Jahon banki vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
EconomyMoliyaPressJoriy yilning 5-iyul sanasida O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov hamda vazir o‘rinbosari Xurshed Mustafayev va Jahon bankining energetika bo‘yicha katta mutaxassisi Yorn Xunteler boshchiligidagi delegatsiya vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda Jahon bankining energetika bo‘yicha katta mutaxassisi Maxsudjon Safarov, energetika bo‘yicha mutaxassis Bahodir Amonov hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligining Sanoatning bazaviy tarmoqlari, yoqilgʻi-energetika majmui va togʻ-kon metallurgiya korxonalari moliyasi va tarif siyosati departamenti direktorining birinchi o‘rinbosari Azizxon Nazarov, Yashil iqtisodiyotga oʻtish va rivojlantirishni muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i Shoxzod Islamov va boshqa mas’ul vakillar ishtirok etdi.

Muloqot davomida tomonlar iqtisodiyotning muhim tarmoqlarida amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar, xususan, energetika sohasida bajarilyotgan ishlar, qayta tiklanuvchi energetika manbalaridan foydalanish samaradorligini oshirish, jumladan binolarda quyosh panellarini o‘rnatishning ahamiyatli jihatlarini muhokama qildilar.

Shuningdek, suhbatda Jahon banki ko‘magida “Energetika islohotlari uchun innovatsion uglerod resurslarini qo‘llash” (iCRAFT) loyihasi, energiya tariflari islohotining aholining ijtimoiy zaif qatlamlariga bo‘lgan ta’sirini yumshatish va ijtimoiy himoya sohasini qo‘llab-quvvatlash yuzasidan fikr almashdilar.
Shu bilan birga, mamlakatimizning energetika sohasida olib borilayotgan ma’muriy va tarif islohotlari doirasida energetika sohasini liberallashtirish maqsadida davlat korxonalarini tarkibiy o‘zgartirish va xususiy sektor ishtirokini joriy etish orqali raqobatbardosh energiya bozorini yaratish choralari ko‘rilgani ta’kidlandi.
Muzokaralar yakunida tomonlar o‘zaro hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish va rivojlantirishga kelishib oldilar.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi
Axborot xizmati