Issiqxona gazlari monitoringi, hisoboti va verifikatsiyasi (MRV) tizimi bo‘yicha seminar-trening bo‘lib o‘tdi

Issiqxona gazlari monitoringi, hisoboti va verifikatsiyasi (MRV) tizimi bo‘yicha seminar-trening bo‘lib o‘tdi


Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan Fransiya taraqqiyot agentligi hamda vazirlik huzuridagi “Yashil iqtisodiyot loyihalari markazi” bilan hamkorlikda “Iqtisodiyot tarmoqlarida issiqxona gazlari ajratmalari inventarizatsiyasi” mavzusida 22 kunlik onlayn seminar-treninglar tashkil etildi.

Ma’lumot uchun: ushbu seminar-treninglar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 5-iyundagi “O‘zbekiston Respublikasida “yashil” iqtisodiyotga o‘tishda milliy shaffoflik tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–213-sonli qaroriga muvofiq tashkil etildi.

Seminarda 70 dan ortiq vazirlik, idora va tashkilotlarning issiqxona gazlari ajratmalari bo‘yicha MRV tizimi doirasida ma’lumotlarni yig‘ish, qayta ishlash, tekshirish va topshirish uchun sohaga taalluqli tashkiliy mas’ul bo‘lim mutaxassislari ishtirok etishdi.

Seminar-treningdan ko‘zlangan asosiy maqsad Milliy shaffoflik (MRV) tizimi doirasida qamrab olinishi kutilayotgan vazirlik, idora hamda tashkilotlarning tegishli xodim va mutaxassislarini Birlashgan Millatlar Tashkilotining Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha doiraviy Konvensiyasi talablari asosida iqlim o‘zgarishiga qarshi chora-tadbirlarning monitoringini shaffof yo‘lga qo‘yish maqsadida yaratilgan yangi institutsional tizim bilan yaqindan tanishtirishdan iborat.

Seminar ma’ruzalari Fransiyaning CITEPA tashkilotining malakali ekspertlari tomonidan olib borildi. Onlayn treninglar davomida iqlim o‘zgarishi sohasidagi xalqaro hisobotlarning yangilangan mezonlari, issiqxona gazlari ajratmalari bo‘yicha hisobotni Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha hukumatlararo panel yo‘riqnoma va ko‘rsatmalari asosida tayyorlash, shuningdek, energetika, sanoat, qishloq xo‘jaligi va chiqindilarni qayta ishlash tarmoqlarida issiqxona gazlari ajratmalarini qisqartirish usullari kabi mavzular qamrab olinishi ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, joriy yilning sentabr-oktabr oylarida Milliy shaffoflik (MRV) tizimi onlayn platformasini joriy etish, undan foydalanish va platforma doirasida ma’lumotlarni shakllantirish bo‘yicha qo‘shimcha seminar-treninglar tashkil etish rejalashtirilgan.


Iqtisodiyot va moliya vazirligi

Axborot xizmati

Report Page