JICA: Charmsanoat sohasiga 40 mln. dollar ajratiladi

JICA: Charmsanoat sohasiga 40 mln. dollar ajratiladi

January 26, 2024

Veterenariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʼmitasi raisi Bahrom Norqobilov boshchiligidagi “Oʼzcharmsanoat” uyushmasi, "Oʼzbekbaliqsanoat" uyushmasi, “Xalq” banki rahbariyatidan tashkil topgan Oʼzbekiston delegatsiyasining Yaponiyaning Tokio shahriga amaliy tashrifi davom etmoqda. “Oʼzcharmsanoat” uyushmasi raisi Faxriddin Boboyev Oʼzbekiston delegatsiyasining Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) vitse-prezidenti Sachiko Imoto bilan boʼlgan uchrashuvida qatnashdi. Oʼzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vazirligi hamda mamlakatimizning Yaponiyadagi elchixonasining amaliy koʼmagida tashkil etilgan muloqotda “Oʼzbekistonda chorvachilik sohasini rivojlantirish” loyihasi doirasida amalga oshiriladigan ishlar va investitsiya loyihalarini moliyalashtirish masalalari muhokama etildi.

Dastlab, JICA rahbariyatiga mamlakatimizda charm-poyabzal sohasini rivojlantirish borasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, xom ashyoni chuqur qayta ishlash, undan tayyor mahsulotlar olish boʼyicha Oʼzbekiston tajribasi, investitsiya, eksport salohiyati toʼgʼrisida batafsil maʼlumot berildi.

Muloqotda “Oʼzbekistonda chorvachilik sohasini rivojlantirish” loyihasi doirasidagi dasturlarni moliyalashtirish masalasi atroflicha muhokama etildi. JICA rahbariyati loyiha doirasida 200 mln. dollar mablagʼ ajratilishini maʼlum qildi.

JICAdan jalb qilinadigan mablagʼlar chorvachilik, charmsanoat, baliqchilik, parandachilik sohalaridagi tadbirkorlik subʼektlariga imtiyozli kreditlar berish orqali moliyaviy qoʼllab-quvatlanadi. 

Jumladan, Ushbu oʼzlashtiriladigan mablagʼlarning 40 mln. dollari terini qayta ishlash va tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish yoʼnalishda faoliyat yuritish niyatida boʼlgan tadbirkorlarga imtiyozli kredit shaklida ajratiladi.

Ushbu mablagʼlarning samarali oʼzlashtirilishi hamda ular hisobiga yangi invest loyihalarning foydalanishga topshirilishi tarmoqda ishlab chiqarish hajmini oshiradi. Qoʼshilgan qiymatli tayyor mahsulotlarning eksport koʼrsatkichi ortishiga olib keladi. Eng asosiysi hududlarda minglab yangi ish oʼrinlarining yaratilishiga xizmat qiladi.


Report Page