"Izlam" shoirlari haqida | Nazm kengashi hisobot ma’ruzasidan

"Izlam" shoirlari haqida | Nazm kengashi hisobot ma’ruzasidan

@akademnashr

***

Ilm-fan va ijodning barcha sohalarida yoshlarning iste’dodiga, tafakkuri va tasavvur ko‘lamiga umid qilinadi. Umid bilan qadalgan nihol bir kuni ulkan chinorga aylanadi. Tabiiyki, bunday nihollar parvarishi uchun suv va havo, yorug‘lik va rag‘bat zarur. Nazarimda, ayni zururatlardan bugungi yosh ijodkorlar yetarlicha foydalanishmoqda. Guruh-guruh bo‘lib Yozuvchilar uyushmasiga a’zo bo‘lishlar, dasta-dasta kitoblarining bosilishi, albatta, ularga e’tiborning amaldagi dalolati.


Yoshlar hayot va xayol yo‘llarida ijodni unutmasligi, qalamini qo‘lidan qo‘ymasligi lozim bo‘ladi. Odam hayotning qanchadan-qancha ko‘chalariga kirib chiqadi. Imzanadi – olg‘a yuradi, izlanadi – qalam suradi. Yoshlarning kitoblarini qo‘limga olib, shunday fikrlar xayolimga keladi. Darvoqe, men ularning ko‘plarining ismlari, taxalluslari, ba’zilarining matbuotda bosilgan she’rlari bilan tanishman. Ayrimlaridan adabiy davralarda she’r eshitganman. Ba’zi birlari talabalarim – bir-ikki soat saboq berganman. Nima bo‘lganda ham adabiyot — go‘zal san’at tilida gurunglashadigan odamlar o‘tasida begona yo‘q…


Bu yil Jontemirning “Jazba”, Xurshid Abdurashidning “Faqat u qoldi”, Feruza Xayrullayevaning “Tutqun”, Madina Norchayevaning “Qumaru”, Muhammad Siddiqning “Dugoh”, Rafiq O‘zturkning “Ichingda bahor”, Mirzohid Muzaffarning “Mahv” degan to‘plamlari “Akademnashr” nashriyotida bosildi. Bular davralarda she’rlar o‘qib yurgan, ayrimlarining avval kitoblari bosilgan, turli adabiy o‘zanlar sabab ko‘pchilik taniydigan yoshlardir.


Yoshlar she’ri hamisha va tabiiy ravishda ishqli, muhabbatli, hijronli, iztiroblidir. Yoshlikka xos, nafaqat yoshlikka, balki inson fitratiga xos bu ulug‘ tuyg‘u. Yoshlar “Muhabbat bu chiroyli tuzoq” (Jontemir), “Nolam – ishqqa so‘ngsiz qasida” (Xurshid Abdurashid), “Hamon o‘zgarmagan muhabbat rangi” (Muhammad Siddiq), deb yozishlari tabiiy.



Tasavvurimcha, Jontemir — jazbali, jazavali yurak shoiri. She’rlari tarkibida “Men o‘ttizga kirmay qaridim, Milyon yilki o‘lim navqiron” , “Qulga — qamchi, tog‘larga – shamol, Menga faqat hurlik yarashar”, “Oy – qayralgan tunning xanjari”, “Iymon – qilich, nafsni chop, Luqmangni yut halollab” kabi o‘ziga xos quyma misralari bor. “Qaynoqlarim – mahsuli she’r”, ha, uning qalb qaynoqlaridan she’r bunyod bo‘ladi. “Jarayon” she’rida yozadi:


“Erkalaydi shimol nafasi,

Ifor yog‘ar, rayhonni silkit.

Mening esa qo‘zg‘ar havasim

Zanjirini g‘ajiyotgan it”.


Hurlik — har qanday inson qalbida yashaydi. Jontemirning “Ziyorat” she’ridagi itlar bilan suhbatlari tabiiy va maroqli. Uning yaxshi she’rlari tarkibida keladigan bir qancha misralar o‘quvchini bezovta etishi ham bor gap.



Xurshid Abdurashidning ishqiy she’rlari dardli, gohida bu muhabbat tuyg‘usiga shartlar ham aralashadi:


“Firib berib ko‘ydira ko‘rma,

Firoq berib kuydir kuydirsang.

Yengil-yelpi suydira ko‘rma,

Oshiq qilib suydir suydirsang”.


Gohida Xurshidning his-tuyg‘ularini aqli izmiga o‘tadi. She’r shabnamdek billur va butun, she’r g‘unchadek yumuq va sirli. She’r daryodek toshqin va tog‘dek sokin. She’rning yuzlab ta’rifi bor. Xurshid fikricha, “She’r – iymonni toblovchi poklik” yoki “She’r – o‘zini izlayotgan Men…”. Bu tasavvur to‘g‘ri va rost, albatta…


Yoshlarda shiddat kuchli. Tafakkur va tasavvur sarhadlari gohida bepoyon ham. Ular izidan shunchaki yurib yetib bo‘lmaydi, har qanday odam chopib yugirmog‘i lozim. Bil’aks kunda o‘zgarayotgan dunyoning rangini, suvratini, manzaralari sezmay qoladi.



Yosh shoirlar uchun bolalikda bobolari aytgan o‘gitlari qadrli:

“Mana shu qirlar

bir kun tog‘ bo‘lar!

Agar odamlar

ustiga chiqqancha tepkilashmasa!”


Feruza Xayrullayevaning bu gapi menga ko‘chimliga o‘xshab ko‘rinadi. O‘yladim: agar qo‘llab quvvatansa, rag‘batlantirilsa, yozganlariga to‘g‘ri tashxis qo‘yib, xolis baho berilsa, albatta, bugungi yoshlar bir kuni adabiyotdagi “tog‘larga” do‘nadilar.


Zero, yoshlar qalbi billur va chinniga o‘xshaydi. Jarangi ham tiniq. Shu jarangdorlik va tiniqlikni orasta saqlash – chin shoirlar saodati. Ba’zan ularning she’rlarida oqqushlarning oy nuridan rang oladi (Rafiq O‘zturk), gohida g‘ussalar kuzdan ilgariroq keladi (Madina Norchayeva).


Biroq “Salom, ey olovtan jahannam”, deyish to‘g‘rimas. Jahannamdan panroh tilanadi, unga salomatlik tilanmaydi. Gohida Iblis yoki jinlar bilan oshno tutingan baytlar uchraydi.“O‘zim — g‘o‘ramanu yozganlarim — xas”, degan malomatlarda ham baho bor, albatta. Balki kamtarlik ham.


Yoshlarning she’rlarida ba’zan isyonli, gunohli, g‘ussali, dardli, jahannamli, dahriylik tilagan hollari uchraydi. Qo‘rqib ketadi odam. Tavba. Beixtiyor xursand bo‘ladi. Chunki tavba keladi biror misrada, umid uyg‘onadi biror o‘rinda…


Bahodir Karim, adabiyotshunos

To'liq maqola

Report Page