Isajon Sultonning “Boqiy darbadar” asariga taqriz.
Kumush Odina...oʻzlarining shundoq ham barhayotligini anglayolmasdan vaqt oʻtgan sayin juldurlashib borayotgan vujudda barhayotlikni istardi.
(Asardan parcha)

Har bitta asarimdan shaxsiy xulosa chiqaraman va uni hayotga tatbiq etishga urinaman. Har xil taqdirlarni solishtirib, hayotimga turli qoida va formulalar kiritaman. Har bitta asar men uchun katta hodisa hisoblanadi. Garchi avval ham asarlarni shunchalik qadrlab oʻqigan boʻlsam-da, bugun yana bir bor kitoblarning shunchaki zavq-shavq uchun yozilmasligini va oʻqilmasligini ich-ichimdan his qildim.
Umuman olganda, yozuvchi Isajon Sultonning asarlari menga hamisha oʻzgacha taʼsir qilgan. Bu jihatdan “Boqiy darbadar” alohidalik kasb etdi.
Dastlab asarning badiiy jihatlariga toʻxtalsam. Dilmurod Quronov bu asarni sinkretik usulda yozilgan deydi. Negaki, unda modernizm va postmodernizm elementlari uchraydi. Yana olim maqolasida bu asarni 50 betligini taʼkidlab, roman talablariga toʻliq javob bermasligi, yozuvchi Gʻarbda boshlangan yangilikka ergashib bu asarni roman deb ataganini aytib oʻtadi.
Nazarimda, asar koʻlam jihatdan yillarni emas, asrlarni qamrab olgan. Ibtido va xotima orasida oʻtib ketgan yillar ijodkor mahorati sabab sezilmay qolgan. Garchi asarni boshqaruvchi yakdil qahraman boʻlmasa-da, yakdil mavzu bor. Syujet va konfliktlar ham yetarlicha. Biroq yozuvchi tafsilot va shaxsiy munosabatlarga joy ajratmagani uchun asar hajmi kichraygan.
Endi undagi gʻoyalarga toʻxtaladigan boʻlsak, asardagi har bir fikr va har bir gapni alohida mushohada qilish mumkin. Men oʻzimga qattiq taʼsir qilgan gʻoyalarni aytib oʻtmoqchiman.
Dastlab boqiy darbadarlik va unga duchor boʻlganlar haqida yozsam. Asarda darbadar sifatida etikdoʻz olingan. Men esa asl darbadarlik va asl fojeani loʻlilar taqdirida koʻrdim. Ular makonsiz, millatsiz boʻlishidan tashqari dunyodagi koʻplab xalqlarning nafratiga giriftor boʻlgan. Shaxsan oʻzim ham moʻltoni (bizning hududda loʻlilarni shunday ataydi)larga jirkanish va kamsitish bilan qaraganman. Ishonchim komilki, sizlar ham moʻltonilarni yoqtirmaysiz. Oila aʼzolarim, katta yoshlilardan moʻltonilar haqida koʻp eshitganman. Ularning aytishicha, loʻlilar hozirgi kunda juda boy boʻlib, faqat oilaviy anʼana sifatida tilanchilik qilishadi. Balki chindan shundaydir (keyinchalik, koʻp bora ularning qoʻlida qimmatbaho telefonlarga koʻzim tushdi). Biroq manzilsiz, millatsiz yashash ayanchli qismat deb oʻylayman. Tarixiy maʼlumotlarga qaraganda, ular VI asrda Hindistondan bir maqsad bilan chiqib ketganligi, keyin ozuqalari tugagach tirikchilik koʻyida har yoqqa tarqab ketganligi aytiladi. Biroq bularni men bilaman, oʻzlari bilmaydi. Ular maqsadini unutgani kabi insoniy qiziqish va fikrlashlarini unutib yuborgan.
Meni oʻziga tortgan ikkinchi masala boqiylikdir. Etikdoʻz birgina qilmishi uchun shunday duoyibad qilindi. Aslida bu jazoga loyiqlar koʻp boʻlsa-da, bu qismat qora chumchuqlar galasini koʻrgan shu yigit chekiga tushdi. Yuqorida men keltirgan parchada katta maʼno yashirin. Chindan ham, insonga Tangri jannat va doʻzaxni eslatib, u yerda odamzod va jonzotlar abadiy qolishini aytgan. Shunday ekan, bu dunyodagi boqiylikning nima keragi bor?! Vaholanki, odamlar boqiylik uchun dorilar, eleksirlar tayyorlashgan; uzoq umr koʻrish uchun har xil sehrlar qilishgan. Bu oʻta nodonlikdir. Shu etikdoʻz qismatida koʻrishimiz mumkinki, inson uzoq yashasa hayotining mazmunini yoʻqotib qoʻyadi. Boqiylikka qoʻshilib, tushkunlik, yolgʻizlik ham insonga sherik boʻladi. Shunday ekan, har kim Alloh belgilagan umrga qanoat qilishi va bu umrni samarali ishlarga sarflashi kerak.
Uchinchi masala menga hammasidan ayanchli tuyuldi. Inson ilm-fan, texnologiya orqasidan yugurib xudosizlikka yuz tutayotgan bir paytda u kashf qilgan klon Xudoni topish, oʻzligini anglash uchun odamlardan qochib ketadi. Uning maktubi nafaqat professor Ziyoni, meni ham titratib yubordi.
“...Bunchalar quvvatli tartib berilgan va qatʼiy qoidalar asosida harakatlanayotgan tabiat bizsiz ham mukammal ravishda oʻz hayotida davom etmoqda, oʻzgartirishlarimizga va kashfiyotlarimizga muhtojligi yoʻq.
...Bu makonda boʻlishim Uning meni yaratishdan koʻzlagan irodasiga mos kelgani taqdirda, albatta qaytaman. Mos kelmagan taqdirda esa, mos keladigan makon va zamon izlayman.”
Bu klon odamzod yaratgan boshqa klonlardan farqli boʻlib, boqiy va mukammal edi. Odamalar uni oʻzlariga boʻysindirmoqchi edi. U esa Yaratgandan boshqaga boʻysinishni istamadi. U oʻzini Buyuk zot yaratganiga ishondi va uni izlay boshladi. Yana ahamiyatli jihati shuki, u kunchiqar tomon yaʼni Sharqqa yurib ketdi. Ustozimiz Ulugʻbek Hamdam bir maʼruzalarida “har qanday olim toʻgʻri harakat qilsa, u matematikmi, adabiyotchimi, bir nuqtada kesishadi” degandi.
Texnologiya ham oʻsha nuqtaga yetib bordi. Biroq bu nuqtani chizganlarning holi xarob. Shuning uchundir barchasi halok boʻldi.
Xulosa qilib aytganda, inson oʻzini qayta oʻnglashi, haqiqat yoʻliga qaytishi kerak.
Kumush Odina