JAMOATCHI MUXBIRLARIMIZ GAZETALARIMIZNING YANADA RANG-BARANG, OʻQISHLI, TAʼSIRCHAN TARZDA CHOP QILINISHIDA DOIMIY HAMKORIMIZDIR

JAMOATCHI MUXBIRLARIMIZ GAZETALARIMIZNING YANADA RANG-BARANG, OʻQISHLI, TAʼSIRCHAN TARZDA CHOP QILINISHIDA DOIMIY HAMKORIMIZDIR


 “Xorazm haqiqati” va “Хорезмская правда” gazetalari birlashgan tahririyati, Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat boʻlimi hamkorligida tashkil etilgan davra suhbatida ushbu soʻzlar alohida qayd etildi.

Yurtimiz ijtimoiy-iqtisodiy sohalarida 2023 yilda ham islohotlar tez surʼatlar bilan davom etib, barcha jabhalarda quvonarli yutuqlar qoʻlga kiritildi. Viloyatimizda keng miqyosda bunyodkorlik, yaratuvchilik ishlari davom etib, shahar va qishloqlarimiz yanada chiroy ochdi. Qator yirik sanoat korxonalari oʻz faoliyatlarini boshlab, ular eng zamonaviy dastgohlar, texnologiyalar bilan jihozlandi. Yangi ish oʻrinlari yaratildi. Yoshlar oʻzlari hoxlagan kasb-hunarlarni oʻrganib, ana shu sanoat korxonalarida samarali faoliyat yuritmoqdalar.  Ushbu yilning, ayniqsa, bahor va kuz fasllarida oʻtkazilgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi tadbirlarida yurtdoshlarimiz yanada faol ishtirok qildilar. “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasidagi tadbirlar mahallalardan boshlanib, markaziy koʻchalar, xiyobonlarda koʻplab mevali, manzarali daraxtlar oʻtqazildi. Yangidan bogʻlar, gulzorlar barpo etildi. Xorazm goʻzal, turfa gullarga burkangan holda yanada oʻzgacha chiroy ochmoqda.

Yil davomida viloyatimiz miqyosidagi barcha sohalarda oʻsish-oʻzgarishlar davom etib, sanoat, qishloq xoʻjaligi, tadbirkorlik, shuningdek, taʼlim, tibbiyot, madaniyat, sport, sayyohlik va boshqa barcha tarmoqlar, jabhalar ham jadal surʼatlar bilan rivojlandi.

Har bir kunimiz quvonarli lahzalarga, yutuqlarga boy boʻldi. Yurtimizda amalga oshirilayotgan ana shunday ulugʻvor ezgu ishlar ommaviy axborot vositalarida keng yoritilmoqda.

Viloyat hokimligining nashri boʻlgan – “Xorazm haqiqati” va “Хорезмская правда” gazetalarining ham har bir sonida yurtimiz ijtimoiy-iqtisodiy sohalaridagi keng miqyosdagi oʻsish-oʻzgarishlar, yangilanishlar, shuningdek, zamondoshlarimizning fidoyiliklari haqida muntazam ravishda maqolalar, lavhalar, reportajlar berib borilayapti.


“Xorazm haqiqati” va “Хорезмская правда” gazetalarining har bir sonini tayyorlashda, albatta, turli soha egalari, mutaxassislari, keng jamoatchilik vakillari, jamoatchi muxbirlar ham oʻzlarining dolzarb mavzulardagi materiallari bilan faol qatnashayaptilar. 2023 yilda ham ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda faoliyat yuritayotgan mutaxassislar, jamoatchi muxbirlar “Xorazm haqiqati” va “Хорезмская правда” gazetalarida oʻzlarining dolzarb mavzulardagi maqolalari bilan muntazam ravishda qatnashib keldilar. Bu esa gazetalarning yanada oʻqishli, rang-barang, taʼsirchan tarzda chop qilinishida alohida ahamiyat kasb etdi.


“Xorazm haqiqati” va “Хорезмская правда” gazetalari birlashgan tahririyati huzuridagi “Yosh jamoatchi muxbirlar mahorat maktabi” mashgʻulotlarida viloyatimizdagi umumtaʼlim maktablarining isteʼdodli oʻquvchilari, oliy taʼlim muassasalarining talabalari, shuningdek, qator mehnat jamoalarining mutaxassislari, xodimlari ham katta qiziqish bilan qatnashayaptilar. Tahririyatda har payshanba kuni oʻtkazilayotgan mahorat darslarida taniqli jurnalistlar yoshlarga jurnalistikadan saboqlar berishayapti. Shunisi quvonarliki, ushbu mahorat maktabining koʻpgina tinglovchilari bugun oliy taʼlim muassasalarining jurnalistika fakultetlarida tahsil olayaptilar.


Tahririyatimiz va Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat boʻlimi hamkorligida oʻtkazilayotgan mahorat maktabining har bir mashgʻuloti yoshlarga jurnalistika sohasi boʻyicha nazariy va amaliy bilimlarni, koʻnikmalarni berib borayapti. Jamoatchi muxbirlar tahririyatda gazetalarga maqola tayyorlash, ularni kompyuterda sahifalash hamda bosmaxonada chop etilishi jarayonlari bilan ham muntazam ravishda tanishayaptilar...


Bugun ertalab “Xorazm haqiqati” va “Хорезмская правда” gazetalari birlashgan tahririyati faoliyat yuritayotgan viloyat Kengashlar uyi binosiga gazetamizning jamoatchi muxbirlari, shuningdek, yil davomida oʻzlarining turli mavzulardagi materiallari bilan gazetalarimizda faol qatnashib kelayotgan turlisoha vakillari, mehnat faxriylari, qator maktablarning oʻquvchilari, sanʼat, adabiyot namoyandalari, tahririyatimiz huzurida faoliyat yuritayotgan “Yosh jamoatchi muxbirlar mahorat maktabi”ning tinglovchilari, keng jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari vakillari tashrif buyurdilar. “Xorazm haqiqati” va “Хорезмская правда” gazetalari – voha solnomasi : Yil sarhisobi va kelgusidagi ijodiy rejalar” mavzusidagi davra suhbati katta koʻtarinkilik bilan boshlandi.

        Davra suhbatida 2023 yilda gazetalar sahifalarida chop etilgan dolzarb mavzulardagi tahliliy maqolalar va ularda viloyatimizda amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorliklar, oʻzgarishlar, xalqimiz turmush farovonligini yanada oshirish maqsadida olib borilayotgan keng miqyosdagi amaliy ishlar, dasturlarning ijrosi izchil ravishda taʼminlanayotganligi yoritilganligi, vohamizda yil davomida xalqaro miqyosda oʻtkazilgan koʻrik-tanlovlar, festivallar, fan olimpiadalari, sport musobaqalari, ilmiy-amaliy anjumanlar, yoshlarning yutuqlari va boshqa barcha yoʻnalishlardagi maqolalar gazetalarning har bir sonida chop qilib borilganligi alohida qayd etildi. Albatta, bunda ushbu davra suhbatida ishtirok etayotgan eldoshlarimizning, yoshlarning ham munosib hissasi mujassamdir. 

Davra suhbatida soʻz olgan Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat boʻlimi raisi Oʻtkir Matqurbonov keng jamoatchilikning faol ishtiroki ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinayotgan maqolalarning yanada taʼsirchanligini oshirishini, tahririyatlarda “Yosh jamoatchi muxbirlar mahorat maktablari”ning faoliyat yuritishi iqtidorli yosh jurnalistlarni tayyorlashda ham oʻziga xos maktab ekanligini alohida taʼkidladi.

 - Masalan, mening oʻzim ham Hazorasp tumanidagi maktabda oʻqib yurgan paytimdayoq, ushbu gazeta tahririyati huzuridagi mahorat maktabi mashgʻulotlarida qatnashganman. Maqolalarim ham ushbu gazetada chop qilingan. Menimcha jurnalistika boʻyicha dastlabki saboqlar ham mana shunday “Mahorat maktablari”da shakllanadi. Ayni paytda ham ushbu gazeta anʼanani munosib davom ettirib, mahorat maktabi tinglovchilari safini yanada kengaytirib borayapti. Bu esa nafaqat gazeta, balki radio, televideniyelar uchun ham soha boʻyicha malakali mutaxassislar tayyorlashga yordam beradi, - dedi Oʻtkir Matqurbonov.


 Tadbirda soʻz olgan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzosi, “Urganch milliy tikuvchilik” oilaviy korxonasi rahbari Farogʻat Sadullayeva ham 30 yildan ziyod vaqt boʻldiki, “Xorazm haqiqati” gazetasiga har yili obuna boʻlib, uning har bir soni bilan yaqindan tanishib borayotganligini qayd etdi.

 - Ushbu yilda ham gazeta sahifalarida jamoamizning mehnat faoliyati, istiqbolli loyihalarni ishlab chiqarishga keng joriy etayotganligimiz, tikuvchilarning yutuqlari haqida doimiy ravishda maqolalar chop etildi. Gazetada oʻrin olgan surat-lavhalarni koʻrgan chevar qizlarimizning esa xursandchiliklari yanada oshdi. Gazeta bilan bundan keyin ham doimiy ravishda hamkorlik qilamiz. Sevimli gazetamizga kelgusi yil uchun ham obuna boʻldik. Gazeta - doimiy hamrohimizdir.


Tadbirda ishtirok qilgan “Nuroniy” jamgʻarmasi viloyat boʻlimi raisi Matkarim Jumaniyozov ushbu gazetalar vohamiz nuroniylarining eng qadrdon nashri boʻlib, otaxon va onaxonlar gazetaning har bir sonini orziqib kutishini taʼkidladi.

 - Men ham gazetalarning har bir sonini doimo oʻqib boraman. Obuna ham boʻlganman. Chunki unda yurtimiz ijtimoiy-iqtisodiy sohalari, nuroniylarimizning mahallalardagi faoliyati va boshqa mavzularda maqolalar berib boriladi. Ushbu yilda ham “Xorazm haqiqati” va “Хорезмская правда” gazetalarida koʻplab maqolalarim chop qilindi. Mazkur gazetalar nuroniylarimizning eng yaqin hamkori, doʻstidir, - dedi Matkarim Jumaniyozov.

 Shuningdek, tadbirda ishtirok etgan Xiva shahridagi Ogahiy ijod maktabi direktori Sarvarbek Abdullayev taʼlim muassasasining gazeta tahririyati ijodiy jamoasi bilan muntazam ravishda hamkorlik qilib kelayotganligini aniq misollarda qayd etdi.

 - Masalan, yaqinda Ogahiy bobomiz tavallud kuni arafasida gazeta tahririyati bilan hamkorlikda tashkil etilgan tanlovda viloyatimizdan 300 nafardan ziyod oʻquvchilar va oʻqituvchilar ham faol ishtirok qildilar. Tadbir yakunida gʻoliblarga tahririyatning Tashakkurnomasi va “Voha solnomasi” kitobi topshirildi.
Bir soʻz bilan aytganda, gazeta tahririyati bilan hamkorligimiz oʻzining samaralarini berayapti. Koʻpgina oʻquvchilarimiz kelgusida jurnalist boʻlish orzusida. Ular ushbu “Mahorat maktabi” tinglovchilaridir.
Yoshlarga tajribali jurnalistlar mashgʻulotlar oʻtkazishayapti. Kelgusida ham ijodiy hamkorlikni davom ettiramiz, – dedi Sarvarbek Abdullayev.


 Tadbir davomida Oʻzbekiston Ekologik partiyasi Bogʻot tumani Kengashi raisi Ulugʻbek Ibrohimov, Oʻzbekiston Respublikasi xalq artisti Shirin Ramazonova, Urganch shahridagi 6-son maktab direktori Muborak Jumaniyozova, Urganch shahridagi 5-son maktab direktorining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari Momojon Qurbonova, Xorazm viloyati hokimligi huzuridagi fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari xodimlarining malakasini oshirish boʻyicha oʻquv kursi direktori Ikrom Matkarimov, viloyat soliq boshqarmasi jamoatchilik bilan aloqalar shoʻbasi boshligʻi Romon Otajonov, Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi aʼzosi, taniqli sport sharhlovchisi Ikrom Xudoyberganov, Xonqa tumani madaniyat boʻlimi huzuridagi “Jayhun” xalq qoʻgʻirchoq teatri mutaxassisi, hunarmand Gulzoda Quryozova, taniqli ustoz sanʼatkor Yoʻldosh Tojiyev va boshqalar soʻzga chiqib, yil davomida gazetada turli mavzulardagi maqolalari bilan faol ishtirok qilganliklarini qayd etib va kelgusidagi ijodiy rejalariga toʻxtaldilar.

        Tadbir davomida “Xorazm haqiqati” va “Хорезмская правда” gazetalarining 2024 yildagi ijodiy rejalari haqida atroflicha axborot ham berildi.  

 Tadbirda yil davomida gazetalarimiz bilan doimiy ravishda ijodiy hamkorlik qilib kelayotgan jamoatchi muxbirlar, turli soha vakillari, “Yosh jamoatchi muxbirlar mahorat maktabi” tinglovchilari tahririyatning Tashakkurnomasi va sovgʻalari bilan taqdirlandilar.


        Tadbir davomida yangragan sheʼrlar, qoʻshiqlar, yallalar davraga yanada joʻshqinlik bagʻishladi. Oʻzbekiston Respublikasi xalq artisti Shirin Ramazonova, bogʻotlik mohir sozanda Yoʻldosh Tojiyev, serqirra isteʼdod sohibasi Anabibi Qurbonboyeva qoʻshiq va kuylari va raqslari bilan tadbir qatnashchilarini kirib kelayotgan Yangi yil bayrami bilan qutladilar.

Jamoatchi muxbirlarimiz, gazetxonlar, mushtariylar bilan bunday ijodiy uchrashuvlar, davra suhbatlari muntazam ravishda tashkil etiladi. Jamoatchi muxbirlarimiz gazetalarimizning yanada rang-barang, oʻqishli, taʼsirchan tarzda chop qilinishida bizning doimiy hamkorimizdir

  Soliyajon RAHIMBERGANOVA,

“Xorazm haqiqati” va “Хорезмская правда” gazetalari birlashgan tahririyati bosh muharriri.

Report Page