Koreyaning Adju universiteti bilan qo‘shma ta’lim dasturi yo‘lga qo‘yiladi

Koreyaning Adju universiteti bilan qo‘shma ta’lim dasturi yo‘lga qo‘yiladi


Shu kunlarda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri o‘rinbosari Sarvarxon Buzrukxonov boshchiligidagi delegatsiya Koreya Respublikasida bo‘lib, tashrif dasturiga asosan qator muzokaralar olib bormoqda.

Bugun delegatsiya a’zolari Adju universiteti vitse-prezidenti, Toshkent shahridagi ushbu universitet loyihasi rahbari Jeong Houn Son hamda Xalqaro magistratura ta’lim dasturi boshlig‘i Byeong Yun Chang bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Unda o‘quv qo‘llanmalar, darslar mazmuni, talabalar almashinuvi, pedagoglar malakasi yuzasidan fikr almashildi. Shuningdek, Toshkent shahridagi Adju universiteti faoliyati samaradorligini yanada oshirish, hamkorlikni tizimli rivojlantirish va boshqa bir qancha istiqbolli masalalar ham o‘rin oldi.

Uchrashuv davomida Biznes va tadbirkorlik oliy maktabida “ikki diplom” (dual degree) asosida “IT-Business” magistratura ta’lim shakli bo‘yicha qo‘shma ta’lim dasturini yo‘lga qo‘yish va uning ochilish tadbirini o‘tkazish, ushbu magistratura ta’lim faoliyatini Koreya Adju universitetining o‘quv rejalari hamda dasturlari asosida amalga oshirish yuzasidan kelishuvlarga erishildi.

Shundan so‘ng, Adju universiteti kampusida talabalarning sifatli ta’lim olishi va bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishi uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishildi. O‘quv auditoriyalar, to‘rt qavatdan iborat to‘liq raqamlashtirilgan zamonaviy kutubxona, 400 va 800 o‘rinli yotoqxonalarining qurilish me’yorlari, shuningdek, ovqatlanish, yuvinish, dam olish xonalarini tashkil etilganligi xonaning jihozlanishi o‘rganildi.

Shu bilan birga, Makerspace (o‘quv tajriba ustaxonasi) faoliyati, arxitektura fakultetining dizayn studiyalari, robototexnika hamda o‘quv laboratoriyalar, universitet qoshidagi tibbiy klaster faoliyati bilan yaqindan tanishildi.


Report Page