Jahon banki yangi mintaqaviy vitse-prezidentining O‘zbekistonga tashrifi ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlaydi

Jahon banki yangi mintaqaviy vitse-prezidentining O‘zbekistonga tashrifi ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlaydi

Matbuot xabari

World Bank Uzbekistan

TOSHKENT, 2023-yil 3-iyun – Joriy yilning 1-iyunidan 3-iyunigacha Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha yangi vitse-prezidenti Antonella Bassani ilk rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonda bo‘ldi. Tashrif chog‘ida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va hukumatning boshqa rasmiylari bilan samarali uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. Tomonlar O‘zbekistonni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va uning inklyuziv bozor iqtisodiyotiga o‘tish maqsadlariga erishish yo‘lida turli sohalarda hukumat tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlarni muhokama qildilar.

Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuv

Foto: O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot xizmati

Toshkentda Antonella Bassani O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva, Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov, Strategik islohotlar agentligi bosh direktori Shuhrat Vafayev, Iqtisodiyot va moliya vaziri Sherzod Kudbiev va boshqa rasmiylar bilan muzokaralar o‘tkazdi.

Ushbu uchrashuvlar davomida tomonlar Yangi O‘zbekistonning 2022-2026-yillarga mo‘ljallangan rivojlanish strategiyasining ustuvor maqsadlari sifatida belgilangan kambag‘allikni kamaytirish va keyingi iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirishga qaratilgan islohotlarni amalga oshirish bo‘yicha hukumat rejalarini muhokama qildilar.

Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narboyeva bilan uchrashuv

Foto: O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati matbuot xizmati

Tomonlar O‘zbekistonda turli sohalarda Jahon banki tomonidan moliyalashtiriladigan loyihalarni amalga oshirish jarayonlarini ham ko‘rib chiqdilar. Shuningdek,  Mamlakat bilan hamkorlikning asos dasturida amalga oshirilishi nazarda tutilgan yangi loyihalarni tayyorlash masalalari muhokama qilindi. Dastur doirasida Bank hukumatning yaqin besh yilga mo‘ljallangan asosiy ijtimoiy-iqtisodiy vazifalarini amalga oshirishga ko‘maklashmoqda.

Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov bilan uchrashuv

Foto: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Matbuot xizmati

“So‘nggi yillarda O‘zbekistonda muhim islohotlar amalga oshirildi. Biroq, mamlakat o‘zining ulkan salohiyatini to‘liq namoyon qilishi uchun turli sohalarda keyingi tarkibiy o‘zgarishlarni amalga oshirishi zarur. Bunga inson kapitaliga investitsiyalarni ko‘paytirish, xususiy sektorning o‘sishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, shuningdek, mamlakatning ekologik barqaror rivojlanishini ta‘minlash orqali erishish mumkin”, — dedi Antonella Bassani. “Jahon banki Oʻzbekiston hukumatining strategik hamkoridir. Biz raqobatbardosh, inklyuziv va barqaror bozor iqtisodiyotini barpo etish bo‘yicha yanada murakkab islohotlarning navbatdagi bosqichini amalga oshirishda hukumatga koʻmaklashishda davom etamiz”.

Iqtisodiyot va moliya vaziri Sherzod Kudbiev bilan uchrashuv

Foto: O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi matbuot xizmati

Iqtisodiyot va moliya vaziri Sherzod Kudbiev va Antonella Bassani o‘rtasidagi uchrashuv doirasida tomonlar Jahon bankining moliyaviy ko‘magida O‘zbekiston hukumati loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarni almashdilar. Ular “O‘zbekistonda chorvachilik sohasini rivojlantirish. 2-bosqich” loyihasi (240 mln. AQSh dollari) va “O‘zbekistonda moliya sektorini isloh qilish” loyihasini (15 mln. AQSh dollari) o‘z ichiga oladi. Bu loyihalar tegishli tarmoqlarni modernizatsiya qilishga hissa qo‘shadi va mamlakatdagi yanada iqtisodiy o‘sishga ko‘maklashadi.

Antonella Bassani Samarqand viloyatiga safari davomida Jahon banki tomonidan moliyalashtirilayotgan loyihalarning natijalari bilan tanishdi. Bu loyihalar viloyat aholisining sog‘liqni saqlash va oqova suvlar tarmoqlaridan foydalanish imkoniyatlarini oshirishga xizmat qildi.

Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy Markazi Samarqand filialiga tashrif

Foto: Jahon banki

Antonella Bassani Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy Markazi Samarqand filialiga tashrif buyurdi. Uning faoliyati Jahon banki tomonidan moliyalashtirilgan loyiha doirasida yaxshilangan. Jumladan, Markaz ehtiyojlari uchun loyiha mablag‘lari hisobidan umumiy qiymati 1,3 mln. AQSH dollaridan ortiq mablag‘ga zamonaviy diagnostika, laboratoriya, jarrohlik va sterilizatsiya uskunalari hamda boshqa tibbiy buyumlar xarid qilingan.

Mazkur chora-tadbirlar Markaz tomonidan ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini oshirishga, shuningdek, Samarqand viloyati bo‘yicha ulardan foydalanuvchilar sonini sezilarli darajada oshirishga yordam berdi. 2022-yilda 120 mingga yaqin bemor ushbu tibbiyot muassasasi xizmatlaridan foydalandi.

Samarqand shahridagi oqova suvlarni qayta tozalash inshootiga tashrif

Foto: Jahon banki

Samarqandda Antonella Bassani oqova suvlarni qayta tozalash inshootiga ham tashrif buyurdi. Inshootning faoliyati Jahon banki tomonidan moliyalashtirilgan loyiha doirasida yaxshilangan. Xususan, inshootning eskirgan infratuzilmasini tiklash va modernizatsiya qilishga 13 mln. AQSH dollariga yaqin loyiha mablag‘lari investitsiya qilingan.

Ilgari inshoot oqova suvlarni samarali tozalashga qodir emas edi, bu esa tozalanmagan oqova suvlarni Zarafshon daryosiga oqizib yuborilishiga olib kelardi. Loyiha tadbirlari tufayli oqova suvlarni tozalash bo‘yicha inshootning quvvatlari kuniga 140 000 m3 ga yetdi. Bu chora-tadbirlar Samarqand shahridagi 300 mingga yaqin aholining oqova suvlar tarmoqlaridan foydalanish imkoniyatini sezilarli darajada yaxshiladi.

Inshootning zamonaviy uskunalari nafaqat atrof-muhitning oqova suv bilan ifloslanishini oldini oladi, balki oqova suvlarni tozalashga sarflanadigan energiyani ham salmoqli darajada tejaydi. Bundan tashqari, loyihaning amalga oshirilishi natijasida 90 mingdan ortiq foydalanuvchi yangi qurilgan va ta‘mirlangan oqova suvlar tarmoqlariga ulandi.

Jahon bankining O‘zbekistondagi dasturi Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasidagi eng yirik dasturlardan biridir. Hozirgi vaqtda uning doirasida umumiy qiymati 5,9 mlrd. AQSh dollariga yaqin moliyaviy majburiyatlari bo‘lgan 28 ta loyiha amalga oshirilmoqda. Ular turli ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda islohotlar va modernizatsiyani amalga oshirishga ko‘maklashmoqda, fuqarolar farovonligini oshirishga yordam bermoqda, shuningdek, mamlakat iqtisodiyotini yuksaltirishga hissa qo‘shmoqda.



Report Page