JORIY YIL NOYABR OYIDA BODRING VA UZUM NARXI KO‘TARILISHI BO‘YICHA MA’LUMOT

JORIY YIL NOYABR OYIDA BODRING VA UZUM NARXI KO‘TARILISHI BO‘YICHA MA’LUMOT


Ijtimoiy tarmoqlarda bodring narxi 9 ming so‘mdan 25 ming so‘mgacha, uzum esa 45 ming so‘mdan 90 ming so‘mgacha oshganligi bo‘yicha ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabar bo‘yicha quyidagilar maʼlum qilinadi.

  Bodring narxlari ko‘tarilishi bo‘yicha:

Bugungi kunda ochiq dalalarda yetishtirilgan bodring hosili yig‘ishtirib olinib, isteʼmolchilarga yetkazib berildi. Ochiq dalalarda yetishtirgan mahsulotlarning narxi mavsumda 1 kg uchun o‘rtacha 1,5- 2,0 ming so‘mni tashkil qildi.

 Tahlillarga ko‘ra, oldingi yillarda ham noyabr oyi o‘rtalariga kelib bodring narxi o‘sishi kuzatilgan. Jumladan 2021 yilda oldinga oylarga nisbatan noyabrda 1,3 barobarga, 2022-yilda 1,9 barobarga oshgan.

Shu bilan birga, bugungi kunda dunyo bozorlarida ham narxlar sezilarli ko‘tarilgan, masalan 1 kg bodring Rossiyada 1,1-1,7 dollar, Qozog‘istonda 1,5 dollar, Polshada 1,6 dollarni tashkil etmoqda.

Bu davrda asosan issiqxonalarda yetishtiriladigan mahsulotlar ichki bozor va eksport uchun chiqariladi. Issiqxonalarda yetishtiriladigan bodring asosan avgust-sentyabr oylarida ekilib, noyabr oyining uchinchi dekadasi va dekabr oyining boshlarida terish davri boshlanadi.

Joriy yil mavsum boshida, yaʼni sentabr oylarida tabiiy gaz taʼminoti masalasi to‘liq hal etilmaguniga qadar, issiqxonalarda sabzavot ekinlarini ekish ishlari to‘xtab turdi.

 Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 27-oktabrdagi 567-sonli qarori qabul qilinib, issiqxonalarga kafolatlangan tabiiy gaz yetkazib berish belgilangandan so‘ng issiqxonalarda ekin ekish ishlari boshlandi. Issiqxonada yetishtirilayotgan mahsulotlar noyabr oyi 3 dekadasi va dekabr oyi boshidan terimi boshlanishi bilan ichki bozorda narxlar barqarorlashishi prognoz qilinmoqda.

  Uzum narxlari ko‘tarilishi bo‘yicha:

 Ko‘p yillik monitoring kuzatishlarga ko‘ra, noyabr-dekabr oylarida uzum mahsulotlari saqlash uchun joylashtirilishi oqibatida unga bo‘lgan narxlarning oshishiga olib kelindi. Xususan, 2022-yilning noyabr oyi narxi oktyabrga nisbatan 111,5 foizga oshgan bo‘lsa, joriy yilda mos ravishda bu ko‘rsatkich 119 foizga o‘sgan. Jumladan, mahsulot navi bo‘yicha Husayni 15 - 25 ming so‘m, toyfi 15-20 ming so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, ichki va tashqi bozorda xaridorgir bo‘lgan “Rizamat ota”, «Mersedes» kabi navlariga talab oshgan (1 kg 90 ming so‘m atrofida).

Bundan tashqari, joriy yilda anomal sovuq taʼsirida, tokzorlarda 18 foiz mahsulot yo‘qotilgan. Bu holat Qirg‘iziston va Qozog‘istonda ham kuzatilgan. Bu eksport hajmi tushishiga ham taʼsir etib, yanvar-oktyabr oylarida ho‘l holdagi uzum mahsuloti eksporti 113 ming tonna (2022-yilga nisbatan 49 foiz yoki -123 ming tonna kam)ni tashkil etdi.

 Maʼlumot uchun, tashqi bozorda uzumga bo‘lgan talabning oshishi hamda narxlarning yuqorilashi ichki bozorga ham taʼsir etgan, xususan, 1 kg uzum narxi Rossiyada 2-6 dollar, Polshada 2,9 dollar, Tojikistonda 2,2 dollarni tashkil etmoqda.

 Shu bilan birga, joriy yil noyabr oyidan kommunikatsiya va logistika xarajatlari (xususan, elektr energiyasi narxi 3 barobar, YOMM 130 foiz) ham oshishi uzum narxiga taʼsir ko‘rsatgan.

 Shu o‘rinda, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining narxlari oshishi bilan bog‘liq vaziyat tabiiy holat bo‘lib, bu qish mavsumi uchun issiqxonalarda bir muddat tayyorgarlik ishlari natijasida yuzaga kelgan.

Xulosa qilib aytganda, ochiq dalalarda yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining tugashi hamda issiqxonalarda qish mavsumiga mo‘ljallangan mahsulotlarning to‘liq pishib yetilmagani tufayli narxlar har yilgidek ko‘tarilgan. Biroz muddatdan so‘ng, issiqxonalarda yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bozor rastalariga chiqarilganidan so‘ng, narxlar barqarorlashadi.


Report Page