Jamiyatda huquqiy madaniyatning holati bo‘yicha axborot eshitildi

Jamiyatda huquqiy madaniyatning holati bo‘yicha axborot eshitildi

Adliya vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi

Bugun, 24-fevral kuni Oliy Majlis Senatining Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining 2021-yilda jamiyatda huquqiy ong va madaniyatning holati haqidagi axboroti eshitildi.

O‘tgan davr mobaynida Adliya vazirligi tomonidan 450 mingga yaqin huquqiy targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilgan bo‘lib, xususan “Saylov – 2021: o‘z kelajaging uchun ovoz ber” shiori ostida 30 mingdan ortiq tadbirlari tashkil qilingan.

Ta'kidlanishicha, davlat organlari va tashkilotlarining huquqiy targ‘ibot sohasidagi faoliyatini baholashda qog‘ozbozlikni oldini olish maqsadida “htb.huquqiyportal.uz” ishga tushirgan, davlat organlari va tashkilotlarining huquqiy targ‘ibot faoliyatini baholash ko‘rsatkichlari qayta ko‘rib chiqilgan va bugungi davr talablariga moslashtirilgan.

Shuningdek, Adliya vazirligi tomonidan o‘tgan 2021 yil davomida davlat organlari va tashkilotlarining 14 minga yaqin xodimlari onlayn ravishda o‘qitilgan.

Aholining keng qatlami uchun kurslar.huquqiyportal.uz portali orqali bir qator yo‘nalishlarda (xotin-qizlar huquqlari, mehnat huquqi, nikoh va oilaviy munosabatlar, tadbirkorlik va biznes yuritish, ipoteka krediti) onlayn huquqiy kurslar tashkil qilingan.

Vazirlik tomonidan 2021 yil davomida aholining huquqiy ong va huquqiy madaniyatini oshirish maqsadida turli aksiyalar, fleshmoblar, seminar-treninglar va boshqa tadbirlar tashkil etildi.

Xususan:

- “Vatan taqdiri – mening taqdirimda” mavzusida 2 mln yoshlarni qamrab olgan seminar-treninglar;

- mustaqillining 30 yilligi arafasida “Adliyadan adliyagacha” huquqiy marshi;

- “Mustaqillik – huquq demakdir” mavzusida ijodiy tanlov;

- Davlat tili bayrami arafasida “Ezgu amal” xayriya jamg‘armasi bilan hamkorlikda “Davlat tili – millat g‘ururi” shiori ostida marafon;

- barcha hududlarda “Adliya sayillari” huquqiy fleshmob va aksiyalari o‘tkazilgan.

Adliya vazirligi tomonidan o‘tkazilgan huquqiy targ‘ibot tadbirlari monitoringi natijalariga ko‘ra, Ichki ishlar vazirligi (95,4 ball), Mudofaa vazirligi (73,8 ball), Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi (73,5 ball) namunali deb topildi.

Shu bilan birga, Yo‘l qurilish ishlari sifatini nazorat qilish inspeksiyasi, Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi, Sug‘urta bozorini rivojlantirish agentligining jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish borasidagi ishlari qoniqarsiz deb topildi.

Shuningdek, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Energetika vazirligi, Kinematografiya agentligi tomonidan amalga oshirilgan targ‘ibot tadbirlari haqidagi ma'lumotlar monitoring qilish uchun Adliya vazirligiga taqdim etilmagan.

Senatorlar tomonidan jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirishda avvalo, davlat xizmatchilarining huquqiy bilimlarini kuchaytirish kerakligi va ular aholiga o‘rnak bo‘lishi kerakligi ta'kidlandi.

Yig‘ilish yakunida axborot yuzasidan qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilindi.

Adliya vazirligi 

Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi

Report Page