Jahon Banki va Xalqaro Valyuta Jamg'armasi bahorgi uchrashuvlari doirasidagi Inson kapitalini rivojlantirish loyihasining 5-yig'ilishi

Jahon Banki va Xalqaro Valyuta Jamg'armasi bahorgi uchrashuvlari doirasidagi Inson kapitalini rivojlantirish loyihasining 5-yig'ilishi

MoliyaPress

O'zbekiston Respublikasi moliya vaziri Timur Ishmetov Jahon Banki va Xalqaro Valyuta Jamg'armasining bahorgi uchrashuvlari doirasida bo'lib o'tgan Inson kapitalini rivojlantirish loyihasi yig'ilishida ishtirok etdi. Uchrashuvda JB guruhi Prezidenti Devid Malpass, Inson resurslarini rivojlantirish bo'yicha vitse-Prezidenti Mamta Murti va loyiha ishtirokchilarining 36 moliya vazirlari ham qatnashdilar. Onlayn uchrashuvning asosiy maqsadi – Inson kapitaliga investitsiya kiritish, ijtimoiy himoya tizimlari va COVID-19 pandemiyasidan keyin elastik va "yashil" tiklanishni ta'minlashga qaratilgan moliyaviy choralarni muhokama qilish.

Ma'lumot uchun: Inson kapitalini rivojlantirish loyihasi ijtimoiy adolatni mustahkamlash va iqtisodiy o'sishni ta'minlash maqsadida insonlarga yanada kengroq va samarali investitsiyalarni amalga oshirishni jadallashtirishga qaratilgan global tashabbusdir. Bugungi kunda 81 mamlakat Jahon Banki guruhi bilan ushbu loyiha doirasida inson kapitali natijalarini o'zgartirish bo'yicha strategik yondashuvlar ustida hamkorlik qilmoqda.

Jahon Banki guruhi Prezidenti Devid Malpass ta'lim va sog'liqni saqlash sohasidagi islohotlarni davom ettirish, bu yo'nalishdagi xarajatlar samaradorligini ta'minlash hamda budjet va moliyaviy imkoniyatlarni yaratish bilan birga inson kapitaliga sarmoya kiritish muhim ahamiyatga ega ekanini ta'kidladi.

Timur Ishmetov o'z ma'ruzasida 2017-yilda O'zbekiston hukumati respublikada ochiq bozor iqtisodiyotiga yo'naltirish, xususiy sektorning rolini mustahkamlash maqsadida iqtisodiy va ijtimoiy o'zgarishlarning ulkan dasturini ishga tushirganini ta'kidladi. Transformatsiya doirasida aholiga davlat xizmatlarini ko'rsatish tizimlarining sifati, ishonchliligi va barqarorligini o'zgartirish eng muhim choralardan biri hisoblanadi. Islohotlar boshlanganidan buyon hukumat tomonidan qabul qilingan birinchi qarorlardan biri Jahon Banki, BMT agentliklari va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda ijtimoiy himoya tizimini isloh qilish edi.

Xususan, 2019-yilda UNICEF va JB bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan “Ijtimoiy himoya yagona reyestri" axborot tizimi ishga tushirilishi qayd etildi. Dastlab, yagona ijtimoiy reyestr Sirdaryo viloyatida sinovdan o'tkazildi va 2020-yil sentyabr oyida butun mamlakat bo'ylab joriy etildi. Ayni paytda yagona ijtimoiy reyestrni yanada takomillashtiriish bo'yicha ishlar amalga oshirilmoqda. Ushbu yangi raqamli tizim 20 dan ortiq vazirlik va idoralarning ma'lumotlar bazalarini birlashtiradi va ijtimoiy yordamni aniqlash va qamrab olishdagi bo'shliqlarni yo'q qiladi.

Shuningdek, joriy yilning fevral oyida barqaror ijtimoiy himoya tizimini yaratish va ijtimoiy integratsiyani ta'minlash uchun 2021-2030-yillarda aholini ijtimoiy muhofaza qilish milliy strategiyasi konsepsiyasi tasdiqlandi. Kontsepsiya XMT, Jahon Banki va UNICEFning faol yordami bilan ishlab chiqilgan.

  Yig'ilish doirasida Misr, Keniya, Saudiya Arabistoni, Filippin, Indoneziya va Bahrayn vakillari inson kapitalini rivojlantirish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish sohasidagi chora-tadbirlar yuzasidan ma'ruzalar bilan ishtirok etdilar.

Moliya vazirligi

Axborot xizmati


Report Page