Erkinlikka intiluvchi qahramon uchun bu dunyo juda ham ulkan, vahimali va yovuz ko'rinadi. Ortga, o'tmishga qaytib bo'lmaydi, kelajakni esa tuman to'sib turibdi. Ego bitsin, iltimos, o'ting bu yondan.
Dunyo
Ongimiz ochilsa, dunyo qulaydi. Hayotning o'zi sinov. Qo'shiq matnining ikkinchi qismida tuvin xalqiga tegishli baxt va farog'at, tinchlik haqidagi diniy aytim ijro etilgan. Quyida esa ushbu parcha va uning tarjimasi:
Суму чонум сүр-ле күжү
Суларавас быжыг турзун
Aziz Vatanim, menga kuch-qudrat ato et,
Daryolar musaffo va pokiza oqsin.
Сүрүг малдың бажы менди
Сүрлүг күжу улам өссүн
Podalarimiz seroblik bilan ko‘paysin,
Farovonlik va rivojlanish barq ursin.
Аумак чонум төлийзи бур
Амагылар тэлер ор мен
Ey, bepoyon Vatanim, baxt sari yuz tut,
Xalqimiz ahillik va tinchlikda umr kechirsin.
Таңдымайдан өршийл дылеп
Авыралдап чалбарыдым
Keng dashtlar uzra quyosh nurlarini sochsin,
Men esa tog‘larga nido qilib, quvonch-la kuylayin.
Jimlik
Bir qo'ldan chiqqan qarsak sadosi ne?
The False Idea (Of Who You Are)
Trekda britan-amerikan yozuvchi va notiq Alan Uottsning mashhur nutqlaridan birining parchasi taqdim etilgan.
"Muammo shundaki, biz hayotimizda nima qilishimiz va bizga nima sodir bo'lishini farqlaymiz. Bizda muayyan miqdordagi amallar mavjud, ularni ixtiyoriy deb belgilaymiz, va o'zimiz nazorat qilamiz".
Answer
Sanskrit tilida yozilgan, Buddizmdagi himoya, davolanish va o'limdan qo'rqishni yengish uchun aytiladigan, albom davomida juda ko'p uchraydigan duo bilan trek boshlanadi (quyida bu qism ham tahlil qilinadi). Qo'shiqda muallif mavjudlik, jamiyat ongiga singdirilgan ma'lumotlar va tizimga tobelikni savol ostiga qo'yadi.
"Raqqos uchun raqs ma'noga egami? Senda javob bor deb o'ylaysanmi?"
Om Tryambakam Yajamahe
Sugandhim Pushtivardhanam
Urvarukamiva Bandhanan
Mrityor Mukshiya Maamritat
Om, sajda qilamiz biz uchko'zli Tryambakaga,
(Ruhiy asos sifatida) muattar,
(ruhiy negizimiz) ozuqasini ko'paytirguvchi;
(Samsaraning) qulliklaridan, (poyasiga tobe) bodring kabi,
O'limdan (o'tkinchi narsalarga bog'lanib qolishdan) xalos bo'layinki,
Boqiylik tushunchasidan ajralmagayman (mangu asos mavjuddir hamma joyda)
Ushbu qismni quyidagicha umumiylashtirish mumkin:
Barchaga ozuqa berguvchi uchko'zli muattar Tryambakaga qilamiz sajda.
Poyasining tutqunligidan ozod bo'luvchi meva kabi, xalos bo'laylik o'limdan, nomangulikdan.
Ummonlar
Qahramon o'zini anglash maqsadida o'zining ichki dunyosi uzra sayohat qiladi. Ummonlar uzra kemada suzib borarkan, o'zi uchun juda ko'plab narsalarni anglab yetadi. Ushbu sayohat har bir inson uchun o'ziga xos ekanligiga ishora bildirar ekan, muallif to'xtamaslikka chorlaydi.
Aks sado
Interlyuda vazifasini bajaruvchi trekda sharq xalqlarining folklor qo'shiqlariga tortuvchi instrumental ijro etiladi. Yuqoridagi qo'shiqlarning rostdan ham aks-sadosi deb hisoblash mumkin.
Voz kechish
Ijod - xudoning in'omi, biz uchun ulug' ne'mat. Aynan shu g'oya albomni yakunlovchi, bir tarafdan esa boshlovchi qo'shiqda olg'a suriladi. Ushbu trekda ham bhajan (diniy qo'shiq) parchasi ijro etilgan:
Om Namah Shivaya
Om Namah Shivaya
Hara Hara Bole
Namah Shivaya
Tarjimasi esa quyidagicha:
Olamdagi barcha musibatlarni yo'q qilguvchi oliy Lord Shivaga ta'zim qilgayman
Albomni eshitib chiqar ekansiz, kenglik, qudrat, ojizlik, g'azab va g'amni his qilasiz. Barabanga urilgan kuchli zarblar, "yirtqich" gitara rifflari esa sizni sehrga soluvchi vokal bilan birgalikda samolar uzra parvoz etishingizga sababchi bo'ladi. Maxsus ishlangan film esa albomni kengroq tushunishga va his qilishga katta hissa qo'shadi.
Afisha.uz uchun guruh solisti Jasur Xudoyberdiyev bilan bo'lgan intervyudan parcha:
— Ushbu albom o’zbek musiqa san’ati uchun nimalarni bera oladi deb o’ylaysiz? Uning farqi nimada?
— Bu turkiy madaniyatlarning musiqiy an’analari bilan chambarchas bog’langan o’zbek tilidagi eng birinchi progressiv-rok albom.
O'zimiz esa Jasur Xudoyberdiyevdan albomning tematikasi va falsafasini bir jumla bilan tasvirlashni so'raganimizda mana shunday go'zal javob oldik:
"Ongning ozod bo'lishi"
Musiqa — barcha uchun unikal til. O'zbek tilida ham shunday yirik proyekt yaratilgani katta yutuqdir. Kelgusida nafaqat Flyin Up, balki boshqa mahalliy ijodkorlar tomonidan ham katta ta'sirga ega bo'luvchi ijod namunalari yaratilishiga umid qilamiz.
"Jimlik" albomini ushbu havola orqali o'tib, tinglashingiz mumkin:
Mualliflar:
https://t.me/Insomnisaac
https://t.me/diyorvalijonov
