Jahon bankining “Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasining iqtisodiy sharhi”, 2023-yil, aprel: O‘zbekiston bo‘yicha xulosalar

Jahon bankining “Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasining iqtisodiy sharhi”, 2023-yil, aprel: O‘zbekiston bo‘yicha xulosalar

World Bank Uzbekistan

O'zbekistondagi iqtisodiy vaziyat

Jahon banki tomonidan joriy yilning 6-aprelida e’lon qilingan “Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasining sharhi" xulosalariga ko‘ra, 2022-yilda O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti pul o‘tkazmalari, iste’mol va eksport hajmining o‘sishi hisobiga 5,7 foizga o‘sdi.

2022-yilda oltindan tashqari hisoblangan eksport hajmi 21 foizga (AQSh dollarida), shu jumladan, tekstil, rangli metallar, o'g'itlar va oziq-ovqat mahsulotlari eksporti sezilarli oshgan. Bu, o'z o'rnida, Rossiyaga eksportning keskin o'sishi (52 foiz) bilan koʻp jihatdan bog'liq.

Asosan transport va turizm sohasidagi xizmatlar tufayli xizmatlar eksporti 53 foizga oshgan. Bu Rossiyadan kelayotgan sayyohlar yoki emigrantlar sonining uch barobar ortganini, shuningdek, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistondan kelayotgan sayyohlar sonining ko‘payishini aks ettiradi.

2022-yilda pul o‘tkazmalari YaIMga nisbatan ikki baravar ko‘payib, 18,9 foizni tashkil etdi. Bunga Rossiya rublining mustahkamlanishi va migrantlar oqimining ko‘payishi sabab bo‘lmoqda. Ushbu moliyaviy oqimlarning ba'zilari Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi ortidan O'zbekistonga ko'chib kelgan rossiyaliklar va rossiyalik kompaniyalardan shaxsiy pul o'tkazmalarining ko'payishini aks ettiradi.

Davlat budjeti daromadlarining oshishi hisobiga budjet taqchilligi 2021 yildagi yalpi ichki mahsulotga nisbatan 6,1 foizdan 2022 yilda 4,2 foizga qisqardi. O‘tgan yil yakuniga ko‘ra, O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari 35,8 milliard AQSh dollarini tashkil etdi. Bu resurslar 14 oy davomida import xarajatlarini qoplash uchun yetarli.

Oziq-ovqat, yoqilg'i va transport xarajatlarining oshishi dekabr oyida inflyatsiyani 12,3 foizga ko'tardi. 2022-yilda milliy valyuta AQSh dollariga nisbatan nominal 3,8 foizga qadrsizlandi.

Ishsizlik 2021-yildagi 9,6 foizdan 2022-yilda 8,8 foizgacha COVID-19 pandemiyasidan oldingi darajadan kamaydi. Yoshlar va ayollar, shuningdek, rivojlanishi past boʻlib qolayotgan hududlarda ishsizlik darajasi hamon yuqori. Kambag'allik darajasi (milliy kambag'allik chegarasidan foydalangan holda) 2021-yildagi 17 foizdan 2022-yilda 14 foizgacha kamaygan. Bu aholi daromadlarining, shu jumladan, mehnat muhojirlarining pul o‘tkazmalari hisobidan yuqoriligi bilan izohlanadi.

O'zbekiston iqtisodiyotining rivojlanish prognozlari

O‘zbekistonda 2023-yilda iqtisodiy o‘sish 5,1 foizni tashkil etishi (Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasidagi hozirda prognoz qilinayotgan eng yuqori o‘sish) va o‘rta muddatli istiqbolda bosqichma-bosqich tezlashishi kutilmoqda. Rossiyaning Ukrainadagi urushi va Rossiyaga qarshi joriy etilgan sanksiyalar bilan bog'liq transport logistikasidagi qiyinchiliklar oziq-ovqat va energiya narxlarining yuqori bo'lishiga va shaxsiy iste'molni kamaytirishga turtki bo'lib qolishi kutilmoqda.

2022-yilda xususiy investitsiyalar hajmi va savdoning oʻsishi hamda Oʻzbekistonga pul oʻtkazmalari oʻzining eng yuqori choʻqqisidan barqarorlanishi kutilmoqda. Xitoyda prognoz qilinayotgan iqtisodiy tiklanish Oʻzbekistondan tekstil va oziq-ovqat mahsulotlari eksportiga talabni oshirishi mumkin.

Oltin va mis eksportidan bo'lgan tushumning oshishi, shuningdek, davlat investitsiyalarining sekinlanishi budjet taqchilligining 2023-yilda YaIMning 3,3 foizigacha qisqarishiga olib keladi.

Hukumat tashqi qarzlar bo‘yicha cheklovlarga amal qilishi kutilmoqda, bu esa 2025-yilga borib davlat qarzi va umumiy tashqi qarzning yalpi ichki mahsulotga nisbatan 32% va 55% gacha bosqichma-bosqich qisqarishiga olib keladi.

Ijtimoiy himoya dasturlarini yanada oshirish va kengaytirish mamlakatda kambagʻallik darajasini pasaytirishga xizmat qiladi. 2023-yilda kambagʻallik darajasi 12 foizga tushishi kutilmoqda.

Oʻzbekistonning iqtisodiy oʻsish prognoziga salbiy taʼsir koʻrsatadigan xavflar qatoriga Rossiya iqtisodiyotining ehtomolan yanada qisqarishi, shuningdek, jahon moliya bozorlaridagi keskin sharoit kiradi.

Milliy iqtisodiyotning ijobiy tendensiyalari qatoriga esa oltin, tabiiy gaz va misga jahon narxlarining ehtimoliy ko'tarilishi, shuningdek, mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar bilan qo'llab-quvvatlanishi mumkin bo'lgan mamlakatda unumdorlikning yuqori o'sishi kiradi.


Report Page