Jahon banki vakillari bilan xizmat ko‘rsatish sohasi istiqbollari muhokama qilindi

Jahon banki vakillari bilan xizmat ko‘rsatish sohasi istiqbollari muhokama qilindi

EconomyMoliyaPress

Joriy yilning 14-may kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov boshchiligidagi vazirlik vakillari Jahon banki delegatsiyasi bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Unda O‘zbekiston tomonidan Iqtisodiyot va moliya vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov, vazir o‘rinbosarlari Axadbek Xaydarov va Jasur Karshibayevlar ham ishtirok etishdi. Xorijiy tomondan Jahon bankining savdo, investitsiyalar va raqobatbardoshlik bo‘yicha global direktori Mona Haddad, Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Marko Mantovanelli, Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasida makroiqtisodiyot, savdo va investitsiyalar bo‘yicha amaliyot menejeri Antonio Nusifora va bir qator mutaxassislar qatnashdi.

Uchrashuv avvalida “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirishda xizmat ko‘rsatish sohasining o‘rni yuqoriligi qayd etildi. Mazkur sohada amalga oshirilayotgan islohotlar hamda istiqboldagi rejalar Jahon banki tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi ta’kidlandi.

Shundan so‘ng Jahon banki delegatsiyasi vakillari tomonidan vazirlik rahbariyatiga xizmat ko‘rsatishga asoslangan iqtisodiy o‘sish istiqbollari, xizmatlar sohasi salohiyatidan samarali foydalanish bo‘yicha taklif etilayotgan rejalar asoslari va uning ustuvor yo‘nalishlarini aniqlash bo‘yicha “O‘zbekistonda xizmatlar ko‘rsatish istiqbollari” hisobotining xulosalari taqdim etildi.

Bunda, xizmat ko‘rsatish sohasini iqtisodiy o‘sish dvigateliga aylantirish zarurligi ta’kidlandi. Shuningdek, O‘zbekistonning xizmatlar eksporti va mamlakatga to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar oqimi so‘nggi yillar ichida sezilarli darajada o‘sgani qayd etildi.

Shu bilan birga, iqtisodiy o‘sish uchun ustuvor deb hisoblangan ishlab chiqarish sohasi o‘rnini tobora xizmat ko‘rsatish sohasi egallab borayotganiga urg‘u berildi.

Yig‘ilish davomida, shuningdek, O‘zbekistonning Jahon savdo tashkiloti (JST)ga a’zo bo‘lishi yo‘lidagi Jahon banki texnik ko‘magi natijalari muhokama qilindi. Mazkur yo‘nalishdagi aloqalarni yanada jadallashtirish zarurligini qayd etildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlikni yanada rivojlantirish va rejalashtirilayotgan loyihalar bo‘yicha maslahatlashuvlarni faollashtirishga kelishib olishdi.


Iqtisodiyot va moliya vazirligi

Axborot xizmati

Report Page